“Mehrnoma”da mehr-oqibat izhori

    Poytaxtimizda taniqli jurnalist va publitsist Ikromjon Oʻtbosarov hayoti va ijodiga bagʻishlangan “Mehrnoma” xotira kitobining taqdimoti boʻlib oʻtdi.

    Tadbirda taniqli adib va shoirlar, respublikamizdagi yetakchi nashrlar bosh muharrirlari, ustoz jurnalistning safdoshlari hamda shogirdlari, shuningdek, uni yaqindan bilgan-tanigan mehmonlar ishtirok etishdi.

    Aytish joizki, Ikromjon Oʻtbosarov Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist unvoniga, “Oltin qalam” xalqaro tanlovi sovriniga, davlatimizning “Shuhrat” medaliga oʻzining mashaqqatli va sharafli kasbini ardoqlash orqali, eng asosiysi, halol mehnatlari evaziga sazovor boʻlganlardan biridir.

    Taqdimot avvalida shayx Abdulaziz Mansur soʻz olib, kitob-matbaachilik tarixi, islom olamida kitobning yaratilishi va uning beqiyos ahamiyati, jumladan, “Mehrnoma” kitobi xususida ham toʻxtalib, nashr ijodkorlariga minnatdorlik izhor etdilar.

    Kitobning masʼul muharriri yozuvchi Hakim Sattoriy toʻplamning yaratilishi haqida toʻxtalib, shunday dedi:

    – Kitobni tayyorlashda farzandlar gʻayrat qilishdi. Tashabbus koʻpchilik tomonidan qoʻllab quvvatlandi. Kimgaki, maqsadning mohiyati izhor qilinsa, “Bajonidil, Ikromjon aka haqida aytadigan gaplarimiz bor, bu biz uchun farz” qabilida javob boʻldi. Mazkur kitob bahonasida qoʻliga qalam olgan doʻstlar, qarindosh-urugʻlar, shogirdlar, yaqinlar bir narsani umumiy eʼtirof etishdi: “Xotira nisbiy ekan. Vaqt oʻtishi bilan taassurotlar unutilib borishi tabiiy ekan.

    – Ustoz haqidagi kitob yaratilishiga hissa qoʻshgan barchaga katta rahmat, – deydi kitobning nashr etilishida jonbozlik koʻrsatgan taniqli jurnalist Saidolim Haydarov. – Shu bahonada koʻp gaplar qogʻozga tushib qoldi. Endi ular kelajak mulkiga aylanadi. Mazkur majmuani pandnoma kitob ham deyish mumkin. Zero, u yetuk mutaxassis boʻlishga intilayotgan yoshlar uchun ham qimmatli manba boʻla oladi.

    Kechada taniqli ustoz jurnalistlar Abbosxon Usmonov, Oʻtkir Rahmat, Jabbor Razzoqov va boshqalar isteʼdodli jurnalist Ikromjon Oʻtbosarovning sohaga kirib kelishi, “Xalq soʻzi” gazetasi tashkil etilgandan boshlab, nashrning Iqtisodiyot boʻlimini to umrining oxirigacha izchil va samarali boshqargani, inson hamda ijodkor sifatidagi ezgu fazilatlari, shogirdlar tarbiyalashdagi xayrli ishlarini alohida taʼkidladilar.

    Eʼtirof etish joizki, ustoz Ikromjon Oʻtbosarovning koʻplab shogirdlari hozirda respublikamizning bir qator yetakchi ommaviy axborot vositalarida samarali ijod etmoqda.

    Kitobdan Salim Doniyorov, Bekqul Egamqulov, Rustam Boytoʻra, Dilshod Ulugʻmurodov kabi tahririyatimiz aʼzolarining ham taniqli jurnalistni xotirlab oʻziga xos uslubda yozgan maqolalari joy olgan.

    N. Mahmudov