Kitobning kirish qismida oʻzbek tilining oʻziga xos xususiyatlari, uning oʻzgarish bosqichlari hamda oʻzbek xalqining shakllanish tarixi haqida soʻz yuritilgan.
Boshqa qoʻllanmalardan farqli ravishda kitobning asosiy qismidagi 20 ta darslar yirik mavzularni alohida-alohida toʻliq tushuntirishga emas, balki xorijiy tilni oʻrganish uchun eng zarur boʻlgan qoidalar va konstruksiyalarni oʻrgatishga bagʻishlanadi, keyinchalik mavzular asta sekin murakkablashib boradi.
Oʻzbek tilida feʼl zamonlarini tushunish xorijliklar uchun nisbatan murakkabligini inobatga olib, qabul qilingan standartlardan farqli ravishda ingliz tiliga qiyoslab sodda koʻrinishda tushuntirilgan.
Har bir dars soʻnggida qisqa mashqlar va matnlar keltirilgan. Bunda oʻrganuvchiga ogʻirlik boʻlmasligi uchun mashqlar soni koʻpaytirilmagan. Zero, hozirgi zamonda har bir shaxs ixtiyoriy tilda istalgan miqdorda maʼlumotlarni Internet tarmogʻidan topishi va turli dasturlar yordamida ularni tarjima qilishi mumkin.
Kitob soʻnggida til oʻrganishni osonlashtiruvchi qoʻshimcha qismlar ham kiritilgan.
Oʻzbek tili shevalari va ularning farqlari tushuntirilgan hamda xalq orasida ishlatiladigan, lekin adabiy tilga kiritilmagan baʼzi keng foydalaniladigan oʻzlashma soʻzlar ham mazkur kitobga ilova qilingan.
Maʼlumki, xorijiy tilni sheʼrlar va qoʻshiqlardan foydalanib oʻrganish juda qulay. Shuni inobatga olib, oʻzbeklar orasida ommalashgan sheʼr va qoʻshiqlar kitobga kiritilgan boʻlib, ulardagi murakkab soʻzlar tarjimasi ham bevosita berilgan. Zero oʻrganuvchi mustaqil ravishda ushbu qoʻshiqlarni bevosita Internet tarmogʻida topishi va qoʻshiq matni bilan oʻrganishi mumkin.
Kitobda mustaqil tarjima qilish uchun Oʻzbekiston va uning qadimiy shaharlari, buyuk tarixiy shaxslari toʻgʻrisida qiziqarli maʼlumlar ham mavjud.
Kitob soʻnggida ilk martaba 2 400 ga yaqin eng faol qoʻllanadigan oʻzbekcha-inglizcha mini-lugʻat oʻrin olgan. Ular turli dasturlar yordamida faollik darajasini tekshirish asosida saralangan.
Yaqin kunlarda ushbu kitob diplomatik missiya koʻmagida chop etiladi va Misrdagi kutubxonalar hamda Qohira universiteti talabalari oʻrtasidagi tarqatiladi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.