Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish orqali ularga huquqiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy va boshqa turdagi yordam koʻrsatish, shuningdek ularga jamiyatda qabul qilingan xulq-atvor normalari va qoidalarini singdirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishning huquqiy asoslari yaratilgan.
Bugungi kunda ichki ishlar organlarining muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxsni reabilitatsiya markaziga joylashtirish toʻgʻrisidagi iltimosnomalariga doir ishlar tumanlararo maʼmuriy sudlar tomonidan koʻrib chiqilmoqda. Biroq tumanlararo maʼmuriy sudlarning faqat viloyat markazlarida joylashganligi va hududlarning geografik joylashuvi boʻyicha bir-biridan uzoqligi, ichki ishlar organlari xodimining mazkur ish bilan shugʻullanishi davomida oʻz xizmat joyi uzoq muddat boʻsh qolishi, shuningdek shaxsni reabilitatsiya markaziga joylashtirish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish amaliyotini fuqarolarga qulayliklar yaratish nuqtayi nazaridan qayta koʻrib chiqish zaruratini tugʻdirmoqda.
Ushbu qonun loyihasi bilan muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxsni reabilitatsiya markaziga joylashtirish toʻgʻrisidagi iltimosnomalarni koʻrib chiqishga doir normalarni Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksidan Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻtkazish hamda mazkur toifadagi ishlarning jinoyat ishlari boʻyicha tuman, shahar sudlarida koʻrib chiqilishini belgilash nazarda tutilmoqda.
Taklif etilayotgan normalar muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxslarni reabilitatsiya markaziga joylashtirish bilan bogʻliq qiyinchiliklarni va ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olishga xizmat qiladi.
Majlisda mazkur hujjat deputatlar tomonidan qabul qilindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.