Milliy zamin

    Madaniyat 21 Yanvar 2021 5349

    “Har qanday jism gravitatsiyaga uchraydi, aks holda, cheksiz koinotda parchalanib, yoʻq boʻlib ketadi!” Gravitatsiya — tortish, taʼsir etish maydoni. Bu qonun butun borliq yaralganidan buyon amalda.

    Agar bu qonun oʻz kuchini yoʻqotsa, ona yerimiz quyoshdan olislab ketar, ummonlar tubigacha muzlar, yashil olam xazon boʻlar, tabiat gavhari — insonning hayoti manguga toʻxtar edi. Ming shukrki, taqdir ato etgan azal qonunlar mavjud va ular bizga boʻysunmaydi.

    Bu gaplar kuni kecha Prezidentimiz oʻtkazgan yigʻilishdan keyin xayolimdan ketmay qoldi. U yerda tilga olingan “milliy zamin” soʻzi insonning mehvari boʻlgan — maʼnaviyatning asosi ekanini, usiz ilm ham, tajriba ham, til bilish ham hech narsa ekanini har doimgidan-da teranroq anglaganday boʻldim.

    Xalqimizda “oyogʻi yerdan uzilgan”, degan ibora bor. Bu bosar-tusarini bilmay qolgan, oʻzini, oʻzligini unutgan odamga nisbatan aytiladi. Vaholanki, hech kim oyogʻi yerdan uzilgan holda bir qadam ham bosolmaydi — harakatlana olmaydi. Har bir kishiga jamiyatning, atrofidagi odamlarning oʻz bahosi bor. El — sinchi!

    Deylik, bir necha tilni biluvchi, zamonaviy texnologiyalardan boxabar, oʻz ishining ustasi, ammo ota-onasiga noqobil, mahalla-koʻyni, qadriyatlarni pisand qilmaydigan kishidan ­eʼtiqod ham, Vatanga sadoqat ham kutib boʻlmaydi. Bunday kimsaga oʻzbeklar: “odamgarchiligi yoʻq” deb baho beradi. Siz mabodo uning yonini olib, “Axir, u yaxshi vrach (yaxshi usta, yaxshi texnolog)”, desangiz, javob shunday boʻladi: “Osmonni ushlab turgan boʻlsayam, avval odam boʻlsin!”. Maʼnaviyat degani shu.

    Biz adabiyotni, sanʼatni nega oʻrganamiz, darsliklarga kiritamiz? Maktabda Tarbiya fani nega joriy qilindi? Bularning barchasi tabiat qonunlariga muvofiq amalga oshmoqda: inson — ehtiyoj farzandi. Mudom axborot, informatsiya, ruhiy ozuqalarga muhtoj. Va biror joyda ham boʻshliq yoʻq. Agarda tafakkurimizda boʻshliq paydo boʻlsa, uning oʻrnini darhol boshqa narsa egallab oladi. Kitob yetib bormay qolgan joylarni maza-matrasiz seriallar egallaganidek.

    Jamiyat kishilari yaxshi bilan yomonni, foydali bilan zararlini ajrata olishi mumkin, biroq yaxshini topish imkoni boʻlmasa, boriga bozor, deb topilgan “ozuqa”ni isteʼmol qilaveradi. Bir ijodkor sifatida, turli munosabatlarda yurtdoshlarimiz bilan uchrashganimda, ularning savollariga diqqat qilaman: “Falon gazeta chiqyaptimi?” “Falon jurnalning muharririni televizorda koʻrdik. Afsuski, bu jurnal bizga yetib kelmaydi...”. Bu odamlar seriallar qurshovida qolib ketgan. Maʼnaviy ehtiyojini qondirolmaydi, lekin iloji yoʻq. Ammo ular yaxshi bilan yomonni ajrata oladi. Eng yomoni — oq bilan qorani ajrata olmayotgan yoshlar koʻpayib ketayotgani. Deylik, Oybekning “Navoiy” romani beradigan maʼnaviy qudratni maʼnaviyatimizga mos kelmaydigan lavhalarga boy serialdan farqlay olmaydigan yoshlarning ahvoli achinarlidir.

    Odam bir necha daqiqa nafas olmay tursa — oʻladi. Maʼnaviy osmonimizda qanday havo mavjud boʻlsa, odamlarimiz istaydimi-yoʻqmi, shu havodan nafas oladi. Prezidentimiz oʻtkazgan yigʻilish ana shunday koʻzga koʻrinmas xavfga boʻlgan ogohlikdir, ogohlikka chaqiriqdir.

    Nima qilmoq kerak: yaxshi kitoblar adadini keskin koʻtarish kerak! Maʼnaviyatga xizmat qiladigan, Vatan manfaatlarini koʻzlovchi nashrlarning odamlarga yetib borishini taʼminlash zarur!

    Aytilgan gaplar oʻz egalarigacha yetib borishi, bagʻrimizda oʻsayotgan bolamizni oʻzimiz tarbiya qilishimiz lozim. Uni televizor yoki telefon oʻz taʼsiriga olmasligi kerak. Zero, davlatimiz rahbari bu masalada, oʻz faoliyatining ilk kunlarida kuyunchaklik bilan: “Bugun bitta kitob oʻqiyotgan bola, ertaga oʻnlab, yuzlab televizor qarshisida oʻtirgan bolalarni boshqaradi”, degan edi. Shunday ekan, milliy zaminimiz — maʼnaviy makonimizni mahkam boʻlib, oyoqni tik bosmogʻimiz, bu yoʻlda har birimiz oʻz ulushimizni berishimiz har qachongidan ham zarur!

    Shodmonqul SALOM,

    Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir