Milliy ruh, milliy yuksalish manbai

    Fikr 19 Yanvar 2021 6862

    Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Vatan himoyachilari kuni arafasida Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yigʻilishida soʻzlagan nutqi biz, ilm-maʼrifat ahlini nihoyatda toʻlqinlantirib yubordi.

    Men, adabiyotshunos olim, qolaversa, barcha yurtdoshlarimiz qatori ona Vatanimizning har jihatdan kuchli-qudratli boʻlishini istaydigan oddiy fuqaro sifatida ana shu gʻoyat sermazmun, keng qamrovli nutqning eng muhim jihatlari haqida oʻz taassurot va kechinmalarimni qogʻozga tushirishga shoshilganim bejiz emas. Chunki bunday tarixiy voqeani yillar davomida kutib, orzu qilib kelardik. Prezidentimiz tomonidan ijod ahli qalbida armon boʻlib kelayotgan oʻy-fikrlar bajarilishi shart boʻlgan qatʼiy talab va vazifa sifatida kun tartibiga qoʻyildi.

    Taqdir taqozosi bilan majburiy harbiy xizmatni Afgʻonistonda oʻtashimga toʻgʻri kelgan. 1986-yilning kuzida sovet qoʻshinlarining dastlabki jangovar polklari afgʻon diyorini tark etganida men ham oʻsha safda edim. Termizga yetib kelgach, diviziya shtabi boshligʻi, kolonna qoʻmondoni hammamizga tashakkur bildirib, oq yoʻl tiladi. Menga roʻbaroʻ boʻlgach, alohida samimiyat bilan dedi:

    — Oʻrtoq katta leytenant, siz Oʻzbekistondan ekansiz. Men ilgari hech qachon bu yurtda boʻlmaganman. Mana shu imkoniyatdan foydalanib, bu oʻlkani bir tomosha qilib ketsam, degandim. Xizmatchilik, yana bu yerlarga kelish nasib qiladimi-yoʻqmi...

    Men bosh irgʻab, ona shahrim — Samarqand haqida soʻzlay ketdim. General meni toʻxtatib: “Boʻldi, Samarqand orqali uchib ketaman, birga yoʻlga chiqamiz”, deya gapni qisqa qildi.

    Samarqandga kelib, sayrni Amir Temur maqbarasidan boshladik. U paytlarda maqbara anchagina xarob, faqat koʻhna meʼmoriy yodgorlik sifatida turistlarga xizmat qilardi. Oʻzim ham, toʻgʻrisi, Amir Temur haqida “Vatan tarixi” darsligidan oʻqiganlarimdan boshqa narsani bilmas edim. Shuning uchun qisqagina izoh berib, mehmonni Amir Temur daxmasiga olib tushdim. Shu yerda maqbara nazoratchisini suhbatga tortdik. U daxmadagi qabrtoshlar kimga tegishli ekani, Ikkinchi jahon urushi arafasida Amir Temur qabri ochilgani haqida gapirib berdi. General uning soʻzlarini diqqat bilan tinglar ekan, koʻzini Amir Temurning qabridan uzmay, birpas turib qoldi va oʻychan qiyofada soʻz qotdi: “SSSR Qurolli Kuchlari oliy akademiyasida bizga “Amir Temurning harbiy siyosati va jang taktikasi” degan maxsus fan oʻqitilgan. Barcha generallar bu fanni puxta oʻzlashtirishi qattiq talab qilinardi. Buni qarang, dunyoga mashhur shunday tengsiz sarkarda sizning vatandoshingiz, oʻzbek millatiga mansub ekan-da! Bizga uni moʻgʻul deb tanishtirishardi. Nega shunday ulugʻ insonning maqbarasi bu darajada xarob ahvolda?”, deb boshini sarak-sarak qildi. Oʻshanda qalbimda milliy ruh, milliy gʻurur uygʻongandek boʻldi. Shundan keyin haligi mehmonga qaysi obidani koʻrsatmay, ularning abgor ahvolidan xafaligim — alamga, alamim — nafratga aylanib boraverdi. Shu kundan eʼtiboran, sovet tuzumi oʻrnatgan tartib-qoidalar, ajdodlarimizni obroʻsizlantirish, xalqimizni manqurtlashtirish siyosati mohiyatiga diqqat qila boshladim. Ichim armonga toʻlib ketdi...

    Prezidentimizning yigʻilishdagi: “Mustabid tuzum davrida tiz choʻkib, yerga qarab yashadik”, degan haqqoniy soʻzlari millionlab yurtdoshlarimizning qalb holatini, ahvoli-ruhiyatini ifoda etgandek boʻldi.

    Menga u kishining bir fikri, ayniqsa, kuchli taʼsir qildi. Davlatimiz rahbari harbiy okruglar oʻrtasida uch bosqichdan iborat musobaqalar oʻtkazish, gʻoliblarga muqaddas Vatan, kuch-qudrat timsoli boʻlgan Sohibqiron Amir Temurning jangovar bayrogʻini Qurolli Kuchlar Oliy Bosh qoʻmondoni sifatida shaxsan oʻzi topshirishini maʼlum qildi. Ana shu soʻzlar minbardan yangraganda, yillar davomida mening qalbimni, nafaqat mening, balki koʻplab ajdodlarimizning (Fitratning “Temur sagʻanasi” degan sochmasini eslang) yurak-bagʻrini oʻrtagan “Biz nega bunchalar zaif boʻldik?” degan savolga javob topgandek boʻldim. Chunki biz oʻzgalarga qaramlik yillarida Amir Temur ruhidan, Amir Temur shijoatidan, boy tariximizdan uzoqlashdik. Bugun Prezidentimiz ana shu buyuk qudratni yana xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz qalbiga qaytarmoqda.

    Yaratganning buyuk inʼomi — mustaqillik tantana qilib, armonlarning ushalish davri keldi... Taraqqiyotda kimdandir oʻzdik, kimdandir orqada qolib ketgan joylarimiz ham boʻldi. Nihoyat dunyo siyosatida “Yangi ­Oʻzbekiston” degan ibora paydo boʻldi. Bugun hayot yangilanmoqda, qalb va ruh, ongu tafakkur yangilanmoqda.

    Yaqinda Angliyadan bir hamkasbim arxiv materiallari bilan tanishish uchun Toshkentga keldi. Bir gal suhbat asnosida yorilib qoldi: “Doʻstim, xafa boʻlmaysan-u, bir narsaga hayronman. Davlatchiligingiz tarixining oʻzi — katta boylik-ku! Yon-atrofga qarasang, baʼzilar oʻz xalqi ruhini koʻtarish uchun yolgʻon tarixni toʻqib-bichib yotibdi. Sizlar esa asrlar davomida shakllangan bor tarixni tiklashga ham qandaydir tortinib turgandeksizlar... Yoki men nohaqmanmi?”

    Ingliz doʻstim mutlaqo haq edi. Ana shu soʻzlar taʼsirida yurgan kunlarimda ­Prezidentimizning Xavfsizlik kengashidagi tarixiy nutqini bevosita voqea joyida oʻtirib eshitish baxtiga muyassar boʻldim. Koʻnglimda nuqul bir fikr aylanadi deng: otga qamchi bosadigan vaqt keldi! Mana, millat rahnamosi ham shuni taʼkidlamoqda.

    Tarixdan maʼlumki, islohotchilarga hech qachon oson boʻlmagan. Ularning hayoti mudom jiddiy murakkablik, sinov va xatarlar poʻrtanasida kechadi. Alloh taolo xalq taqdiriga masʼul boʻlishni iroda etgan bunday mard va jasur zotlarni Oʻzi saqlaydi va qoʻllab-quvvatlaydi. Bu — ulugʻ avliyo va mashoyixlarning kitoblarida keltirilgan fikrlar. Bugungi kunda dunyo miqyosida tom maʼnoda mard va jasur yoʻlboshchi sifatida tan olingan islohotchi xalqimizni shiddat bilan oldinga boshlab bormoqda.

    Albatta, yillar davomida yoʻl qoʻygan kamchiliklarimizni uch-toʻrt yilda tuzatish oson emas. Ammo shu yoʻlda juda katta va dadil qadamlar qoʻyilmoqda. Oʻtgan qisqa davrda davlat tilining maqomini joyiga qoʻyish, sharti ketib, parti qolgan taʼlim tizimini toʻgʻri oʻzanga burish, oʻqituvchining tushib ketgan mavqei va obroʻ-eʼtiborini koʻtarish, bir-birini inkor etadigan qonunlarni tuzatish... bular oson ish emas. Iqtisodiyot va siyosat, jamiyatdagi muammolar haqida-ku, gapirmasak ham boʻladi. Barchasi rejali, chuqur va har taraflama puxta oʻylangan holda hal etilmoqda.

    Yigʻilishda davlatimiz rahbari milliy armiyamizning jangovar ruhini, yoshlarimizda mardlik va shijoat fazilatlarini yana-da kuchaytirish haqida juda kuyunib gapirdi. Umuman, yoshlarni buyuk ajdodlarimiz anʼanalari ruhida, harbiy-vatanparvarlik tamoyillari asosida tarbiyalash mazkur nutqning leytmotivi — bosh gʻoyasi boʻldi. Prezidentimiz buyuk bobomiz Amir Temur “Tuzuklar”idan yorqin misollar keltirdi. Hatto harbiy liboslar ham milliy qadriyatlarimizga mos boʻlishi lozimligiga alohida urgʻu berdi. Haq gap. Milliy ruhni bayroq qilib koʻtargan davlatlarning oʻz anʼanalarini qanday faxr bilan koʻz-koʻz qilayotgani jahon sport maydonlarida, ilm-fan, madaniyat, axborot va innovatsiyalar sohasida yaqqol namoyon boʻlmoqda. Bizga ham vaqt keldi, fursat keldi, imkon yetdi: uxlasak — uygʻonib, yotsak — turib, yursak — yugurib oldinga intilaylik endi. Tasavvur qiling, dunyodagi ming-minglab turistlar ataylab Londonga qirol saroyidagi faxriy qorovul almashish marosimini koʻrgani boradi. Turkiya va Hindistondagi harbiy marosimlarni aytmaysizmi? Yana qancha davlatlardan misol keltirishim mumkin. Bizning uch ming yillik davlatchiligimiz tarixida oʻzimizning armiyamiz yoxud dunyo havas qiladigan harbiy jang sanʼatimiz boʻlmaganmi? Harbiy unvon va lavozimlarimiz-chi?

    Afgʻoniston mudofaa tizimi amerikacha armiya tizimini oʻzlashtirgan boʻlsa-da, ular oʻz tarixiy nomlari, atamalaridan voz kechmadi-ku! Yoki arab mamlakatlarini oling. Ular ham mustamlakachi tuzumlardan koʻp ozor chekdi. Ammo mustaqil boʻlishi bilan armiyasida tarixiy anʼanalarni tikladi. Chunki yoshlarda milliy ruhni uygʻotish, ular uchun ideal timsollarni yaratish orqali mard va jasur avlodni tarbiyalashda buning taʼsiri beqiyos.

    Maʼlumki, yoshlar havasga, romantikaga, idealga intiluvchan boʻladi. ­Prezidentimiz oʻgʻil-qizlarimiz ana shunday idealni milliy armiyamiz, askar va ofitserlarimiz, generallarimiz timsolida koʻrsin, ularga havas qilsin va intilsin, degan maqsadda bu masalani kun tartibiga qatʼiy qilib qoʻymoqda.

    Sharq donishmandlari “Kimligingni tushuntirib oʻtirma, boringni koʻrsat”, deydi. Afsuski, biz uzoq vaqt davomida bu hikmatga amal qilmadik — oʻzimizda borini ham yoshlarimizga koʻrsatolmadik. Endi xatoni tuzatadigan, ayniqsa, maʼnaviy tarbiya borasida “nishon”ga toʻgʻri uradigan vaqt keldi.

    Davlatimiz rahbarining nutqidagi oʻta taʼsirchan nuqtalardan biri harbiy atamalarni isloh qilish haqidagi topshiriqlar boʻldi. Nafsilamrini aytganda, harbiy liboslarimiz sobiq tuzum davridagi holatdan farq qilmasligi yetmaganidek, harbiy atamalarimiz ham — eski “choponi”da turibdi.

    Davlatimiz rahbarining Qurolli Kuchlar tizimida oʻzbek tilini qoʻllashni kengaytirish borasidagi fikrlari Uchinchi Renessansga poydevor boʻladigan tamoyillardan biridir. Nafaqat armiyamiz, balki butun jamiyatimizning jonu tani boʻlgan milliy ruhni ana shunday shonli timsollar shakllantiradi. Milliy atamalar asrlar davomida tomirimizda mudrab yotgan ana shunday ruhni tiriltiradigan ulkan qudrat manbaidir. Ularni hayotimizdagi haqiqiy oʻrniga qaytarsak, men ishonaman, ular bilan birga buyuk Amir Temur bobomiz va boshqa ajdodlarimiz ruhi, ulugʻ tariximiz ham qaytadi, bizga madadkor boʻladi.

    Nega tarixiy, mumtoz badiiy asarlarni oʻqishga qiynalamiz? Chunki tariximizdan uzilib qolganmiz. Ulugʻ sarkarda ajdodlarimiz haqida tarixiy mavzuda yozilgan badiiy asarlarda “oʻron” soʻzini uchratsak, tushunmay qiynalamiz. Uni “parol” deyishsa, tushunamiz. Bunday soʻzlar koʻp. Masalan, adoviy — porox; bakovul — xoʻjalik va ovqatlanish uchun masʼul shaxs; borgoh — shtab; beklarbegi — shtab boshligʻi; boʻljar — plas; boʻluk — batalyon; dorugʻa — komendant; minglik — ming askarlik harbiy qism, mingbegi — ming kishilik harbiy qism qoʻmondoni; munshi — pisar; murchil — kolonna, saf; tuman — diviziya; tumanbegi — diviziya qoʻmondoni; urdu — armiya; urdugoh — lager; oʻnlik — vzvod, oʻnbegi — vzvod komandiri; xoʻshun — rota; xoʻshunbegi — rota komandiri; chodir — palatka; navkar — harbiy xizmatchi (yollanma); yasovul — qoʻriqlovchi, soqchi; oʻgʻruq — qoʻshin ortidagi taʼminot qismi (tыl); tavochi — adyutant; favj — otryad; qaravul — asosiy kuchlardan ancha ilgari yuradigan razvedkachilar otryadi; hirovul — qoʻshinning ilgʻor qismi; dovul — baraban; manqal — pechka (burjuyka), sadoq — oʻqdon (magazin) va hokazo.

    Tarixchi manbashunos mutaxassislarimizga murojaat qilinsa, yuzlab bunday atamalarni topib beradi. Ularni harbiy atamalar sifatida joriy qilsak, nafaqat soʻzimiz, balki oʻzimiz ham oʻzgaramiz. Ular jon tomirimizdek bizniki, oʻzgalarniki emas! Oʻzimiznikini, avvalo, oʻzimiz tiklaylik, keyin boshqalar havas qilib bizdan olsin.

    Davlatimiz rahbari bizni ham tafakkur maydoniga tushishga daʼvat etib, bong urdi. Mutaxassislar, tarixchilar, ijod ahli, tilchiyu adabiyotchilar — barcha-barchamiz yigʻilishda aytilgan ezgu gʻoyalarni qoʻllab-quvvatlab, ularning chuqur ilmiy asoslarini topishimiz, nafaqat harbiy atamalar, balki davlat va jamiyat boshqaruvining barcha sohalarida hali-hanuz amalda boʻlgan va hatto oʻzbekchasi borligi unutib yuborilgan, tarixan faqat va faqat oʻzimizga tegishli boʻlgan atamalarni joriy etish, davlat tilining haqiqiy, amaliy maqomini tiklashga erishish — nainki vazifamiz, balki insoniy, fuqarolik burchimiz boʻlishi kerak.

    Shuhrat SIROJIDDINOV,

    filologiya fanlari doktori, professor