Toshkent shahrida “Yevropa Ittifoqi — Markaziy Osiyo yosh yetakchilari konferensiyasi: Barqaror suv harakati paradigmasini o'zgartirish” mavzusidagi mintaqaviy konferensiya o'tkazilmoqda. Yevropa Ittifoqi tashabbusi va Nordik universiteti tashkilotchiligi, yurtimizning bir qator vazirlik-idoralari hamkorligida 30-31-oktyabr kunlari ilk bor o'tayotgan xalqaro tadbirda Markaziy Osiyoning beshta davlatidan 35 yoshgacha bo'lgan 100 nafarga yaqin ishtirokchi qatnashyapti. Jumladan, talabalar, tashabbuskor yoshlar, fuqarolik jamiyati tashkilotlari, tadqiqotchilar, ommaviy axborot vositalari, yosh siyosatchilar, shuningdek, hukumat ekspertlari vakillari ishtirok etmoqda. Qo'shni mamlakatlar yetakchilari va yoshlar suv, iqlim o'zgarishi hamda barqarorlik bilan bog'liq muammolarni muhokama qilish uchun poytaxtimizda jam bo'ldi.
— Ushbu mintaqaviy tadbir Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o'rtasidagi yaqin hamkorlikning yorqin namunasidir, — deydi Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo'yicha maxsus vakili, elchi Terxi Hakala. — Turli sohalardagi yosh yetakchilar — fuqarolik jamiyati, ilmiy doiralar, ommaviy axborot vositalari, hukumat vakillari hududlarni rivojlantirish, ekologik muammolarga qarshi kurashda muhim rol o'ynaydi va barchani bir platformada birlashtirganimizdan xursandmiz. Suvni boshqarish faqat ekologik muammo emas: iqtisodiy va ijtimoiy barqarorligimiz asosidir. Sayyoramiz suv tanqisligi va iqlim o'zgarishi bilan bog'liq katta muammolarga duch kelmoqda va suv chegara bilmasligi sababli bu muammolarni birgalikda hal qilishimiz muhim. Yoshlarning ilg'or va navqiron yetakchi sifatidagi ovozi nafaqat innovatsion, balki amaliy va qamrab oluvchi yechimlarni shakllantirishda juda zarur.
Konferensiya Yevropa Ittifoqi — Markaziy Osiyo hamkorligi hamda Markaziy Osiyodagi suv inqirozini hal qilishda yoshlarning roliga bag'ishlangan ikkita tematik sessiyadan iborat. Bundan tashqari, konferensiya bir nechta interaktiv seminarlarni o'z ichiga olgan, ular davomida ishtirokchilar suvdan foydalanish samaradorligi, tejamkorlik va suv diplomatiyasi kabi o'zaro manfaatli suvga oid mavzularni muhokama qilmoqda.
Shuningdek, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universitetining tajriba maydoniga (Suvchilar maktabi) ekskursiya o'tkaziladi, bu esa ishtirokchilarga amaliy tajriba orttirish imkonini beradi.
— Ushbu xalqaro tadbirni o'tkazish va buning uchun Toshkent shahrini tanlash tashabbusi Yevropa Ittifoqi tomonidan bildirildi, — deydi Xalqaro Nordik universiteti rektori Sherzod Mustafoqulov. — Bunda O'zbekistonning Markaziy Osiyo miqyosidagi faolligi ortib borayotgani, mamlakatimizda aholi va yoshlar sonining yuqori ekani inobatga olingan. Ayni kunlarda esa mintaqa davlatlarining 35 yoshgacha bo'lgan yigit-qizlari poytaxtimizda jam bo'lib turibdi. Yirik formatdagi konferensiya doirasida universitetimizda “workshop” hamda "Nexus" o'yinlari tashkil etilmoqda. Shuningdek, dasturdan mohir fotograf, ko'plab fotoko'rgazmalar muallifi Tamara Kubayeva rejissiyorligidagi film namoyishi ham joy olgan.
Umuman, konferentsiyada yoshlarning e'tibori suv muammolariga qaratilib, ular uchun xorijlik ekspertlar tomonidan ma'ruzalar, seminarlar o'tkazilmoqda. Xalqaro konferentsiyada jam bo'lgan 100 nafar liderlarni muammoga samarali echimlar topish maqsadi birlashtiradi. Tadbir doirasida suv muammolarining echimiga bag'ishlangan “Toshkent deklaratsiyasi” yoki “Toshkent rezolyutsiyasi” qabul qilinishi ko'zda tutilgan.
Bir so'z bilan aytganda, ushbu noyob konferentsiya Markaziy Osiyoning yosh yetakchilari uchun suv bilan bog'liq muammolar bo'yicha o'z nuqtai nazarlarini bildirish uchun platforma bo'lib xizmat qiladi va ko'plab sohalarda hamkorlik va fikr almashishga yordam beradi.
Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri