Hayot surʼatining tezlashuvi deb atalayotgan bugungi globallashuv sharoitida maʼnaviy tarbiya iqtisodiy oʻsish, ilmiy tafakkur, maʼrifiy yetuklik kabi tushunchalar qatorida yetakchi oʻringa ega boʻlib turibdi. Chunki ayni shu sohada yuzaga kelayotgan muammolar boshqa sohalardagi muammolar yechimiga borib taqaladi.
Maʼnaviy tarbiyani toʻgʻri yoʻlga qoʻymay turib, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, jugʻrofiy va ekologik muammolarni hal qilib boʻlmaydi. Chunki bu muammolarning kelib chiqishi umummaʼnaviy tarbiyada yuzaga kelgan boʻshliq, beparvolik bilan bogʻliq.
Maʼnaviyat oqsasa ilmiy taraqqiyot toʻgʻri yoʻldan chalgʻishi mumkin – bugun dunyoning favqulodda isteʼdodli olimlari, tugʻma qobiliyat egalari sogʻliqni saqlash, atrof-muhitga zarar yetkazmaslik, inson maishiy turmushini yaxshilash muammolari bilan emas, zamonaviy qurol-yarogʻlar yaratish bilan shugʻullanmoqdalar.
Taassufki, inson aql-zakovatining yuksak samarasi boʻlgan internet omborlari behayolik, zoʻravonlik, bosqinchi va talonchilik, zino va boshqa illatlar bilan toʻlib-toshgan. Matbuot xabarlariga qaraganda, bu tizimda yoshlarni oʻz-oʻzini, boshqa gunohsiz odamlarni oʻldirishga oʻrgatuvchi son-sanoqsiz saytlar bor ekan.
Maʼnaviyat bir chetga surib qoʻyilsa, yangi boylar xayr-sahovat, muruvvat yoʻlini qoʻyib, hoyu havasga, tuturiqsiz xarajatlarga beriladilar, bemaʼni urf-odatlarni oʻylab topadilar va shu ishlari bilan nom qozonadilar.
Dunyo dunyo boʻlib, pul, boylik yuzaga kelganidan beri hech bir boyvachcha “Boʻldi, mol-mulkim oshib-toshib ketdi, boshqalarga ham qolsin”, degan emas. Maʼnaviyatli kishi, agar uning atigi bir kunlik rizqidan boshqa hech vaqosi boʻlmasa ham, shukr qiladi, shu rizqni ogʻziga solayotib, boshqalar toʻgʻrisida ham oʻylaydi.
Bundan anglashiladigan xulosa shuki, endilikda dunyoni kuch, boylik, qurol-yarogʻ, doʻq-poʻpisa emas, imon-eʼtiqod, fahm-farosat, aql-idrok, taʼlim-tarbiya bilan mujassamlashgan maʼnaviyat qutqaradi. Koronavirus pandemiyasi inson hayotida kutilmaganda gʻaroyib holatlar ham yuz berishi mumkinligini oshkor qildi.
Ulardan biri – tojdor virus hamlasi payti hisobsiz boylikka ega kishilar ham bu ofatdan chetda qolmadilar. Xalqona aytganda, “Bir kaft bugʻdoy osh boʻldi, tilla, kumush – tosh boʻldi”.
Shu sababdan ham bugun dunyoda kechayotgan murakkab jarayonlarni tahlil qilishda ularga, eng avvalo, maʼnaviyat koʻzi bilan qarash, hayotimizga kirib kelayotgan, turmush tarzimizga singdirilayotgan “qoida”lar kimga va nimaga qaratilganini aniqlash, aholi turli qatlamlariga taʼsirini oʻrganish, milliy manfaatlarimizga, hayot tarzimizga zid jihatlarini ochib berish, va, tabiiyki, zarur choralar koʻrish muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugungi dunyoning oʻziga xos xususiyati shundaki, rivojlangan, iqtisodi baquvvat davlatlar ham, bu yoʻlga endi-endi kirib kelayotgan mamlakatlar ham oʻzaro hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyishda, oʻzining shaxsiy manfaatidan kelib chiqadi.
Yirik davlatlar iqtisodi endi-endi oyoqqa turayotgan mamlakatlarga maʼlum maʼnoda iqtisodiy, siyosiy va boshqa bosim ham oʻtkazadi. Iqtisodiy tazyiqni sezish oson, ammo mafkuraviy tazyiq koʻrinmas bir ofat yangligʻ xalq, millat hayotiga pistirib kirib keladi va ildiz otadi. Iqtisodiy tanglikni yengish mumkin, ammo maʼnaviy tanazzul oqibatlarini tugatish gʻoyat murakkab vazifa.
Demak, milliy tiklanishdan milliy yuksalish yoʻliga oʻtayotgan Oʻzbekiston uchun maʼnaviy tarbiya bugun har qachongidan koʻra ham ahamiyatlidir. Davlatimiz rahbarining qarorida bu borada amalga oshirilishi lozim boʻlgan birlamchi muhim vazifalar belgilab berilgan.
Shu bilan birga, olib borilayotgan keng koʻlamli tadbir-choralarga qaramasdan maʼnaviy-maʼrifiy islohotlarning samarasiga toʻsiq boʻlayotgan tizimli muammolar saqlanib qolayotgani sabablari aniq-ravshan koʻrsatib berilgan. Chunonchi, maʼnaviy-maʼrifiy tarbiya ishini tashkil etishda yaxlit samarali, taʼsirchan tizim mavjud emas, milliy taraqqiyot bilan bevosita bogʻliq bu jarayonga dahldor ilmiy-tadqiqot ishlari sust olib borilmoqda, hokimliklar, fuqarolik jamiyati va mahalla institutlari, xususiy sektor hamda ommaviy axborot vositalarining ijtimoiy hamkorligi yoʻlga qoʻyilmagan.
Boz ustiga, hokimlik, vazirlik va boshqa rasmiy idoralarning ayrim rahbarlarida maʼnaviyat masalalari bilan shugʻullanishga, OAV imkoniyatlaridan unumli foydalanishga, mavjud muamolarni birgalikda hal etishga xohishning oʻzi yoʻq. Ular matbuotni ortiqcha tashvish keltiradigan, kamchilik va nuqsonlarni oshkor qiladigan vosita deb tushunadilar va shu sababli gazeta-jurnal oʻqimasliklari bilan boshqalardan ajralib turadilar.
Davlatimiz rahabarining qarorida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirishning ustuvor yoʻnalishlari sifatida, birinchi navbatda, “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” gʻoyasini umummilliy harakatga aylantirish, oila, taʼlim tashkilotlari va mahallalarda maʼnaviy tarbiyaning uzviyligini taʼminlash vazifasi qoʻyilgan.
Bunda maʼanviy tarbiya bilan bogʻliq ishlar maʼlum hududlarda emas, butun mamlakatda yaxlit olib borilishi va hamma joyda talab darajasidagi samaraga erishilishi koʻzda tutiladi. Shundan kelib chiqib, maʼnaviy tarbiya bilan bogʻliq targʻibot-tashviqot ishlari qanday samara berayotgani bilan shugʻullanuvchi doimiy monitoring tizimi joriy etiladi.
Muhim vazifalardan yana biri – el-yurt taqdiriga loqayd, ish uslubida mahalliychilikka, urugʻ-aymoqchilikka, tanish-bilishchilikka yoʻl qoʻyadigan rahbarlar bilan murosasiz boʻlish. Bu illatlar alohida bir mamlakatda bugun yoki kecha paydo boʻlgan emas.
Ular hamma joyda va hamma vaqt ijtimoiy adolatning buzilishiga, halollik va vijdoniylik ildizlarining sustlashishiga, oshkoralik qolib, imi-jimida ish bitirishga sabab boʻladi. Shu bois, davlatimiz rahbarining yangi xalqchil siyosatida bunday nomaqbul holatlarga barham berish muhim oʻrin tutadi.
Qarorda madaniyat, adabiyot, kino, teatr, musiqa va sanʼatning barcha turlari, noshirlik-matbaa mahsulotlari, ommaviy axborot vositalarida maʼnaviy-axloqiy mezonlar, milliy va umuminsoniy qadriyatlarning ustuvorligiga erishish, geosiyosiy va mafkuraviy jarayonlarni muntazam ravishda oʻrganish, terrorizm, ekstremizm, aqidaparastlik, odam savdosi, narkobiznes va boshqa xatarli tahdidlarga qarshi samarali gʻoyaviy kurash olib borish vazifasi ham qoʻyilgan.
Toki shunday ekan, bu kurashni tashkil etishdagi nomutanosibliklar – bosma nashrlarning joylarga, ayniqsa, oʻquv yurtlariga oʻz vaqtida va izchil yetib borishini taʼminlash, buning uchun pochta xizmatlarining asossiz oshib borishiga yoʻl qoʻymaslik, oʻrta taʼlim maktablari kutubxonalarini maʼnaviy-maʼrifiy nashrlar bilan doimiy ravishda toʻldirib borish talab etiladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev aytganidek, bunday jurnallarni oʻqimagan yoshlarni maʼnaviy yetuk insonlar etib tarbiyalash qiyin.
Qarorda Maʼnaviyat va maʼrifat Kengashi oldiga milliy gʻoya targʻibotida sohalar va hududlarning oʻziga xos xususiyatlarini inobatga olish, aniq maqsadga yoʻnaltirilgan targʻibot-tashviqot dasturlarini ishlab chiqish, aholi, ayniqsa, yoshlarni islom dini va falsafasiga, boshqa diniy konfessiyalarga hurmat-ehtirom va bagʻrikenglik ruhida tarbiyalash, millatlararo totuvlik va oʻzaro mehr-oqibat muhitini yana-da mustahkamlashga qaratilgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni amalga oshirish, matbuotda ilmiy-ijtimoiy mavzularda maqolalar eʼlon qilish vazifasi qoʻyilgan.
Bunda jamoatchilikning eʼtiborga molik taklif hamda fikr-mulohazalarini inobatga olish, mafkuraviy jarayonlar tahlili, sohaga oid yangiliklarni toʻplash, tayyorlash va tarqatishga alohida eʼtibor berish zarur boʻladi. Hududlarning oʻziga xos xususiyatlari deganda maʼnaviy targʻibot ishiga jalb etilgan voizlar maʼruza matnini tayyorlashda har bir tuman, qishloq yoki chekka bir hududning jugʻrofiy joylashuvi, etnik tarkibi, muammolari va boshqa jihatlarni hisobga olishi, maʼruzani mahalliy fakt va raqamlar, ayni shu hududda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari, davlat dasturlarida koʻzda tutilgan rejalar bilan boyitishi talab etiladi.
Bu yoʻnalishda “Maʼnaviyat targʻibotchisi” taʼlim muassasasi negizida Markaz huzurida tashkil etiladigan Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti tashabbuskor boʻlishi talab etiladi.Shu oʻrinda ushbu vazifalarning bajarilishiga dahldor mutasaddilar eʼtiborini bir holatga qaratib oʻtmoqchiman. Bizda, yuqorida keltirib oʻtilgan illatlarga qoʻshimcha, yana bir gʻaroyib illat ham bor. Boshqacha atash mumkin emas.
Bu – koʻzboʻyamachilik. Yaʼni, “Falon vazifani bajarish yuzasidan falon-falon ishlar qilindi, falonta tadbir oʻtkazildi, ularda falon ming kishi qatnashdi” qabilida yuqoriga soxta, yarim yolgʻon hisobot yoʻllash. Bir misol. Keyingi oʻn yilda oʻtkazilgan umumxalq hasharlarida ekilgan mevali va manzarali daraxtlarning umumiy soniga nazar tashlasak, agar ularning har oʻntadan bittasi koʻkarganida ham, bugun mamlaktimizda bogʻ boʻlmagan bir qarich yer qolmasdi. Taassufki, bunday emas.
Bugun kutubxonalarni maʼnaviy-maʼrifiy nashrlar bilan toʻldirish masalasida ham shunday boʻlmoqda. Baʼzi viloyatlardan olingan maʼlumotlarda aks etgan raqamlarni oʻrganar ekanmiz, madaniy-maʼrifiy jurnallarga rasmiylashtirilgan obunaning aksariyati bir oylik ekani maʼlum boʻldi. Bu bilan kim kimni aldamoqda?
Mazkur qarorlarga binoan Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi “Ijod” jamoat fondi negizida Maʼnaviyat va ijodni qoʻllab-quvvatlash maqsadli jamgʻarmasi tashkil etiladi. Jamgʻarmaga “Uzluksiz maʼnaviy tarbiya konsepsiyasi” asosida maktabgacha taʼlim, umumiy oʻrta taʼlim, oʻrta maxsus va oliy taʼlim bosqichlari uchun metodik qoʻllanma, uslubiy tavsiyalar, maʼnaviy-axloqiy tarbiya nazariyasi va metodikasini boyitishga qaratilgan ilmiy-amaliy adabiyotlar yaratish, milliy merosimiz, buyuk ajdodlarimizning jahon tamadduniga qoʻshgan ulkan hissalarini dunyo miqyosida targʻib qilishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish, adabiyot va kitobxonlikni har tomonlama rivojlantirish, faol ijodkorlarni moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash vazifasi yuklanadi.
Bugun dunyoda iqtisodiy sohada – oʻzga mintaqalardagi tabiiy boyliklar ustidan nazoratni qoʻlga kiritish, mafkuraviy sohada — turli xalqlarning asrlar davomida shakllangan turmush tarzini oʻz manfaatlari yoʻlida “isloh” qilish, yoshlar ongi va qalbini egallash, ularni toʻgʻri yoʻllardan chalgʻitish kabi nosogʻlom xatti-harakatlar tobora kuchayib bormoqda.
Bunday harakatlar bir qarashda koʻzga uncha tashlanmaydigan, deyarli beozor boʻlib koʻrinadigan va hatto qiziqarli, jozibali shakllarda olib boriladi. Moddiy manfaatdorlik vaʼda qilinadi.
Hayotiy tajribasi yetarli boʻlmagan yoshlar bunday “joziba”ga tez mahliyo boʻladilar va oʻzlari bilmagan holda kimlarningdir toʻriga ilinib qoladilar. Yoshlarni bunday halokatdan asrashda badiiy adabiyot, maʼnaviyat va maʼrifat targʻiboti xaloskor kuchga aylanadi.
Ahmadjon Meliboyev,
”Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzosi