Prezidentimiz tomonidan davlat xizmatini rivojlantirish, davlat tashkilotlariga yoshlarni jalb etish, ularga zarur shart-sharoitlar yaratib berishga alohida ahamiyat berib kelinmoqda.
2021 yilning “Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb e'lon qilinishi so'zimizning yana bir tasdig'idir.
“Biz o'z oldimizga mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulug' maqsadni qo'ygan ekanmiz, buning uchun yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Mirzo Ulug'beklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishimiz kerak.” Shu so'zlarning o'ziyoq Davlat rahbarining yoshlardan yuqori natijalarni kutayotganini anglatadi.
Ta'kidlash lozimki, “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o'rganish markazi tomonidan “Yoshlar davlat xizmatida ishlashi to'g'risida” mavzusida 2020 yil 21-27 noyabr` kunlari o'tkazilgan jamoatchilik fikri so'rovi natijalari bo'yicha respondentlarning 49,2 foizi davlat organlarida ishlash istagini bildirishdi.
Bu esa yoshlarimizda davlat tashkilotlarida faoliyat olib borishga qiziqish etarli darajada emasligi, ayni ishlarni yanada jadallashtirish zarur ekanligini ko'rsatadi.
Masalaning ikkinchi tomoni shundaki, so'rovnoma ishtirokchilari fikrlarida ask etgan davlat xizmati tizimida ishlaydigan kishilar ega bo'lishi kerak bo'lgan ko'plab shaxsiy va kasbiy sifatlardan tashqari vatanparvarlik xissiyoti, davlatning, xalqning manfaatini o'zinikidan ustun qo'yishga tayyorligi, shijoatkorlik, jahon standartlari, ilm-fan yutuqlari, zamonaviy texnika va texnologiyalarga mos ravishda muntazam bilim saviyasini oshirishga intilishi, katta xajmdagi ma'lumotlar bilan ishlash, ularni umumlashtirish kabi jihatlar ham alohida o'rin tutadi.
Bulardan tashqari, tashkilot yo'nalishidan kelib chiqib, yoshlardan maxsus bilim, saviya, ko'nikmalar ham talab qilinishi sir emas.
Masalaga urg'u berganimizdan maqsad — yoshlarimizning davlat tashkilotlarida ishlash istagini kamaytirish emas. Balki, davlat xizmati faqat imkoniyat emas, mashaqqatli, sabr-matonat talab qiladigan, yuqori darajali majburiyat ham ekanini anglatishdir.
Zero, ayrim yoshlarimiz davlat tashkilotidagi lavozimni egallagandan so'ng halqning bir qismi ekani, aholi farovonligiga xizmat qilish lozimligini unutib qo'ymoqda. Ba'zilari esa bilim saviyasini oshirishdan, yangilikka intilishdan, shijoat va tashabbuskorligini namoyish etishdan to'xtab qolmoqda.
Shu ma'noda davlat tashkilotlarida ish faoliyatini tanlash to'g'risidagi qaror ongli ravishda, davlat xizmatining barcha xususiyatlarini inobatga olib qabul qilinsa, yoshlarimiz davlatimiz rahbari va xalqining ishonchiga munosib javob qaytargan bo'ladi, desak mubolag'a bo'lmaydi.
Asosiysi, barcha toifadagi davlat xizmatchilari uchun oliy hakam — xalq ekanligini yodimizdan chiqarmaslik zarur!
Shuhrat Mavlyanov,
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bosh inspektori