Qonunchiligimizda ichki ishlar organlari xodimlarini tasvirga olish taqiqlanmayapti

    Xavfsizlik 11 Yanvar 2024 5588

    Kuni kecha Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisi bo‘lib o‘tdi, unda senatorlar, Qo‘mita huzuridagi Ekspert guruhi a’zolari, vazirlik va idoralar vakillari hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.

    Qo‘mita majlisida «Yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi va O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida»gi Qonun dastlabki tarzda muhokama etildi.

    2023-yilning 11 oyida esa 8 693 ta YTH sodir etilib, ularda 2 080 nafar inson halok bo‘lgan va 8 055 kishi jarohatlangan.

    Ushbu yo‘l-transport hodisalarining yuz berishiga asosan fuqarolar tomonidan qonunchilikda belgilangan javobgarlikni mensimasligi va amaldagi yo‘l harakati qoidalarini bilmasligi sabab bo‘lyapti.

    Qo‘mita majlisida muhokama qilingan ushbu Qonun aynan shu kabi salbiy oqibatlarning oldini olish va yo‘l harakati qoidalarini tartibga solishga qaratilgan.

    Qonun bilan Jinoyat kodeksiga, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga va Jinoyat-protsessual kodeksiga yangi moddalar, o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilyapti.

    Jumladan, Jinoyat kodeksiga tegishli o‘zgartirishlar kiritish orqali transport vositasini takroran mast holda boshqarganlik uchun jinoiy javobgarlik, ya'ni uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilib, ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilanyapti.

    Bundan tashqari, Jinoyat kodeksida avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash, shuningdek imtihon o‘tkazish va haydovchilik guvohnomasini berish tartibini buzganlik, transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxsning transport vositasini boshqarganlik, siqilgan tabiiy gazda, suyultirilgan neft gazida yoki dizel va gazsimon yoqilg‘i aralashmasida ishlaydigan transport vositalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalarini buzganlik uchun ham jinoiy javobgarlik belgilanyapti.

    Shuningdek, Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida transportda bezorilik, ya’ni ayrim haydovchilar tomonidan boshqarish madaniyatiga rioya qilmay, transport vositasini keskin boshqarish va boshqa harakatlarda ifodalangan «agressiv boshqarish», «drift», «shaxmat» shaklida harakatlanish, yo‘llarda to‘siqlarni paydo qilish kabi qoidabuzarliklar uchun javobgarlik nazarda tutilyapti.

    Bundan tashqari, muhokama etilayotgan Qonun bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining o‘z xizmat vazifalarini bajarishlari bilan bog‘liq ma'lumotlarni ularni obro‘sizlantirish yoki haqorat qilish maqsadida Internet axborot tarmog‘ida joylashtirish bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari miqdorida jarima solishga yoki o‘n besh sutka muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘lishi belgilanyapti.

    Majlisda mazkur norma aholi orasida va ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgani qayd etilib, bu borada IIV Akademiyasi, Jamoat xavfsizligi universiteti, Toshkent davlat yuridik universitetning kafedra mudirlari va professor-o‘qituvchilari hamda qonun tashabbuskorlari – IIV Jamoat xavfsizligi departamenti yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining rahbar xodimlarining fikrlari tinglandi.

    Ma’lumotlarga ko‘ra 2022 va 2023-yillarda o‘z xizmat vazifasini bajarayotgan yo‘l patrul xizmati xodimlari 253 marta fuqarolar tomonidan foto va videotasvirlarga olinib, Internet tarmoqlariga tarqatilgan. Mazkur videotasvirlarning barchasi Ichki ishlar vazirligining mas’ul boshqarmalari tomonidan o‘rganib chiqilgan.

    O‘rganilgan videotasvirlarning 102 tasida haydovchilar yo‘l harakati qoidalarini o‘zlari buzgan bo‘lsa-da, xodimlarning xatti-harakatlariga noto‘g‘ri izoh bergan holda ijtimoiy tarmoqlarga video joylashtirgan.

    Videotasvirlarni olayotgan haydovchilarning aksariyati yo‘l harakati qoidalarini buzganligi uchun yo‘l patrul xizmati xodimlari tomonidan to‘xtatilganligi, qoidabuzarlik uchun ma’muriy bayonnomalarni rasmiylashtirish jarayonini qarshilik ko‘rsatib tasvirga olganligi, shundan so‘ng noto‘g‘ri izohlar berilib, ijtimoiy tarmoqlarga tarqatilayotganligi ma’lum bo‘lgan.

    Ta’kidlash lozimki, ushbu yo‘nalishdagi xorijiy tajriba o‘rganilganda qator rivojlangan davlatlar qonunchiligida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarini suratga olish taqiqlanganini, muayyan choralar belgilanganini ko‘rish mumkin.

    Masalan, Buyuk Britaniyada ko‘chalarda yoki binolarida xizmat vazifalarini bajarayotgan huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarini ularning roziligisiz suratga olishni taqiqlovchi norma mamlakat parlamenti tomonidan 2000-yilda tasdiqlangan. Mazkur normaga ko‘ra xizmat vazifalarini bajarayotgan huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimini uning roziligisiz kamera, videokamera yoki mobil telefon orqali tasvirga olgan yoki tasvirga olishga uringan shaxs hibsga olinishi va keyinchalik 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

    Germaniyada politsiya xodimlarini suratga olish taqiqlangan emas, biroq ushbu fotosuratlar yoki videolarni ijtimoiy tarmoqlar va Internetga joylashtirish taqiqlangan.

    Fransiyada bir va boshqa operatsiyalar davomida politsiya xodimlari yoki jandarmlarning shaxsini identifikatsiya qilishga yordam beradigan tasvirlarni tarqatish bir yillik qamoq va 45 ming yevro jarima bilan jazolanadi.

    Ko‘rinib turibdiki, ko‘plab davlatlar qonunchiligida ichki ishlar xodimlarining xizmat vazifasini amalga oshirish chog‘idagi faoliyatini suratga yoki tasvirga olish hamda ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish taqiqlangan va buning uchun tegishli choralar ko‘rilishi mustahkamlangan.

    Milliy qonunchiligimizda esa ichki ishlar xodimlarini tasvirga olish taqiqlanmayapti, faqat olingan foto va videotasvirlarni ularni obro‘sizlantirish yoki haqorat qilish maqsadida tarqatish taqiqlanyapti va javobgarlik belgilanyapti.

    Qo‘mita Qonun bo‘yicha mutaxassis va ekspertlar, jamoatchilik vakillarini jalb qilgan holda yana muhokamalar o‘tkazishni rejalashtirgan, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.