Muassasada “Elektron poliklinika” tizimi yo'lga qo'yildi

    “Elektron poliklinika” tizimi ro'yxat va ma'lumotlarni avtomatlashtirish, yagona elektron ambulatoriya tibbiy kartasini yuritish kabi afzalliklarga ega. Bemorlar masofadan turib, o'zi uchun qulay vaqtda shifokor ko'rigiga navbat olishi mumkin.

    Mamlakatimizda sogʻliqni saqlash sohasini tubdan isloh qilish, xususan, aholi salomatligini mustahkamlash, tibbiyot muassasalari infratuzilmasini yaxshilash, tizimning birlamchi boʻgʻiniga zamonaviy kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish borasida keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda. Zero, Prezidentimiz tashabbusi bilan 2021-yilni “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb eʼlon qilinishi zamirida ham ana shunday ezgu maqsad mujassam.

    Davlatimiz rahbari raisligida 2020-yil 6-noyabrda sogʻliqni saqlash tizimining birlamchi boʻgʻinini takomillashtirish hamda aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirish chora-tadbirlariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda ilgʻor xorijiy tajriba asosida umumiy amaliyot shifokorini haqiqiy oilaviy shifokorga aylantirish, ularga yordam berish maqsadida tibbiyot brigadalari tashkil etish, oilalar kesimida “tibbiy xarita”larni shakllantirish, aholi bilan manzilli ish olib borish, ular salomatligi holatini baholash va elektron bazasini yaratish, tibbiyot muassasalarini xodimlar va diagnostika vositalari bilan taʼminlash borasida qator vazifalar belgilandi.

    Ana shunday vazifalardan kelib chiqqan holda, aholi ayni paytda chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazilmoqda, ular orasida tibbiy madaniyat va sogʻlom turmush tarzi keng targʻib qilinmoqda. Poytaxtimizning Olmazor tumanida joylashgan 15-oilaviy poliklinika 9 ta mahalla fuqarolar yigʻiniga xizmat koʻrsatadi. Mahallalarda istiqomat qilayotgan 40 mingga yaqin aholining 38 ming 958 nafari xatlovdan oʻtkazildi. 26 ming 412 nafar katta yoshdagilar, 12 ming 546 nafar bolalar salomatligi mufassal tekshirildi.

    Buning uchun 24 ta tibbiyot brigadasi tashkil etildi. Oila shifokori, hamshira va tor soha mutaxassislaridan iborat brigadalar har bir uyga kirib, unda yashovchilarning boʻyi, vazni, bel aylanasi, pulsi, bosimi, saturatsiyasini oʻlchadi, salomatlik holatini belgiladi. 5 yoshgacha boʻlgan bolalar, homilador, tugʻish yoshidagi va 35 yoshdan oshgan ayollar, 40 yoshdan oshgan shaxslar skrining tekshiruvidan oʻtkazildi. Kasallikka moyillar individual patronajga olindi. Kasalliklarning oldini olish, erta bosqichda aniqlash, kasallanish darajasini pasaytirish va profilaktik tadbirlar vositasida aholi salomatligi koʻrsatkichi yana-da yaxshilandi.

    — Aholi orasida xavf guruhlarini baholashdan asosiy maqsad — kasallikni erta aniqlash va oldini olish, profilaktik ishlarni yoʻlga qoʻyish, ular uchun dispanser nazoratini belgilashdan iborat, — deydi 15-oilaviy poliklinika bosh shifokori Gulnoz Mamatqulova. — “Gʻalaba” mahalla fuqarolar yigʻinida 40 yoshdan oshganlar orasida yurak qon-tomir kasalliklari 55,5 foizni tashkil etayotgani aniqlandi. Shu bois, joriy yilning 6-yanvarida mahalla fuqarolar yigʻini idorasida maqsadli tibbiy koʻrik oʻtkazildi.

    Xavf guruhiga kiruvchilar kardiogramma qilindi, ulardan laboratoriya tahlillari olindi. Aniqlangan kasalliklarga davo choralari tavsiya qilindi. Bunday tadbirlarni kelgusida barcha mahallada oʻtkazish koʻzda tutilgan. Muassasada “Elektron poliklinika” tizimi yoʻlga qoʻyilgan. Ushbu tizim roʻyxat va maʼlumotlarni avtomatlashtirish, yagona elektron ambulatoriya tibbiy kartasini yuritish kabi afzalliklarga ega. Bemorlar masofadan turib, oʻzi uchun qulay vaqtda shifokor koʻrigiga navbat olishi mumkin.

    — Aholining toʻgʻri ovqatlanishi, ommaviy sport bilan shugʻullanishi hamda sogʻlom turmush tarziga rioya qilishi kasalliklarning oldini olish va umrni uzaytirishda muhim omil sanaladi, — deydi oilaviy poliklinika boʻlim boshligʻi Maʼmura Xidirova. — Oilaviy shifokor qabuliga kelgan har bir bemor bilan toʻgʻri ovqatlanish, badantarbiya, piyoda yurish, ochiq havoda sayr qilishning ahamiyati xususida suhbat oʻtkaziladi. Bu, albatta, bejiz emas. Chunki millat salomatligini mustahkamlash, xalq genofondini saqlashga sogʻlom turmush tarzi orqali erishiladi.

    Sogʻliqni saqlash vazirligi mutasaddi xodimlaridan iborat ishchi guruh poliklinikada mehnat qilayotgan shifokor va hamshiralar malakasini oshirish, ularning zamonaviy tibbiy texnologiyalarni oʻzlashtirishiga koʻmaklashish maqsadida oʻquv-seminarlar tashkil etdi. Bunday mashgʻulotlar, tibbiyot xodimlarini sohadagi eng soʻnggi yutuqlar bilan tanishish, tajriba almashish, bilim va malakasini oshirishga xizmat qiladi.