Keyingi yillarda yurtimizda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida hududlar infratuzilmasini yaxshilash, obodonlashtirish, ko'kalamzorlashtirish, qishloqqa sanoatni olib kirish orqali aholi bandligini ta'minlash bilan bog'liq muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbari g'oyasi va tashabbusi asosida 2018 yilda boshlangan bu xayrli ishlar natijasida bugungi kungacha 5 millionga yaqin aholi yashaydigan 1200 ta mahalla va qishloqda sharoit yaxshilandi. Tabiiyki, bu chora-tadbirlar tufayli qishloqlar tobora chiroy ochmoqda. Obod xonadon, obod mahallada yashayotgan odamlarning ham hayotga munosabati o'zgarib, islohotlarga daxldorlik tuyg'usi kuchayib borayotir.
Prezidentimizning kuni kecha qabul qilingan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori bu boradagi ezgu ishlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga ko'tarish, xalqimizni rozi qilishda yana bir muhim qadam bo'ldi.
Aytish kerakki, hududlar infratuzilmasi masalasida uzoq yillar mobaynida jiddiy muammolar to'planib qolgan edi. Buning natijasida shahar va qishloqlarimiz qiyofasi zamon talabidan orqada qolib ketdi. Toza ichimlik suv etishmasligi, yo'llar nosozligi, elektr ta'minotidagi tez-tez uzilishlar aholining haqli e'tiroziga sabab bo'lar edi. So'nggi yillarda bu borada katta o'zgarishlarga bel bog'landi, davlat dasturlari doirasida qator loyihalar bajarilmoqda.
Prezidentimiz raisligida shu yil 24 mart kuni “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida joriy yilda amalga oshiriladigan ishlar muhokamasi yuzasidan o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida bu jabhadagi ishlar atroflicha tahlil etilib, vazifalar belgilab berildi.
Qishloqlarda tegishli infratuzilma bo'lsagina hayot sifati o'zgaradi, tadbirkorlik rivojlanadi. SHu sababli bu yil “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari yangi yondashuvlar asosida shakllantirildi. Bajarilishi lozim bo'lgan ishlar aholi talabidan kelib chiqib belgilab olindi. Bunda obodonchilik bilan bir qatorda ish o'rinlari tashkil etish, aholini kambag'allikdan chiqarish masalalari ham ko'zda tutilgan.
Qarorga muvofiq, tuman va shaharlardagi 7794 ta qishloq va mahallada umumiy qiymati 20,8 trillion so'mlik, jumladan, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 4,8 trillion so'mlik qurilish-ta'mirlash va obodonlashtirish ishlari bajariladi.
Mazkur dasturlarni shakllantirish uchun har bir qishloq va mahalladagi holat, aholini qiynayotgan muammolar uyma-uy yurib o'rganildi. Bu tizim nafaqat ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etish, balki ijtimoiy muhitni sog'lomlashtirish, aholining huquqiy madaniyatini oshirish, sog'lom turmush tarzini targ'ib etish kabi muhim chora-tadbirlarni ham qamrab oladi.
- Ana shunday muhim talablar asosida shakllantirilgan dasturlar doirasida ajratilayotgan mablag'lar, asosan, mahallalardagi “o'sish nuqtalari” aniqlanib, tadbirkorlik, xizmat ko'rsatish sohalarini rivojlantirish, ishlab chiqarish tsexlarini tashkil etishga yo'naltiriladi, - deydi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vaziri o'rinbosari Adiz Boboev. - Buning natijasida mahallalardagi ishsiz aholi bandligini ta'minlashga erishiladi.
“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida, shuningdek, ichimlik suv, gaz, elektr ta'minoti, hududlar arxitekturasi, aloqa va axborotlashtirish tizimi, uy-joy fondi, ijtimoiy soha, transport va chiqindilar bilan ishlash infratuzilmasini yaxshilash, turizm, kichik sanoat zonalari faoliyati, mahalla va madaniyat maskanlarini rivojlantirish, obodonlashtirish, aholini ommaviy sportga jalb etish masalalariga ham alohida yondashiladi.
Aholini elektr energiyasi bilan ta'minlash borasida joylarda echimini kutayotgan muammolarni bartaraf etishga jiddiy e'tibor qaratiladi. “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisining birinchi o'rinbosari Jahongir Obidjonovning aytishicha, elektr ta'minotini yaxshilash maqsadida 5 ming 377 ta (60 foiz) mahallada 15 ming kilometr elektr uzatish tarmoqlari va 4 mingdan ortiq transformator yangilanadi. Bu ishlarga qariyb 2,1 trillion so'm yo'naltiriladi. Sohada xususiy sheriklik tizimi yo'lga qo'yiladi. Jumladan, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 2000 kilometr past kuchlanishli elektr tarmoqlari va 555 ta transformator punkti yangilanadi va modernizatsiya qilinadi. Bu ishlarni o'z vaqtida va sifatli bajarish maqsadida joylarda temir-beton tayanchlar va boshqa zarur vositalar ishlab chiqaruvchi tsexlar tashkil etiladi.
Ichimlik suv ta'minotini yaxshilash uchun 5,9 ming kilometr uzunlikdagi tarmoq va 559 ta inshootda 2,2 trillion so'mlik qurilish-rekonstruktsiya ishlari bajarilishi ko'zda tutilgan. Qiyoslash uchun aytadigan bo'lsak, bu ishlar hajmi 2016 yildagiga nisbatan olti barobar ko'pdir. Loyihalarni o'z vaqtida va sifatli amalga oshirish uchun xorijdan tajribali mutaxassislar jalb etilishi ko'zda tutilmoqda.
Qishloq va mahallalar ichki yo'llarini yaxshilash barobarida ta'mirtalab bo'lib qolgan ko'priklar qayta tiklanadi. Aholi ko'p yuradigan ko'chalarda piyodalar yo'lakchalari quriladi. Hududlarning aloqa tizimini yaxshilash ham e'tiborda bo'ladi. Jumladan, 3,7 ming kilometr aloqa tarmog'i va ikki mingta stantsiya quriladi va ta'mirlanadi. Natijada 1 million 700 ming aholi sifatli aloqa va internet xizmati bilan qamrab olinadi.
Ijtimoiy soha infratuzilmasini takomillashtirish doirasida 615 ta bog'cha, 1030 ta maktab va 376 ta tibbiyot muassasasi quriladi va ta'mirlanadi. Buning natijasida 3,4 million aholining ta'lim va tibbiy xizmatdan bahramandlik darajasi yaxshilanadi. SHuningdek, sakkiz yuzdan ko'proq mahalla binosi va guzari, 27 ta madaniyat markazi rekonstruktsiya qilinadi va yangidan quriladi.
Ayni paytda joylarda bu ishlarni tizimli amalga oshirish uchun mas'ul xodimlar biriktirilgan. Dasturlarni moliyalashtirish uchun respublika byudjetidan mahalliy byudjetlarga yil yakuniga qadar qaytarish sharti bilan bosqichma-bosqich bir trillion so'm ssuda ajratiladi.
Joriy yil 15 aprelgacha qurilish-ta'mirlash ishlari uchun loyiha- smeta hujjatlari ishlab chiqiladi va tender savdolar to'liq yakunlanadi. Ajratilgan mablag' etishmasa, mahalliy byudjetlarning qo'shimcha manbalaridan foydalanish hisobiga belgilangan ishlarni yakuniga etkazish ko'zda tutilmoqda.
Biz so'z bilan aytganda, xalqimizning bunyodkorlik va yaratuvchilik salohiyati ko'zgusi bo'lgan bunday xayrli ishlar tufayli mahalla va qishloqlarimiz kundan-kun chiroy ochib, obod bo'ladi. Mahallalarga, xonadonlarga toza ichimlik suv etib boradi. Qishloq ko'chalari ravon, manzillar obod, ko'ngillar munavvar bo'ladi.
Bahor XIDIROVA,
“YAngi O'zbekiston” muxbiri