Mamlakatimizda intellektual mulk himoyasi qay darajada yoʻlga qoʻyilgan? Mulk egalarining haq-huquqlari toʻlaqonli muhofaza etilyaptimi? Shu va boshqa savollarga javob olish maqsadida Intellektual mulk departamenti bosh maslahatchisi Sharofiddin Abdumalikovga yuzlandik.
— Oʻzbekistonda intellektual mulk obyektlarini himoya qilish qay darajada yoʻlga qoʻyilgan?
— Prezidentimizning 2018-yil 13-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan, Adliya vazirligi intellektual mulk sohasi boʻyicha yagona davlat boshqaruv organi hisoblanadi. Vazirlik intellektual mulk yoʻnalishi boʻyicha sohani rivojlantirish uchun davlatning boshqa tashkilotlari bilan hamkorlik qiladi. Xususan, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzkomnazorat inspeksiyasi va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda intellektual mulkni turli yoʻnalishlarda himoya qiladi.
Prezidentimizning 2022-yil 26-apreldagi qaroriga binoan, 2022–2026-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida intellektual mulk sohasini rivojlantirish strategiyasi tasdiqlangan. Unga asosan, yoʻl xaritasi va chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan. Hozir ularda belgilangan vazifalar bosqichma-bosqich amalga oshirilyapti.
Intellektual mulkni ikki katta yoʻnalishga boʻlsak, birinchisi sanoat mulki obyekti yoʻnalishidir. Unga ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalari, seleksiya yutuqlari va boshqalar kiradi. Brendlar ham shunga taalluqli. Tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari, tovar kelib chiqqan joy nomlari hamda geografik koʻrsatkichlar ham sanoat mulki obyekti hisoblanadi.
Ikkinchi katta yoʻnalish mualliflik va turdosh huquq obyektlaridir. Ikkala yoʻnalish oʻrtasida oʻzaro farqlar mavjud. Bu qonunchilikda belgilangan. Mualliflik va turdosh huquqlar yoʻnalishiga toʻxtalsak, u Oʻzbekiston Respublikasining mualliflik va turdosh huquqlar toʻgʻrisidagi qonuni bilan tartibga solinadi.
Bu ikkita yoʻnalish boʻyicha Adliya vazirligida intellektual mulkni huquqiy himoya qilish boshqarmasi faoliyat yuritadi. Oʻz navbatida, uning tarkibida ham sanoat mulki obyekti hamda mualliflik va turdosh huquqlar himoyasi bilan shugʻullanadigan ikkita boʻlim mavjud. Bundan tashqari, “Intellektual mulk markazi” davlat muassasasi bor. U intellektual mulk obyektlari uchun muhofaza hujjati berish bilan shugʻullanadi.
Sanoat mulki obyektlari muhofaza hujjati olmasa, himoyaga ega boʻlmaydi. Buning uchun ular ekspertizadan oʻtkaziladi. Soʻng muhofaza hujjatiga ega boʻladi. Aytaylik, ixtiro, sanoat namunasi, foydali model, seleksiya yutugʻiga patent; brendlar, tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari, geografik koʻrsatkichlar uchun guvohnoma beriladi.
Guvohnoma yoki patent olish uchun ishlanmalar “Intellektual mulk markazi” davlat muassasasi ekspertizasidan oʻtkaziladi. Huquq egasi tegishli tartibda ariza topshirganidan soʻng davlat boji toʻlaydi. Ekspertiza muvaffaqiyatli oʻtsa, ishlanmalarga muhofaza hujjati beriladi.
— Mualliflik huquqi buzilsa, qanday chora koʻriladi?
— Mualliflik huquqi buzilsa, qoʻllanadigan bir necha huquqiy taʼsir choralari bor. Ijroiy-huquqiy va maʼmuriy-huquqiy taʼsir choralari shular jumlasidan. Bundan tashqari, fuqarolarning oʻzi fuqaroviy tartibda sud orqali kompensatsiya undirishi mumkin. Muallifning huquqlarini oʻzlashtirib olish holati yuz bersa, bu jinoyat sifatida kvalifikatsiya qilinadi hamda Jinoyat kodeksining 149-moddasi bilan tegishli tartibda javobgarlikka sabab boʻladi. Bu bilan prokuratura organlari shugʻullanadi.
Bundan tashqari, mualliflik va turdosh huquq obyektlaridan noqonuniy foydalanish holatlari boʻyicha Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 1771-moddasi qoʻllanadi. Huquqlari buzilgan taqdirda, fuqarolar, yaʼni mualliflar yoki boshqa huquq egalari sud orqali “Mualliflik va turdosh huquqlar toʻgʻrisida”gi qonunning 65-moddasi va 62-moddasiga asosan, huquqbuzardan bazaviy hisoblash miqdorining 20 barobaridan 1000 barobarigacha kompensatsiya undirishi mumkin. Kompensatsiyaning miqdorini, albatta, sud belgilaydi.
Sanoat mulki yoʻnalishi boʻyicha intellektual mulkning huquqiy taʼsir choralarini koʻrish huquqiy himoya yoʻnalishi boʻyicha tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari, tovar kelib chiqqan joy nomlari toʻgʻrisida qonunning 371-moddasiga asosan, huquq buzilgan holatda huquq egasiga nisbatan moliyaviy sanksiya qoʻllash mumkin.
— Intellektual mulk huquqini buzish holatlari koʻp uchraydimi?
— Huquq buzilishi aynan mualliflik va turdosh huquqlar yoʻnalishida koʻp uchraydi. Bu, misol uchun, nashriyot, televideniye, ijtimoiy tarmoqlar, internetda juda koʻp kuzatiladi. Mana shunday holatlarni aniqlash, chora koʻrish va bartaraf etish mexanizmlari tegishli tartibda ishlab chiqilgan.
— Mualliflik huquqi buzilishi boʻyicha bir yilda oʻrtacha hisobda qancha shikoyat kelib tushgan?
— 2022-yilgi statistikaga qarasak, mualliflik va turdosh huquqlarning buzilishi boʻyicha 80 ga yaqin shikoyat kelib tushgan. Sanoat mulk obyekti yoʻnalishini qoʻshsak, bu koʻrsatkich ancha oshadi.
— Qanday holatlarda muallif ruxsatisiz intellektual mulkdan foydalanish mumkin?
— “Mualliflik va turdosh huquqlar toʻgʻrisida”gi qonunda mualliflik huquqini cheklagan tarzda intellektual mulkdan foydalanish holatlari koʻrsatilgan. Xususan, tergov yoki sud organlari tomonidan tegishli ishni oʻrganish davomida foydalanish mumkin. Yana, hamma bora olishi mumkin boʻlgan joylar, inshoot, bino va boshqa obyektlardan shaxsiy maqsadda, albatta, foyda olishni koʻzlamagan holda foydalanish mumkin.
Bundan tashqari, nashriyotda, ilmiy ishlarda foydalanganda, aytaylik, biror olim yoki muallifning asaridan iqtibos keltirgan holda, cheklangan hajmda, yaʼni normal foydalanishdan chetga chiqmagan holda qoʻllash kerak. Normal foydalanish deganda har bir yoʻnalishning oʻz meʼyorlari tushuniladi. Muallifning kimligini keltirgan holda erkin foydalanish mumkin. Bu, albatta, foyda olishni koʻzlamagan holda qilinishi kerak.
Sizga bir misol keltiraman. 2022-yilda Oʻzbekiston koʻzi ojiz, koʻrishda nuqsoni boʻlgan va bosma axborotni idrok etishda boshqa jihatdan qobiliyati cheklangan shaxslarning nashr etilgan asarlardan foydalanishini yengillashtirish toʻgʻrisidagi Marokash shartnomasiga qoʻshildi. Unga koʻra, deylik, biror yozuvchining asari koʻzi ojizlar jamiyati tomonidan koʻzi ojizlar uchun maxsus brayl yozuvida chop etilsa va asosiysi moddiy manfaat olishni koʻzlamagan holda, foydalanish uchun tekin berilsa, bu holat huquq buzilishi hisoblanmaydi. Agar asar brayl yozuvida koʻzi ojizlar uchun chop etilsa-yu, foyda olishni koʻzlagan holda sotilsa, bu cheklash emas, huquq buzilishi boʻladi.
— Biz foydalanayotgan elektron dasturlar ham intellektual mulkmi?
— Biz foydalanayotgan har bir dastur, aytaylik, maʼlumotlar bazalari va EHM dasturlari ham mualliflik turdosh huquq obyekti hisoblanadi. Bu “Mualliflik va turdosh huquqlar toʻgʻrisida”gi qonunning 6-moddasida aks etgan. Mualliflik va turdosh huquq obyekti sifatida baholangan dasturlar himoya qilinadi. Bu yoʻnalishdagi murojaatlar ham juda koʻp. Bir subyekt ikkinchi subyektning dasturidan noqonuniy foydalangan, tekshiruv ruxsatnomasini noqonuniy koʻpaytirgan, tarqatgan holatlarga tegishli tartibda choralar koʻrilgan.
Dasturlar ham himoya qilinadi. Davlat tashkilotlari, avvalo, oʻzi mualliflik va turdosh huquqlarga rioya qilgan holda dasturlardan foydalanish lozim. Tekshiruvga chiqqanimizda koʻpgina holatlarda davlat tashkilotlarining EHM uchun dasturlardan noqonuniy foydalanish holatlariga guvoh boʻlganmiz. Bunday holatlarning oldini olish maqsadida Adliya vazirligi tegishli tartibda profilaktik tadbirlar oʻtkazib keladi.
— Huquq buzilganda mulk egasi shikoyat qiladimi yoki davlat oʻzi tashabbus bilan chiqadimi?
— Siz mulkning egasisiz. Aytaylik, intellektual mulk ham moddiy neʼmat kabi mulk. Masalan, sizning telefoningiz yoki tilla buyumingizni birov oʻgʻirlasa, bundan davlat tashkilotlari xabar topadimi? Yoʻq, albatta. Bu tabiiy hol. Shunday ekan, huquq egasining oʻzi tashabbus koʻrsatishi kerak. Shundan biz sizning huquqingiz buzilgani va mulkingiz oʻzgaga oʻtganini bilamiz. Moddiy obyektlarni bilib boʻlmagandan keyin nomoddiy obyektlarni qanday bilish mumkin? Masalaning bu tarafigayam eʼtibor berish kerak.
Shuning uchun eng asosiy masala — huquq egalari befarq boʻlmasligi kerak. Intellektual mulk ham moddiy mulk kabi. Shunga asosan, u kimdir tomonidan buzildimi, tegishli tartibda Adliya vazirligiga murojaat qilish kerak. Adliya vazirligi oʻzining vazifalari doirasida aniqlangan holatlar boʻyicha tegishli chora koʻradi. Albatta bu yerda bitta jihat bor: mualliflik yoki turdosh huquqlar boʻyicha qaysidir ijodkorning sheʼri yoki musiqasidan kimdir noqonuniy foydalansa, biz huquq egasiga murojaat qilamiz. “Sizni huquqlaringiz mana bu shaxs tomonidan buzilyapti”, deganimizda “Mayli, foydalanaversin, qarshiligim yoʻq”, degan soʻzlarni eshitamiz. Bu holatda huquq egasi norozi emas. Demak, hech qanday huquqbuzarlik alomati yoʻq hisoblanadi.
— Nashriyotlarda jahon adabiyotidan kitoblar, asarlar tarjimalar qilinadi. Ularda muallif huquqlari qanday himoyalanadi?
— Bu yoʻnalishda AOKA bilan hamkorlikda koʻp ishlar amalga oshirildi. Nafaqat poytaxtda, hududiy boshqarmalarda ham vakolatli tashkilotlar bilan hamkorlikda profilaktika ishlarini oʻtkazamiz. “Mualliflik va turdosh huquqlar toʻgʻrisida”gi qonun boʻyicha qandaydir asarni tarjima qilish yoki undan foydalanish uchun, avvalo, huquq egasi bilan yozma shartnoma boʻlishi shart. Bu qonunda ham yozib qoʻyilgan. Nashriyotlarni oʻrganganimizda, yozma shartnoma tuzmagan holda asarlar tarjima qilinganini aniqlaganmiz. Bunday holatlar boʻyicha shartnoma berilmagani — birinchi masala. Ikkinchi masala — kitoblar texnik talablarga mos kelmaydigan tarzda chiqariladi.
Jahon adabiyoti bilan ishlayotganda, biz har doim shartnoma talab qilamiz. Bu ham qonun jihatidan, ham Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro imiji nuqtayi nazaridan juda muhim. Mashhur nashriyotlar, huquq egalari Oʻzbekiston Respublikasida kontrafakt kitoblar soni koʻpayishi, Oʻzbekistonning dunyo boʻyicha imiji tushishiga sabab boʻladi. Shuning uchun ham biz xorijiy adabiyotlar uchun alohida chora-tadbir koʻramiz.
— Masalan, oʻzbekistonlik fuqaroning ijod mahsuli, sheʼri yoki qoʻshigʻi boshqa bir davlat fuqarosi tomonidan kuylansa, oʻzbekistonlik fuqaro qayerga murojaat qiladi?
— Buning ikkita chorasi bor. Birinchisi, fuqaro oʻzi bevosita murojaat qilishi mumkin. Ikkinchi yoʻli — fuqaro davlat tashkiloti yordamida, Adliya vazirligi yoki Tashqi ishlar vazirligi koʻmagida mualliflik va turdosh huquqlar himoyasi boʻyicha chiqishi mumkin. Bu yoʻnalish boʻyicha Oʻzbekiston Bern konvensiyasiga aʼzo. Aʼzo davlatlar mana shu konvensiyaga asosan, oʻzining hududidagi mualliflik va turdosh huquq obyektlari himoyasini taʼminlab berishi kerak.
OʻzJOKU talabasi
Dinora SULTONOVA suhbatlashdi.