Mehnat qilish huquqlarining konstitutsiyaviy kafolatlari

    “Yangi O‘zbekiston” degan ibora xalqaro maydonda nafaqat yangi tushuncha, balki real ijtimoiy hodisa sifatida qabul qilinmoqda.

    Mamlakatimizda muhim tarixiy jarayon yuz bermoqda. “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi umumxalq muhokamasiga qo‘yildi. Bu boradagi xalqimizning davlat boshqaruvi sohasida bevosita faolligini meningkonstitutsiyam.uz portaliga kunda o‘n minglab takliflarning kelib tushganligidan ham ko‘rishimiz mumkin.

    Tarixiy davrlardan farqli ravishda butun dunyoda ayni vaqtda qonunchilik normalarini davr ruhiyatiga moslashtirish va zamon talablari asosida yangilab borish tendentsiyasi kuzatilmoqda.

    Bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida jamiyatimizning siyosiy-huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy qiyofasi, odamlarimizning dunyoqarashi butunlay o‘zgardi. “Yangi O‘zbekiston” degan ibora xalqaro maydonda nafaqat yangi tushuncha, balki real ijtimoiy hodisa sifatida qabul qilinmoqda. Bu barcha sohalarda amalga oshirilayotgan, ta'kidlash lozimki, biz odatlanib qolgan standartlardan oshib o‘tib bo‘lsa-da, inson manfaatlarini ta'minlash maqsadida olib borilayotganligi bilan izohlanadi.

    Jumladan, bular mamlakatimizda fuqarolarning mehnatga oid huquqlarini ta'minlashda yangi mexanizmlar, mehnat munosabatlarining umume'tirof etilgan yangidan yangi sohalari tan olinib, qonun hujjatlari bilan kafolatlanayotganligi, kerak bo‘lsa imtiyoz va preferentsiyalar taqdim etilishi barobarida ishsizlikni kamaytirish hamda aholining real daromadlarini oshirishga qaratilganligi kabi omillarda namoyon bo‘ladi.

    Mehnat munosabatlari jamiyat, davlat, fuqaro o‘rtasidagi eng muhim va keng qamrovli munosabat bo‘lib, davlat va jamiyat rivoji bevosita bu boradagi islohotlarning mazmun-mohiyati hamda samaradorligiga bog‘liqdir.

    Amaldagi Konstitutsiyamizda har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash, qonunda ko‘rsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga ega ekanligi, sud hukmi bilan tayinlangan jazoni o‘tash tartibidan yoki qonunda ko‘rsatilgan boshqa hollardan tashqari majburiy mehnat taqiqlanishi belgilangan bo‘lsa-da, mazkur huquq va erkinliklarni ta'minlash bir qator qonunlar va qonun osti hujjatlari bilan amalga oshirilishi, qolaversa ularning tub mazmun-mohiyatini aholi hamda mansabdor shaxslarga yetkazish juda ham ko‘p vositalar (huquqiy targ‘ibot, ilmiy nashrlar)ga murojaat qilishni talab etadi. Bu esa, amaliyotda turli qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda. Chunki amalda shunday normalar borki, mazmun jihatdan konstitutsiyada belgilangan normaga zid bo‘lmasa-da, amaliyotda tadbiq etish jarayonida qonun hujjatlarida manfaatlar to‘qnashuvi natijasida bir-biriga zid tartiblarning belgilanganligi sabab bo‘lmoqda.

    Endilikda konstitutsiya loyihasida har kim mehnati uchun hech qanday kamsitilishlarsiz va belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan tarzda adolatli haq olish huquqiga ega ekanligi, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori insonning o‘zi va oilasi yashashi uchun yetarli bo‘lishi, homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan bo‘shatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanishi, har bir ishlovchi ayol homilador bo‘lgan taqdirda va tug‘ish davrida haq to‘lanadigan ta'tilga hamda yangi tug‘ilgan chaqaloqni parvarish qilish uchun ta'tilga yoki bolani farzandlikka olish uchun ta'tilga chiqish huquqiga ega bo‘lishi, amaldagi tahrirdagi “Sud hukmi bilan tayinlangan jazoni o‘tash tartibidan yoki qonunda ko‘rsatilgan boshqa hollardan tashqari majburiy mehnat taqiqlanadi” degan jumladan keyin “Majburiy mehnatdan va bolalar mehnatining eng yomon shakllaridan foydalanish taqiqlanadi hamda bu qonunga ko‘ra javobgarlikka sabab bo‘ladi” mazmundagi yangi jumlaning qo‘shilishi mehnat munosabatlarida butun mamlakat miqyosida yagona standartning o‘rnatilishiga erishiladi.

    Albatta, mazkur yangiliklar rivojlangan mamlakatlar Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Hindiston, Yaponiya davlatlari Konstitutsiyalarida belgilangan har bir inson xavfsiz va gigiyena talablariga javob beradigan mehnat sharoitlarida ishlash, bolalar mehnatidan foydalanish taqiqlanishi, majburiy mehnat bo‘yicha haq to‘lanishi kabi qoidalar Konstitutsiya darajasida mustahkamlab qo‘yilgan normalarning chuqur tahlil etish va o‘rganishlar asosida kiritilayotganligini ta'kidlab o‘tish o‘rinli.

    Shu o‘rinda, “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasining 37-moddasiga kiritilayotgan qo‘shimchalarga quyidagicha “Normativ hujjatlarda aniqlashtirilmagan yoki bir-biriga zid keluvchi yoinki qonunchilikdagiga nisbatan xodimni ahvolini qiyinlashtiradigan har qanday fakt xodim foydasiga xal etiladi” mazmundagi qo‘shimcha kiritilishi mehnat munosabatlarida xodimlar manfaatlarini ustuvorligini ta'minlashga xizmat qilgan bo‘lar edi.

    X.Quchqarov,

    Yuristlar malakasini oshirish markazi o‘qituvchisi,

    yuridik fanlari doktori (PhD)