O'sha ilk anjumanda ustoz Abdulla Oripovning adabiy saboqlaridan bahramand bo'lgan, Halima Xudoyberdieva va erkin Voxidovnining e'tirofidan hayajonlangan va albatta ustozlarning nazariga tushgan. Qancha suvlar oqib o'tdilar, O'riklisoy suvlari hanuz mavjlanmoqda, yosh ijodkorlarning “Zomin” seminari hamon davom etmoqda. Ne tongki, bugun poytaxtimizning qoq markazida olam adiblarini hayratga solib turgan “Adiblar xiyoboni”, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasining yangi ko'rkam binosi va bunda bo'layotgan qizg'in mushoiralar va xalqaro adabiy anjumanlarning ilk tamal toshlari o'shandayoq qo'yilgan edi. Farg'onaning Uchko'prigida tug'ilgan, Farg'ona davlat universitetini tamomlagan shoira qizimiz o'tgan yillar davomida ancha-muncha tajriba sohibasi bo'lib, kamol topdi. Gazeta-jurnallar tahririyatlariyatlarida qalami charxlandi, radio-televidenie muxbiri sifatida nutq va suxandonlik sinovlaridan muvaffaqiyat bilan o'tdi.
“Istiqlol umidlari” turkumida chop etilgan “Tavof” nomli birinchi to'plami bilan “Zomin” seminarining g'olibi, “Ko'nglim shu'lalari” nomli ikkinchi kitobi esa “eng ulug', eng aziz” respublika tanlovi mukofotiga sazovar bo'ldi. Muxtasarning she'rlari ismiga munosib muxtasar bo'lsa kerak, deb o'ylagan edim. Aslida ham shunday. Hamma she'rlarida ham nozik nuqtalar, o'zbek ayoliga xos nafis shevalar, tashbeh va o'xshatishlar talaygina. Menga ma'qul bo'lgani – shoiramizning she'rlari milliy so'zanalarimizga, momolarimizning qalb ifodasi bo'lmish quroq-kashtalarga o'xshaydi. So'zlar va satrlar bilan ham yaxlit she'riy so'zanalar tikish mumkin ekan-da... Bu endi chevarning quvvai hofizasi, nozik didi bilan ko'nglidagi dard va sog'inchlarga bog'liq. Misol keltiramiz:
Sochlarimni gullatgan dardini ko'zga suray,
Yorug' tonglar nafasi otashidan o'rgulay,
Momomning dilsavag'ich maydonidaman, netay,
Sizga aytsam so'zimning kashtasini, Bibijon.
Bibixonim momomizga bag'ishlangan bu satrlarda “dilsavag'ich” degan so'z bilan “so'zimning kashtasi” iboralari nihoyatda nozik va jo'yali ifodalangan. Ayol ko'ngli va nazokatiga xos ibo va hayo, latofat va malohat shoiraning she'rlarida uyalibgina qarab turadi. “egatlar oq ro'mollar o'rab” turgan paytda mana bunday satrlar tug'iladi:
Teraklarning bargida titroq,
Ro'mol uchin tishlaydi gumon.
YUpatmoqchi bo'ldi qaldiroq,
Biroq... yig'lab yubordi osmon.
“Hazrat Navoiy va Boburni o'qib, Haziniyni tinglab o'sgan bolalar...” taqdiri ijodkor qalbini xavotirga soladi, o'yga toldiradi. Shuning natijasi o'laroq yangi va yangi she'riy satrlar bezovta ko'ngildan qog'ozga to'kiladi. Men rosti gap, Muxtasar shoiramiz haqida so'zni juda ham muxtasar qilmoqchi edim, lekin yangi she'riy turkumini o'qib, taassurotlarimni har qancha urinmayin, qisqartirolmadim. Ikki nozik nuqtaga urg'u berilgan bo'lsa-da, ko'p gaplarim qolib ketganday... Bugungi kunda Yangi O'zbekistonimizning ko'rkam gazetalaridan bo'lmish “Yangi O'zbekiston” ro'znomasida zamonamizning dolzarb mavzularida ko'rkam chiqishlar qilayotgan Muxtasarxonga bundan keyin ham chiroyli va nafis she'riy kashtalar bitishiga dilchevarlik tilaymiz.
Sirojiddin SAYYID,
O'zbekiston xalq shoiri