Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida Oʻzbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi, “Oʻzbekistonda xorijiy tillar” ilmiy-elektron jurnali va internet portali hamkorligida «Medialingvistika nazariyasi va amaliyoti» mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman boʻlib oʻtdi.
Unda Oʻzbekiston, AQSH, Turkiya va Rossiya universitetlari professor-oʻqituvchilari, talabalar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Anjumanda medialingvistikaning dolzarb masalalari, OAV matnlarining tili, uslubi va tahriri sohasida mavjud muammolar, ularning yechimlari, mediamatnlarning taʼsirchanligini oshirish yoʻllari, oʻzbek tilining sohada qoʻllanilishi, adabiyotshunoslik borasidagi masalalar muhokama etiladi.
Tadbirda soʻzga chiqqanlar medialingvistikaning nafaqat ilmiy hamjamiyat, balki barcha soha vakillari uchun ham naqadar muhim soha ekani, bu borada esa jurnalistika barcha uchun ibrat boʻlishi kerakligini qayd etdilar.
– Keyingi asr toʻliq “elektron avlod” davri boʻladi, deyish mumkin. Qanday asr boʻlmasin, elektron asrmi, robotlar asrimi, farqi yoʻq, koʻp oʻqish va oʻqiganlarni uqish davr talabi boʻlib qolaveradi, – deydi Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti professori Muqaddas Isroil «Medialingvistik savodxonlikni oshirish yoʻllari: talabalar uchun maslahatlar» nomli taqdimotida. – Yaxshi jurnalist koʻp oʻqish asnosida oʻz uslubini, xususan, til uslubini shakllantiradi, fikrini teranlashtiradi, boshqalar uchun jurnalistni qiziqarli insonga aylantira oladi.
Professor taqdimoti yakunida umumtaʼlim maktablarida “Media asoslari” fanini joriy etish taklifini bildirdi.
«Trevel jurnalistikada muallif pozitsiyasi» mavzuida maʼruza qilgan filologiya fanlari nomzodi, dotsent Akbar Nurmatov jurnalistikaning mazkur yoʻnalishida faoliyat yuritayotgan mualliflar boʻlayotgan voqea-hodisalarga oʻz fuqarolik pozitsiyasidan turib yondashishi, ifoda etilayotgan mediamatnda publitsistik va badiiylik unsurlari oʻz aksini topgan boʻlishi kerakligini aytdi. Bu borada Mahmudxoʻja Behbudiyning “Sayohat xotiralari”ga toʻxtalib, muallif shaxsi, tili va uslubi uning medialingvistikasidan sezilib turganini taʼkidladi.
Turkiyaning Otaturk universiteti professori Husayn Boydemir Turkiyada nashrga tayyorlanayotgan “Katta oʻzbekcha lugʻat”ga Oʻzbekistonda chop etilgan “Oʻzbek tilining izohli lugʻati” asosiy manba boʻlib xizmat qilayotganini aytdi.
– Ikki yildan buyon “Katta oʻzbekcha lugʻat” kitobi ustida ishlayapmiz, – dedi H.Boydemir. – Hamkasbim Nursan Ildiri xonim bilan hamkorlikda ishning taxminan 80 foizini yakunladik. 35 ming 499 soʻzga 85 mingga yaqin izoh yozdik. Lugʻatga iboralar va shevalarda koʻp qoʻllaniladigan soʻzlarni ham kiritmoqchimiz. Kitobni Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligiga sovgʻa qilish niyatidamiz.