Maqsad toʻgʻri qoʻyilsa, albatta, natija boʻladi

    2021-yil 13-avgust. Prezident Shavkat Mirziyoyev Tokiodagi Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etgan sportchilar, ularning ota-onalari va murabbiylari bilan uchrashuvda shunday degan edi: “Parijda boʻlib oʻtadigan navbatdagi yozgi Olimpiadada medallar boʻyicha yetakchi 15 ta mamlakat qatoridan joy olish uchun hamma imkoniyatlarimiz bor!”.

    2024-yil 11-avgust. Fransiya poytaxti Parij shahrida oʻtgan XXXIII yozgi Olimpiya oʻyinlarining soʻnggi kuni. “Oʻzbekiston sportchilari medallar jamgʻarish boʻyicha Top-15 talikka kirdi”, degan xabarlar butun olamni tutdi.

    Bu mamlakatimizning Olimpiya oʻyinlaridagi tarixiy natijasidir. Sportchilarimiz toʻrt yillikning eng nufuzli musobaqasida oʻz rekordini yangiladi. Musobaqada erishilgan natijaning tarixiyligi shundaki, mamlakatimiz sportchilari

    “Parij — 2024” Olimpiadasida dunyo boʻyicha 13-, Osiyoda 4-, MDH, Markaziy Osiyo, turkiy, musulmon davlatlar orasida 1-oʻrinni qoʻlga kiritdi.

    Erishilgan natijalar va oldinda turgan rejalar haqida Oʻzbekiston Milliy ­Olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Oybek QOSIMOV bilan ­suhbatlashdik.

    — Parijda qoʻlga kiritilgan tarixiy natija barchamizga faxr va iftixor bagʻishlamoqda. Biz bunga oʻzimiz koʻrgan tomondan baho beryapmiz, yaʼni dunyo boʻyicha 13-oʻrin, mamlakatimiz tarixidagi eng yaxshi natija. Endi biz bilmagan rekordlar haqida oʻrtoqlashsangiz.

    — Haqiqatan, bu yilgi yozgi Olimpiada oldingilaridan keskin farq qiladi. Sababi, bungacha boʻlgan eng yaxshi koʻrsatkich bilan, yaʼni sportning 19 yoʻnalishi boʻyicha 75 ta litsenziyani qoʻlga kiritib, 90 sportchimiz ishtirok etgani quvonarli. Yana bir jihati, bu Olimpiada tarixida ilk marotaba futbol, kamondan oʻq otish, suvga sakrash va ayollar kurashi boʻyicha sportchilarimiz qatnashdi.

    Bu yilgi ishtirok orqali dunyoga Oʻzbekistonda gender tenglikning amaldagi kuchini ham koʻrsatdik, deya olamiz. Misol uchun, birinchi marotaba dzyudo boʻyicha 13 litsenziya qoʻlga kiritilgan boʻlsa, bu yoʻnalishda 5 ayol sportchi qatnashdi. Boks boʻyicha turli vazn toifalarida 4 sportchi qiz ishtirok etishi ham shundan dalolat. Umumiy qilib aytganda, 90 sportchidan 32 nafari ayol edi.

    Bu Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi tomonidan ilgari surilayotgan gender tenglik talablariga mos. Asosiysi, mamlakatimizda ayollar sportiga eʼtiborning oʻziga xos natijasi. Ana shu alohida eʼtibor ortidan ular yurtimiz sharafini munosib himoya qildi. Buni Diyora Keldiyorova, Svetlana Osipova qoʻlga kiritgan medallar va boshqa ayol sportchilar erishgan natijalar yaqqol tasdiqlaydi. Bunga qadar faqat 2008-yil Pekinda oʻtkazilgan yozgi Olimpiadada Yekaterina Xilko medal qoʻlga kiritgan edi.

    Yana uch sportchimiz ikki karra Olimpiada chempioni boʻlgani ham quvonarli. Bundan tashqari, koʻplab sportchilarimiz oʻz ­koʻrsatkichlarini yangiladi. Bu esa keyingi Olimpiadalarda medallarni qoʻlga kiritish uchun umid beradi.

    — Nima deb oʻylaysiz, biz bundan ham yaxshi natijani qoʻlga kirita ­olarmidik?

    — Sportchilarimizning umumiy yutuqlaridan kelib chiqsak, rejamizni toʻqson foizga amalga oshirdik. Olimpiadada chempion boʻlishga har bir sportchi intiladi va shunga yarasha tayyorgarlik koʻradi. Bu yergacha yetib kelishning oʻzi ham aslida, gʻalaba. Hech bir sportchi maydonga magʻlub boʻlaman, yutqazaman deb tushmaydi. Baʼzan omad, baʼzan esa tajriba yetishmaydi.

    Albatta, biz medal olishini umid qilgan va buni uddalashga yaqin kelgan sportchilar bor edi. Taekvando boʻyicha Ozoda Sobirjonova va yana boshqa qator sportchilar, ayniqsa, medalga yaqin keldi.

    Davlatimiz rahbari Tokio Olimpiadasida ishtirok etgan sportchilar, ularning ota-onalari va murabbiylari bilan uchrashuvda “Maqsad aniq qoʻyilsa, natija, albatta, boʻladi”, degandi. Bugun bu natijani qaysidir maʼnoda qoʻlga kiritdik. Siz Parijgacha boʻlgan tayyorgarlik jarayonida boshidan oxirigacha bevosita ishtirok etdingiz. Aytingchi, musobaqaga tayyorgarlik jarayonida qandaydir qiyinchiliklar boʻldimi?

    — Avvalambor, bir jihatni taʼkidlab oʻtish kerak. Hamma yerda ham sportga davlat rahbari darajasida eʼtibor qaratilmaydi. Bizning katta yutugʻimiz shuki, Prezidentimiz bevosita sportga qiziqib, uni tushunib, har bir mayda detallarigacha eʼtibor beradi. Yilda bir necha marotaba barcha soha vakillari bilan uchrashib, muammolarini oʻrganadi. Ayniqsa, keyingi yillarda sportni rivojlantirish borasida bir qancha farmon va qarorlar imzolandi. Har bir sport turini alohida rivojlantirish uchun maxsus dastur tasdiqlandi. Hech bir davlatda bunaqa tajriba kuzatilmagan.

    Tokiodan soʻng Parij Olimpiadasiga tay­yorlanish uchun maxsus dastur ishlab chiqildi va Prezident qarori bilan tasdiqlandi. Bu dasturda soha uchun kerak boʻlgan barcha masalalar oʻrtaga tashlangan va hal qilib berilgan. Respublika komissiyasi shakllantirilib, u kundalik ravishda koʻtarilgan masalalarni ham hal qilib bordi. Bizning yutugʻimiz, avvalo, shunda deb oʻylayman. Chunki biz bugungi kunda rivojlangan davlatlar sportchilari bilan bir qatorda tayyorgarlik koʻrishga erishdik. Sportchilar uchun muntazam oʻquv-mashgʻulot yigʻinlari tashkil qildik. Sportchilarimiz xalqaro standartlarga javob beradigan sport jihozlari bilan oʻz vaqtida taʼminlandi. Yaratilgan sharoit va imkoniyatlardan kelib chiqib munosib tayyorlanishga erishdi.

    Biz sport tibbiyotiga alohida eʼtibor berdik. Tayyorlanish bosqichida sport — diyetologiyasi, psixologiyasi va boshqa yoʻnalishlar boʻyicha mutaxassislar sportchilar bilan alohida ishladi. Sportchilarni tayyorlaydigan murabbiylarga har oyda toʻlab boriladigan stipendiyalar joriy qilingan. Yaʼni sportchilar faqat sport bilan shugʻullanib, ijtimoiy masalalarga ortiqcha vaqt sarflamasligi uchun ularga barcha sharoitlar yaratildi. Oʻz navbatida, sportchilarimiz xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyatli qatnashib, kerak boʻlgan litsenzion reyting ballarini jamlab bordi. Bularning barchasi Olimpiadaga tay­yorlanish jarayonida reja asosida amalga oshirilgan ishlar. Buning mantiqiy yakuni esa Olimpiadada ishtirok etish uchun litsenziyalarni qoʻlga kiritish boʻldi.

    Bir paytlar Olimpiadada gʻolib chiqish misoli erishib boʻlmas choʻqqi edi. Prezidentimiz tomonidan “Parij — 2024” musobaqalarida kuchli 15 talikka kirish vazifasi qoʻyilganda ham koʻpchilikda shubha boʻlgandi.

    Bu biz uchun katta vazifa edi. Uni bajarishni esa barchamiz burch sifatida qabul qildik va ushbu vazifa uddalandi.

    Oldingi Olimpiadalarda boshqalar qatori qoʻshni davlatlar sportchilari bilan oʻzaro raqobatga oʻxshagan muhit shakllangan. Parijda buning aksi oʻlaroq jipslikni namoyon etishdi. Bu jihat Prezidentimizning mintaqa davlatlari bilan yaxshi qoʻshnichilik aloqalarini oʻrnatish borasidagi saʼy-harakatlarining sportdagi aksi boʻldi, deb oʻylaymiz. Siz bu jarayonga bevosita guvoh boʻldingiz. Toʻgʻrimi?

    — Haqiqatan, Tokio yoki Rioda oʻtgan Olimpiadalarda qoʻshni davlatlar bilan oʻzaro raqobatga oʻxshagan tushunib boʻlmas vaziyatlarga guvoh boʻlgandik. Sportchilar medal olsa, qoʻshni davlat vakillari gʻayirlik bilan qaragan hollar boʻlgani rost. Soʻnggi paytlarda bu kabi qarashlar umuman, boshqa tomonga oʻzgardi. Parijdagi Olimpiadada bizning sportchilar finalga chiqqan holatlarda qoʻshni davlatlar sport vazirlari va boshqa davlat arboblari ham biz bilan yelkama-yelka turib, sportchilarimizni qoʻllab-quvvatladi. Biz ham ularning sportchilarini qoʻlladik. Ahamiyat bergan boʻlsangiz, final bosqichlarida Markaziy Osiyo davlatlari bayroqlari yonma-yon turib, mintaqa butunligi, birligi, jipslashganini koʻrsatdi.

    Buning zamirida Prezidentimiz tomonidan 2016-yildan boshlab ilgari surilgan ustuvor vazifalardan biri — qoʻshni davlatlar bilan munosabatlarni yaxshilash tamoyili mujassam. Bu yerda juda katta gʻoya yotibdi, davlatimiz rahbari boshlagan tashabbus sport sohasida ham aksini topdi. Buni bizning murabbiyimiz qirgʻizistonlik bokschining finalgacha boʻlgan janglarida hamrohlik qilganida ham koʻrsak boʻladi.

    Qoʻshni davlatlarning bir-birini qoʻllab-quvvatlashi, adashmasam, butun dunyoda kamdan-kam kuzatiladigan hodisa. Jarayonga butun dunyo havas qildi. Umuman olganda, Markaziy Osiyoda yaxlit ruh paydo boʻldi, shunday emasmi?

    Albatta, hech bir mintaqadagi qoʻshnilar orasida bu kabi holat kuzatilmadi. Oʻzbekiston murabbiysi oʻsha vaznda oʻz sportchisi boʻla turib, qirgʻizistonlik bokschini finalgacha tayyorlab borgani alohida eʼtirofga loyiq. Bu mintaqada sportni jipslik bilan rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

    Olimpiya oʻyinlari yakunlanganidan keyin bir oz koʻngilga ogʻir botadigan holatlar boʻldi, nazarimda. Masalan, Bahodir Jalolovning professional bokschi boʻla turib, havaskor boksda qatnashganini baʼzi OAVlar tanqid qildi.

    — Shaxsan bu fikrlarga qoʻshilmayman. Sababi, Bahodir bugun paydo boʻlib qolgani yoʻq. U oldingi Olimpiadada ham havaskor bokschi sifatida ishtirok etib kelgan. ­Avvalgi qoidalar boʻyicha professional boksda ishtirok etgan sportchi havaskor boksda qatnashishi mumkin emasdi. Hozir bunday emas. Tegishli oʻzgarishlar boʻldi.

    Shu oʻrinda bir gap: professional boksda ishtirok etib, yana havaskor boksga qaytish oson emas. Chunki havaskor barcha imkoniyatini uchta raundga teng taqsimlashi kerak boʻlsa, professional bokschi 12 raund davomida jang qiladi. Havaskor boksdan professionalga birdaniga oʻtib ketish oson emas. Bahodirda mahorat bor ekan, bu yoʻnalishda ham ajoyib natijaga erishdi.

    Shu maʼnoda, uning bu yilgi ishtiroki kutilgan edi. Bahodirni oʻzbek xalqi juda yaxshi koʻradi. Barchamiz uchun uning Olimpiadada qoʻlga kiritgan oltin medali juda qadrli.

    Bu Bahodirning Olimpiadadagi soʻnggi ishtiroki boʻldi. Uning oʻrnini bosadigan, natijalarini takrorlashga qodir sportchilar tayyorlanyaptimi?

    Bir necha kun avval boks federatsiyasida shu haqda gaplashdik. Albatta, yana bir Bahodir Jalolov bir kunda yetishib chiqmaydi. Lekin zaxirada yosh, umidli, uning oʻrnini bosadigan munosib sportchilarimiz bor.

    Zero, yutuqlarimiz bir marotabalik yoki tasodifiy emas. Hammasi tizimli. Soʻnggi paytlarda Osiyo musobaqalari, xalqaro turnirlar, Olimpiya oʻyinlarida ham bokschilarimiz koʻrsatayotgan natijalar bizda boks tizimli rivojlanayotganini yaqqol koʻrsatib turibdi.

    Baʼzi manbalarda boks keyingi Olimpiada dasturidan olib tashlanishi haqida har xil gap-soʻzlar tarqalyapti.

    — Hali boks Olimpiya oʻyinlaridan chiqib ketadi, degan aniq xabar yoʻq. Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi tomonidan yangi tashkilot tan olinsa va unga ishonch bildirilsa, albatta, boks davom etadi. Zero, boks Olimpiadaning oʻziga xos asosiy sport turlaridan biridir. Chunki baʼzi sport turlari ikki yoki uch kunda tugasa, boks nufuzli musobaqaning boshidan oxiriga qadar davom etadi.

    Agar dasturdan chiqarilgan taqdirda ham boksning oʻrnini bosadigan boshqa sport turlari boʻyicha sportchilarimiz yetishib kelyaptimi?

    — Albatta, biz Parij Olimpiadasidan soʻng nafaqat yutuqlarimiz, balki xato va kamchiliklarimizni ham tahlil qilamiz. Bu borada vazirlik bilan ishlayapmiz. Natijalarga qarab, keyingi Olimpiadaga tayyorgarlik koʻriladigan sport turlari geografiyasini ham kengaytiramiz.

    Bu oʻrinda jamoaviy sport turlari, suzish, yengil atletikaga alohida eʼtibor qaratamiz. Chunki bu sport turlarida yoʻnalishlar koʻp boʻlishi sababli medal qoʻlga kiritish imkoni katta. Shu bois, boks Olimpiada dasturidan chiqarilsa ham uning oʻrnini bosadigan turlarni kengaytiramiz.

    Parij Olimpiadasida birinchi bor jamoaviy sport turi — futbol boʻyicha qatnashdik. Keyingilarida jamoaviy sport turlari bilan ishtirok etishga qanday tayyorgarlik koʻrilyapti?

    — Jamoaviy sport turlarida natija koʻrsatish asosiy vazifalarimizdan biri. Qolaversa, bu davlatimiz rahbari tomonidan ham alohida taʼkidlab kelinadi.

    Haqiqatan, Olimpiadada jamoaviy sport turi bilan ishtirok etish sharafli. Bizda buning uchun hamma imkoniyat yetarli. Biz Olimpiadaga tayyorgarlik koʻrish davrida andoza sifatida millionlar oʻyini — futbol bilan ishlashni boshladik. Bu borada xorij tajribasini oʻrgandik. Sport vazirligi, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi va soha mutaxassislari bilan fikrlashib, “Olimpik” jamoasini tashkil etdik. Jamoa yil davomida muntazam oʻyin amaliyotiga ega boʻlib, ulkan tajriba oshirdi.

    Bunda bir jamoa sifatida yagona taktika asosida tayyorgarlik koʻrish asosiy mezon boʻldi va oʻz natijasini berdi. Futbolchilarimiz yosh boʻlishiga qaramay, 2022-yil Toshkentda boʻlib oʻtgan U-23 Osiyo kubogida va joriy yil tengqurlari orasida Doha mezbonlik qilgan ayni shu yoshdagi musobaqaning finaliga qadar yetib borishdi va kumush medallariga ega chiqishdi. Xanchjou — 2022 yozgi Osiyo oʻyinlarida esa bronza medali qoʻlga kiritildi. Olimpiadada kuchli 16 talikka kirish, futboli rivojlangan davlatlar qatorida ishtirok etish, birinchi oʻyinda amaldagi chempion jamoa bilan tengma-teng oʻynash keyingi musobaqalarda natijaga erishishimizga umid uygʻotdi.

    Albatta, bizda gandbol, voleybol ham rivojlanyapti. Ularda oʻsib kelayotgan umidli yoshlar juda koʻp. Endi futboldagi andozani boshqa jamoaviy sport turlariga ham tatbiq etib, keyingi Olimpiya oʻyinlarida natijaga erishishimiz mumkin.

    2025-yilda Toshkentda ilk bor katta sport musobaqasi — yoshlar oʻrtasidagi yozgi Osiyo oʻyinlari boʻlib oʻtadi. Bunga jamoaviy sport turlari boʻyicha ham tayyorgarlik koʻrilyapti. Kelajakda ularni Olimpiada sportchilari safida koʻrishimiz mumkin deb umid qilamiz.

    Paralimpiya baʼzan eʼtibordan chetroqda qolganday boʻladi. Biroq bu ham oʻziga xos musobaqa. Sport ixlosmandlariga zavq, shukuh beradi. Paralimpiyachi sportchilarimizning tayyorgarligi haqida aytib oʻtsangiz.

    — Oʻzbekistonda paralimpiyachilarga ham Olimpiadachilarimiz kabi bir xil imkoniyat yaratilgan. Qoʻlga kiritgan litsenziyalari uchun toʻlanadigan mablagʻlar, beriladigan mukofotlari ham bir xil. Bu juda muhim omil. Kezi kelsa, paralimpiyachilardagi matonat, kuch, ulardagi ishtiyoq, gʻayrat olimpiyachilarda topilmaydi.

    Imkoniyati cheklangan shaxslar sport orqali natijalar koʻrsatib, davlatimiz bayrogʻini baland koʻtarishi mumkin. Sovgʻa-salomlar bilan oila aʼzolarini xursand qilishi juda quvonarli. Sportga kirguncha muddatda ular oʻzlarini noqulay his qilgan boʻlsa, avtomobil, uy-joy bilan ota-onasini xursand qilganida qanchalar sevinganini oʻz koʻzim bilan koʻrganman. Nasib qilsa, bu gal ham yaxshi natijalarni koʻrsatishadi.

    Bir-ikki kun avval internet nashrlaridan davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bunyod etilayotgan Olimpiya shaharchasidagi qurilish ishlari bilan tanishganingizdan xabardor boʻldik. Shu haqda ham aytib oʻtsangiz.

    — Bilasizmi, har gal shu yerga borganimda menda gʻurur hissi uygʻonadi. Chunki biz koʻp musobaqalarda, hatto Parijda ham bu kabi yagona kompleksni koʻrmadik. Bunaqa Olimpiya shaharchasi sanoqli davlatlarda boʻlsa kerak.

    Suv sport turlari, yengil atletika, velo­­sport turlarini rivojlantirishga kerak boʻladigan inventarlar bilan xalqaro andozalarga mos keladigan yaxlit bir majmua qurilishi juda katta yutuq, albatta. Qaysi bir chet ellik kelib oʻrganmasin, oʻz taassurotini boʻlishyapti.

    Quvonarlisi, bu faqat oʻyinlar uchun qurilmayapti. Majmuadan kelajakda sportchilarni tayyorlashda yagona klaster sifatida foydalaniladi. Amaliyot va nazariya birlashadi. Tashkil etiladigan Olimpiya akademiyasi, barcha sport turlari boʻyicha federatsiyalar, oliy mahorat maktablari jam boʻladi. Barcha nazariy bilimlarni olgan sportchilarimiz — milliy terma jamoa ­aʼzolari mashgʻulotlarni birga oʻtkazib, yirik musobaqalarga tayyorgarlik koʻradi.

    Oʻylaymizki, bu shaharcha foydalanishga topshirilganidan keyin Olimpiya oʻyinlariga har tomonlama puxta va toʻgʻri tayyorgarlik koʻrish uchun ajoyib platforma boʻladi.

    Abu Bakir OʻROZOV

    suhbatlashdi.