Muhim siyosiy jarayonning muvaffaqiyatli o'tishi uchun barcha asoslar yetarli

    Fuqarolarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtiroki ta'minlangan adolatli saylovlar demokratiyaning o'ta muhim va zarur sharti sanaladi.

    Jamiyatning demokratik tamoyillarini anglatuvchi muhim jihatlardan biri hayotiy qarorlarni ko'pchilik bo'lib qabul qilishda ko'zga tashlanadi. Bunda ijtimoiy-siyosiy hayotdan tortib, barcha yo'nalishlardagi islohotlarda xalqning bevosita ishtiroki, ularning ovozi va fikrlari inobatga olinishi davlat o'z fuqarolari bilan birgalikda rivojlanish yo'lini tanlaganidan dalolat beradi. O'zbekiston bugun ana shu yo'lda jadal harakatlanmoqda va bu yo'l ortga qaytmas tus olganiga guvoh bo'lyapmiz.

    Gap islohotlar xalq xohish-irodasi, muhokamasi, takliflari asosida amalga oshirilayotgani haqida borar ekan, milliy saylov tizimi ham shu jarayonning bir qismi ekanini aytish joiz. Negaki, demokratik islohotlarning yorqin ifodasi aynan saylov jarayonida ko'zga tashlanadi.

    2021-yilning oktyabr oyida bo'lib o'tgan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yodga olaylik. O'sha siyosiy jarayon milliy saylov tizimida yangi formatda va xalqaro standartlarga mos ravishda o'tgani yaxshi ma'lum. Joriy yil 30-aprelda esa yurtimiz tarixida ilk bor yangi tahrirdagi Konstitutsiyani qabul qilish bo'yicha referendum muvaffaqiyatli o'tkazildi.

    Munosib nomzodni xalq tanlaydi

    Milliy saylov tizimi, umuman, islohotlar jarayonida umummilliy fikrlarning inobatga olinishi borasidagi harakatlar yangi bosqichga ko'tarilmoqda. Fuqarolar o'z ovozining muhim ekanini, inobatga olinishini his eta boshlagach, o'z-o'zidan ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda ham faollik ko'rsatmoqda. Ko'pchilik befarqlik kayfiyatidan chiqib, daxldorlik hissini tuya boshlagani ham bor gap. Bunga aprel oyida o'tgan referendumda ovoz beruvchilarning 84,51 foizi ishtirok etib, ularning 90,21 foizi yangi tahrirdagi Konstitutsiyani qabul qilasizmi, degan savolga, “ha” deya javob berganida ham guvoh bo'ldik.

    O'zbekistonda demokratik-huquqiy davlatning ajralmas belgisi bo'lgan umumiy, yashirin ovoz berish tamoyillariga tayangan saylov huquqini ta'minlash, erkin va adolatli, shaffoflikka asoslangan saylovlarni o'tkazish va ularning huquqiy omillarini mustahkamlashga qaratilgan tizimli ishlar yo'lga qo'yildi. Ilg'or xorijiy saylov amaliyoti, shuningdek, xalqaro standartlar, fuqarolar siyosiy ongi hamda elektoral madaniyati o'sishi, amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarning borishi va talablari hisobga olinib, mamlakatimiz saylov qonunchiligi ham takomillashib bormoqda.

    Bugungi kunda dunyoning 30 dan ziyod mamlakatida saylovlar Saylov kodeksiga binoan o'tkaziladi. Shundan kelib chiqib, O'zbekistonda ham saylov qonunchiligini takomillashtirishga kirishildi. 2019-yilda saylovga oid beshta qonun o'rniga yagona Saylov kodeksi qabul qilingani jamiyatni demokratlashtirish, fikrlar xilma-xilligini qo'llab-quvvatlash hamda barqaror rivojlanish ifodasi sifatida namoyon bo'ldi. Mazkur jarayon mamlakatning barcha siyosiy partiyalari, fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokida umumxalq muhokamasiga alohida e'tibor qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Shuningdek, Saylov kodeksini yaratishda EXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo'yicha byurosi hamda Yevropa Kengashining Venetsiya komissiyasi, chet ellik kuzatuvchilar, ShHT, MDH, IHT kabi bir qator xalqaro tashkilotlar missiyalarining O'zbekistonda o'tgan saylovlar bo'yicha tavsiyalari hisobga olingan. Zero, fuqarolarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtiroki ta'minlangan adolatli saylovlar demokratiyaning o'ta muhim va zarur sharti sanaladi.

    Biror ijtimoiy-siyosiy hodisani ovoz berish yo'li bilan qabul qilish tarixdan ma'lum jarayon. Dunyoga taniqli arboblar liderlikka eng munosib nomzodni aniqlash xalq tanlovi orqali amalga oshirilishining afzalliklari haqida ko'p gapirgan. Jumladan, Sh.Monteskening “Qonunlar ruhi haqida” asarida “Xalq o'ziga tegishli bo'lgan hokimiyatning bir qismini kimga topshirish kerakligi to'g'risida tanlovni mukammal darajada muvaffaqiyatli amalga oshiradi. Bu yerda xalq faqat o'zi bilgan holatlar va eng aniq dalillardan foydalanadi, xolos. Agar kimdir xalqning rahbarlarni tanlash qobiliyatiga shubha qilsa, afinaliklar va rimliklar tomonidan uzluksiz, ketma-ket muvaffaqiyatli tanlangan rahbarlarga e'tibor qilsin”, deyilgan. Demak, davlat rahbarining xalq tomonidan saylanishi fuqarolar xohish-irodasini aks ettirish vositasi bo'lib, mamlakatning rivojlanish dasturini belgilab berishiga shubha yo'q.

    Barchasi ochiq va shaffof

    Saylov oshkora va haqqoniy o'tishini ta'minlashda kuzatuvchilar ishtiroki muhimdir. Zero, ular saylov kampaniyasi boshlanganidan to yakuniy natijalar e'lon qilingunga qadar ishtirok etib, o'z fikr-mulohazalari bilan o'rtoqlashib boradi. Xorijiy OAVda jarayonlar borishi muntazam yoritib borilishi esa oshkoralik muhiti yaratilishiga xizmat qiladi. Raqamlarga murojaat qilsak, mamlakatimizdagi saylov va referendumlarda ishtirok etuvchi xorijiy va xalqaro kuzatuvchilar soni sezilarli darajada oshganini ko'rishimiz mumkin. Jumladan, 2015-yilda bo'lib o'tgan Prezident saylovida 296 xalqaro kuzatuvchi qatnashgan bo'lsa, bu ko'rsatkich 2016-yilda 555 nafarni tashkil etdi. Bu O'zbekistondagi saylovlar xalqaro hamjamiyat e'tiborini jalb qilayotgan yangi siyosiy muhit, tub o'zgarishlar va demokratik islohotlar sharoitida o'tayotganidan dalolatdir.

    BMTning 2005-yil 27-oktyabrda e'lon qilingan Saylovlarni xalqaro kuzatish printsiplari to'g'risidagi deklaratsiyasi va unga ilova qilingan Saylovlarda xalqaro kuzatuvchilarning axloq kodeksi qoidalari asosida xalqaro tashkilotlar tomonidan turli qoidalar ishlab chiqilgan. Ular faoliyati ushbu hujjatlar va davlatlarning milliy saylov qonunchiligi bilan bog'liq normativ hujjatlarga asoslanadi. Xalqaro kuzatuvchilarning saylovlar davomida tahlil asosida e'lon qilinadigan xulosasi yo'l qo'yilgan kamchiliklarni kelgusida takrorlamaslik uchun qonunchilikka tuzatishlar kiritish jihatidan ham davlatning xalqaro miqyosdagi ijobiy imijini mustahkamlashga xizmat qiladi.

    Yurtimiz hayotidagi navbatdagi katta siyosiy tadbir – joriy yil 9-iyulda bo'lib o'tadigan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi ham demokratik adolat, oshkoralik, ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida o'tishi uchun tayyorgarlik boshlab yuborilgan. Boisi, saylovlarning eng muhim xususiyatlaridan biri ochiqlik va oshkoralikdir. Yangi O'zbekistonda saylov qonunchiligi va amaliyoti takomillashtirib borilishi esa davlat hokimiyatini shakllantirishning samarali mexanizmiga aylanib, uning izchilligi va siyosiy barqarorligini ta'minlashga xizmat qilyapti.

    Shu jihatdan, Markaziy saylov komissiyasi saylovga tayyorgarlik ko'rish hamda uni o'tkazishga doir barcha tadbirlar haqidagi ma'lumotlarni saylovchilarga ma'lum qilib borishi talab etiladi. Bu borada mamlakatimizda hech qanday inkor etuvchi jihatlar yo'q, aksincha, barchasi oshkora bo'lishi, xalq xabardorligini oshirish uchun tashviqot ishlariga alohida e'tibor qaratilmoqda.

    Saylovoldi tashviqoti – saylov kampaniyasi davrida amalga oshiriladigan va saylovchilarni nomzodni yoki siyosiy partiyani yoqlab ovoz berishga undashga qaratilgan faoliyat hisoblanadi. Shu ma'noda, yurtimiz bo'ylab muddatidan ilgari O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o'tkazuvchi komissiyalar a'zolari malakasini oshirishni tashkil etish kontseptsiyasi asosida o'quv-mashg'ulotlari boshlab yuborilgan. Gap shundaki, uchastka saylov komissiyalarining qonuniylik, xolislik, adolatlilik, haqqoniylik va oshkoralik tamoyillariga qat'iy amal qilgan holda faoliyat ko'rsatishi saylovning muhim mezonlari hisoblanadi.

    Bir so'z bilan aytganda, bo'lajak saylov jarayoni va uning muvaffaqiyatli o'tishi har tomonlama xalqimiz xohish-irodasi va siyosiy faolligiga bog'liq hodisa bo'lib, tarixda qolishiga barcha asoslar yetarli.

    Alisher USMONQULOV,

    Markaziy saylov komissiyasi a'zosi