Bugungi dunyo ahlining aksari ham ikki asrning, ham ikki ming yillikning guvohi boʻlgan noyob avlod. Darhaqiqat, avvalgi asr, avvalgi ming yillik hozirgisidan tubdan farq qiladi. Nazarimizda, dunyo hech bir asrda XX asrdagidek koʻp foyda ham, koʻp zarar ham koʻrmagan. Biroq uning tafsilotlarini sanab oʻtirish fursati emas. Gap hozirgi davrda muomalada turgan inson falsafasi haqida.
Bir donishmanddan soʻrashibdi:
«Bashariyat tarixida eng koʻp oʻrganilgan jumboq qaysi?». U “Inson” deya javob beribdi. Rostdan ham shunday. Eng quyuq oʻrmonlarda yashovchi mavjudotlarning turmush tarzini kuzatish mumkin, eng chuqur suvliklardagi dengiz mavjudotlari harakatlarini oʻrganish mumkin, biroq inson qalbiga koʻzgu tutib boʻlmaydi.
Bugun baʼzi olimlar sunʼiy ong taʼsirida inson tuygʻularini oʻqish mumkinligini iddao qilmoqda. Biroq qancha isbot keltirilmasin, bu iddaolar oʻz tasdigʻini topganicha yoʻq. Katta ehtimol bilan topmaydi ham. Sababi, inson qalbi ilohiy yaratiq, uning algoritmlari faqatgina Yaratganga ayon. Gap isboti bilan boʻlishi uchun sunʼiy ong asosida dasturlashtirilgan platformaga «Sunʼiy ong orqali inson qalbini uqish mumkinmi?» deya savol yubordik. Uning javobi esa quyidagicha:
«Sunʼiy intellekt inson qalbini toʻgʻridan toʻgʻri oʻqiy olmaydi. Yuz ifodalari, ovoz toni yoki matn kontekstini tahlil etib, his-tuygʻularni taxmin qilishga yordam beradi. Bu texnologiyalar muayyan holatlarda foydali boʻlishi mumkin, lekin ularning aniqligi har doim kafolatlanmaydi, chunki inson his-tuygʻulari murakkab va koʻp qatlamlidir».
Dunyo inson tafakkuri erishishi mumkin boʻlgan eng yuqori nuqtaga yetdi, deyishga ertadir, sababi, tafakkurning chegarasi yoʻq. Biroq ana shu nuqtagacha ham aql kuchi allaqachon koʻplab maʼnaviy ustunlarimizga zarba berib ulgurgandek. Chetdan nazar solib, zamonaviy dunyoga aql va ruh jangi deya taʼrif berging keladi. Oʻzimiz ham bu jang ishtirokchisi boʻlganimiz sabab mulohaza qilishga qiynalamiz, kelajakni bashoratlashda ikkilanamiz.
Bir tanishim savol berdi: “Zamondan himoyalanishning iloji bormi?”. Men “Yoʻq”, deb javob berdim. U esa “Iloji bor, kerakli narsalarni olasanu, biror gʻorga kirib, uzlatga chekinasan hamda oʻsha yerda yashayverasan”, dedi. Mening javobim esa bunday boʻldi: “Odamlar senga yaqin yerlarda turli-tuman zavodlar qurishadi va ulardan chiqqan zaharli gazlar sening ham umringni qisqartiradi”. Tanishim shundan keyingina yanglish fikrlayotganini tan oldi. Darhaqiqat, zamon hammaga birdek yuqadi, undan qochib qutulmoqning chorasi yoʻq — sharoitni oʻzgartirish mumkin, xolos. Gapimizning ham qoʻri shu — bizning hozirgi sharoitimiz qanday? Shunchaki isteʼmolchimi yoki tarqatuvchi?
Ilk kompyuterlar yaratilganda texnologiya sohasida inqilob roʻy bergan. Unga ayrim mamlakatlar kundalik va tijoriy yumushlarni osonlashtiradigan vosita sifatida qaragan boʻlsa, boshqalari uchun ular haqiqiy ilhom manbai edi. Demak, bundan ham zoʻrlarini yaratish mumkin! Qaysi tarafning gʻolib kelganini esa bugunning oʻzi isbotlab turibdi. Taassufki, biz istiqomat qilayotgan mintaqa xalqlari ham birinchi toifada qolib ketdi. Yaʼni biz avvalboshdanoq axbo-
rot olamida isteʼmolchi boʻlishni afzal koʻrdik. Buning jabrini esa hali uzoq yillar davomida chekishga majburmiz. Agar bugungi globallashuvda faqatgina kashfiyotlar bilan yashab qolish mumkinligini tushunib yetmasak, axborotga qarshi umummintaqaviy immunitetimizni shakllantirmasak, axborot texnologiyalariga shunchaki soha sifatida emas, tarmoq sifatida qarashni rivojlantirmasak. Bunga tayyormizmi? Hamma gap shunda.
Biz kelajakni qanday tasavvur qilamiz? Agar bu savol bilan yoshlarga yuzlansangiz, ular kelajakni iqtisodiy erkinlikka erishganlik, oilasiga yengil hayotni tuhfa qila olish imkoniyatiga egalik koʻrinishida tasavvur qiladi. Kattalarda esa ahvol bundan ham qiziqroq — ular farzandli boʻlishi bilanoq kelajakni farzandlari kamolotida deb hisoblay boshlaydi. Darvoqe, “Men erishmagan maqsadlarimga bolalarim erishsin”, degan tasalli ham koʻproq bizga xos boʻlsa kerak.
Axir inson aqliy quvvatining oʻndan birini ham sarflamay turib, “taslim boʻlish” qanchalik adolatdan boʻladi? Bu irodasizlikmi yoki milliy immunitet? Endi oʻylab koʻraylik.
Qashshoqlik ongimizdan boshlanib turgan bir pallada biz qanday qilib boy mamlakatlar safiga kira olamiz? Nahotki iqtisodiy erkin boʻlishning oʻzigina butun hayotingizni tikishga arzisa? Nahotki bizda ota-ona boʻlish barcha orzu-maqsadlar va insoniy quvvatni shunchaki qurbon qilib qoʻyaverish boʻlsa?
Koʻrinib turibdiki, dunyoqarashlarimizda kamchiliklar yoʻq emas. Insoniyatning eng haqli talabi tenglikdir. Dunyoviy ilmlar ham, ilohiy ilmlar ham hech nuqtada buni inkor qilmaydi. Yaʼni dunyoning qaysidir burchagida suvsizlik sharoitida yashayotgan bolakay qayerdadir obi hayotni keragidan ortiq sovurayotgan boladan tejamkorlikni talab qilmoqqa haqqi bor. Erkinlik, tasavvur, tabiiy resurslar modomiki umumiy mulkimiz ekan, undan barchaning teng foydalanishi adolatdan boʻladi. Biroq bugungi dunyoning ahvoliga qarab, bu qonuniyat toʻla ishlamayotganiga guvoh boʻlamiz.
Shu oʻrinda har bir inson tabiiy huquqlaridan foydalanishni rad qilishgada birdek haqli. Zotan, birov birovning shaxsiy chegaralariga daxl qilishga insoniy vakolati yoʻq. Dunyo turli tazyiqlar maydoniga aylanib ulgurdiki, kuchlilar kuchsizlarga qarata turli gʻoya va mafkuralarni ayovsiz otayotir.
Bu esa, shak-shubhasiz, inson falsafasining buzilishi hisoblanadi.
Ushbu gʻoyalar ichida eng achinarlisi esa insonni oʻz mohiyatidan uzoqlashtirishga harakat qilinayotganidir. Shulardan biri, masalan, kvadrobika. Bu submadaniyat ijti-
moiy tarmoqlar orqali 2020-yildan buyon tarqala boshlagan. Uning asoschisi boʻlgan yaponiyalik shaxs hayvonlarga taqlid qilgan videolavhalarini internetga joylashtiradi hamda boshqalarni ham bunga targʻib qila boshlaydi. Bora-bora bu “odat” ommalashib, kvadroberlar soni oshib bordi. Maʼlumotlarga koʻra, dunyoning ayrim davlatlarida kvadrobika boʻyicha musobaqalar ham oʻtkazila boshlangan. Taassufki, bu submadaniyatning kasofati mamlakatimizgacha yetib keldi.
Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolavhalarda poytaxt koʻchalarida ayni “odat”ning qurboniga aylangan bolakay harakatlarini koʻrishimiz mumkin.
Ichki ishlar vazirligi xabarida soʻnggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda yoshlar oʻrtasida oʻzini muayyan hayvon qiyofasida aks ettiruvchi aksessuarlardan foydalangan holda oʻsha jonzot xatti-harakatlariga taqlid qilish koʻrinishidagi kvadroberlik submadaniyati namoyon boʻlayotgani aytilgan.
Qayd etilishicha, bu kabi voqealar Qozogʻiston, Rossiya va Ukraina yoshlari orasida ham kuzatilgan. Achinarlisi, bunday nomaqbul harakatlar Toshkent shahrida ham koʻzga tashlanmoqda. Xususan, 10-oktyabrda hayvonlar qiyofasidagi niqoblarni taqib olgan kvadrober yurganini koʻrishgan, 11-oktyabrda esa yana bir kvadrober yoʻlovchilarga itga taqlidan hujum qilgan, voqeaga guvoh boʻlgan bola qattiq qoʻrqib ketgan.
Ichki ishlar vazirligi ota-onalarni oʻz farzandlarini har tomonlama barkamol qilib tarbiyalash boʻyicha oʻzlarining maʼnaviy burchlari va qonuniy majburiyatla-
rini bajarishga chaqiradi. Bola huquqlari kafolatlarini taʼminlashga masʼul organlardan biri sifatida vazirlik shunday submadaniyat namoyon boʻlishi holatlari ota-onalar tomonidan oʻz majburiyatlarini bajarmaslik sifatida malakalanishini maʼlum qilgan.
Xoʻsh, bu submadaniyat asosida nima yotadi?
Tavsifni choʻzib oʻtirmasdan qisqa qilsak, ular insonlik qiyofasidan chiqib, hayvonlarga xos turmush tarzini targʻib qiluvchilardir. Maymundek sakrash, itdek tashla-
nish, mushukdek ovqatlanish va hokazo. Endi eslang, Darvin ismli olim va uning inson maymundan tarqagan, degan nazariyasi bor. Bu nazariya koʻplar tomonidan rad qilib kelingan va kelinadi. Nega? Chunki u insonni oddiy biologik mavjudot sifatida tasvirlab, ilohiy yaratiq ekanini inkor qiladi. Bir soʻz bilan aytganda, darvinchilar Xudoni rad etadi. Agar mulohaza qilib koʻrsak, kvadrobika asosida ham ayni shu gʻoya yotibdi. Yaʼni insonni mohiyatidan mosuvo qilib, unga hayvoniy nisbat berish. Etni jimirlatib yuboradigan bu xulosa ayni submadaniyatning qanchalik salbiy ekanini koʻrsatadi. Agar odamzod bundan oʻz vaqtida himoyalanmasa, badali nihoyatda ogʻir boʻladi.
Hamkasbim hikoya qiladi: «Farzandlarim oʻrtasida taxminan bunday suhbat boʻlib oʻtdi.
— Ishonasanmi, haqiqiy mushukka oʻxshab miyovladi. Maysa ustida toʻrt oyoqlab yurdi.
Hatto oʻrtogʻi uning boʻynidan tasma bilan bogʻlab ham olgan.
— Opa, ehtiyot boʻling. Ular sizga tashlanib ham qolishi mumkin edi.
Bu suhbatni yaxshi tushunib olish maqsadida farzandlarimning muloqotiga shunchaki quloq musofiri boʻlib kelayotgan edim, gap shu yerga kelganda birdan hushyor tortdim.
Ochigʻi, qoʻrqib ketdim.
— Kim haqida gapiryapsan? Kim tashlanib qolishi mumkin edi?
— Maktabimiz oldidagi koʻp qavatli uylar hovlisida kvadrober qizlar yurgan ekan. Taxminan biz tengi (demak, 10-12 yoshlar chamasi), — deya suhbatga oydinlik kiritdi u. Ehtimol, shunchaki oʻynab yurgan qizlardir, deya oʻzimni tinchlantirib, internetdan kvadroberlar haqida maʼlumot izlay boshladim: kvadrobika — bolalar va oʻsmirlar orasida ommalashgan trend boʻlib, xobbi, submadaniyat va fitness qorishmasi. Kvadroberlar hayvonlarning niqoblarini kiyadi, dum taqadi va hayvonlarga taqlid qilib, toʻrt oyoqda yuradi va sakraydi... Bundan tashqari, buning salbiy oqibatlari haqida ekspert va psixologlar tavsiyalari, xavotirlari... Savol tugʻiladi: mushukka taqlid qilayotgan qizaloqlarning ota-onasi qayerda? Ular ish bilan band boʻlsa, qoʻni-qoʻshni yoʻqmi ogohlantiradigan? Ehtimol, bolalar buni internetda koʻrib, shunchaki oʻyin deya qabul qilayotgandir? Biroq xavfsizligimizga masʼul vazirlik bizni ogohlikka chorlayotgan ekan, demak, farzandlarimizga, hayotimizga yana bir xatar xavf solmoqda.
Ogoh boʻlishimiz shart!».
Odamzodni insoniy mohiyatidan ayirishdan nima naf? Bu aslida juda ogʻir savol. Axir bu kimga kerak?! Gap shundaki, dunyoda butun odamzodni boshqarish ilinjida yurgan goh oshkor, goh pinhon kuchlar bor. Ular baʼzan davlat, baʼzan tashkilot koʻrinishida namoyon boʻlaveradi. Lekin bu maqsadga erishish oson ekanmi? Zinhor! Agar bashariyat sogʻlom tafakkur qilishda davom etar ekan, millatlar oʻz tarixiga chuqur hurmat ruhida umr kechirarkan, bu gʻayrioddiy maqsadga erishishning imkoni yoʻq. Bular uni juda yaxshi anglaydi. Insonning ruhini oʻldirmay turib, uni jismonan yalpi yoʻqotish ilojsiz.
Demak, hujumning asosiy nishoni — inson ruhi. Maqsad — uni falajlantirish. Bu yoʻlda esa ular ish berishi mumkin boʻlgan barcha vositalarni qoʻllashga tayyor. Dinmi, tarixmi, tilmi, oilami — inson ruhiyatining asosi boʻlgan bu xilqatlar dengiziga balchiq toʻkmoq va uni loyqalatmoq lozim.
Insoniyatning ongli vakillari tomonidan yakson etib kelinayotgan illatlarning tub ildiziga nazar solishning oʻziyoq yuqoridagi mulohazaga tasdiq yasaydi. Nega ular aynan ruhiyatni nishonga oldi deb oʻylaysiz? Sababi, insoniyat oʻtgan asrda shunchalik yuqori tafakkur darajasiga erishdiki, bu bevosita ikki Renessansning uzoq muddatli hosilasi edi. Endi insoniyatni har doim ham moddiy fitnalar bilan chalgʻitib boʻlmasdi. Shu tufayli barcha xurujlar koʻrinmaslik kasb eta boshladi. Endi yangi dunyoga yangi Renessans kerak.
Yurtimizda ilgari surilayotgan Uchinchi Renessans gʻoyasi asosida ham bugungi dunyo ishlariga qarshi immunitet hosil qilish maqsadi yotgan boʻlsa ajab emas. Zero, insoniyatni mushkul muammolardan hamisha maʼrifat qutqargan. Ammo ana shunday zalvarli tashabbusga millat vakili sifatida koʻpchiligimizning javobimiz koʻngildagidek emasday. Axir buning ham tub ildizida mintaqa ahlining insoniy tafakkurini himoya qilish yotibdiku! Buni har birimiz toʻgʻri anglab, zarur xulosalar chiqarmogʻimiz lozim.
Zamon shiddat-la odimlayotgan, texnika taraqqiy etayotgan boʻlsada, insoniyat mazmunga hamisha ehtiyoj sezadi. Mazmun boʻlmas ekan, maʼnaviyat moddiyatga evrilishda davom etaveradi. Moddiyatdan iborat boʻlgan mavjudotlarni esa robotlar deb ataymiz. Oʻzimizning ulardan farqimiz qolishi uchun insonligimizni har lahza his etmogʻimiz, uning mohiyatini himoya qilmogʻimiz, shuningdek, kelgusi avlodlarga targʻib qilib, yetkazmogʻimiz lozim. Zero, inson falsafasining asoslaridan biri ham, shubhasiz, shu.
Jonibek ALIJONOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri