Mazkur gʻor tasviri ilk paleolit va mezolit davrlarida odamlar yashagan tabiiy boshpanalarni ifodalaydi. Arxeologik tadqiqotlardan maʼlumki, bunday manzilgohlar ibtidoiy jamoalar uchun doimiy yoki mavsumiy turar joy vazifasini oʻtagan. Gʻorlarda terini oshlash, tosh va suyakdan mehnat qurollari hamda turli buyumlar tayyorlash, oziq-ovqatni qayta ishlash kabi xoʻjalik ishlari bajarilgan. Bunday rekonstruksiya ekspozitsiya ziyoratchilariga insoniyat sivilizatsiyasining ilk bosqichlari, yashash tarzi va mehnat madaniyati haqida yaxlit ilmiy tasavvur hosil qilish imkonini beradi.

Biz koʻpincha mintaqamiz tarixini muayyan nuqtadan boshlab oʻrganishga odatlanganmiz, biroq bu zal oʻsha buyuk uygʻonish davriga qadar ham bu zaminda koʻhna tamaddun ildiz otganini koʻrsatadi. Ekspozitsiyani diqqat bilan aylansangiz, eng avvalo, ajdodlarimizning olamni idrok etish mahoratiga qoyil qolasiz.

Qadimgi Baqtriya, Sugʻd, Xorazm tuprogʻidan topilgan osori-atiqalar maʼnaviy merosimizning ilk qatlamlari sifatida oʻsha davrdagi yuksak estetik diddan dalolat beradi. Bu artefaktlarga termilib, ilgari odamlarning tabiat bilan uygʻunligi, koinot sirlariga intilishi va yuksak axloqiy mezonlarni shakllantirish yoʻlidagi urinishlarini his qilish mumkin. Shisha vitrinalar ortidagi har bir obyekt, u kushonlar davriga mansub mahobatli haykallar boʻladimi yoki Mugʻtogʻdagi milodiy 710-yilga oid ilk nikoh shartnomasimi — barchasi yagona haqiqatni tasdiqlaydi: bu zamin azaldan madaniyatlar chorrahasi, turli eʼtiqod va qarashlar makoni boʻlgan.

Ekspozitsiyadagi arxeologik topilmalar oʻzligimizning eng chuqur ildizlariga qaytishga undaydi. Zalda tasavvur va ilmiy aniqlik shunday uygʻunlashganki, kishi oʻzini goʻyo vaqt mashinasida yurgandek his qiladi. Islom sivilizatsiyasi davrida yuz bergan ulkan intellektual sakrash aynan mana shu qadimiy va mustahkam poydevor ustiga qurilganini anglash esa, tabiiyki, milliy gʻurur tuygʻusini yanada yuksaltiradi.

Azizbek YUSUPOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri