Bunday holatda qonunbuzar shaxsni tarbiyalash, unda munosib xulq-atvorni qayta tiklash va nuqsonli xulqini tuzatish farovonlik va baraqarorlikni maqsad qilgan jamiyatning eng muhim vazifalaridan biri hisoblanadi.

Muhtaram Prezidentimizning joriy yilning 29 dekabrida parlamentimizga qilgan Murojaatnomasida sodir etgan jinoyati uchun ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan shaxslarga engillik berish, ya'ni yana bor imkoniyat berish orqali insonparvarlik tamoyilini to'la-to'kis ro'yobga chiqarishni nazarda tutadigan qarashlar bayon etildi. Xususan, Murojaatnomada jazoni ijro etish tizimida insonparvarlik tamoyillarini keng qo'llash borasidagi ishlar kelgusi yilda ham davom ettirilishi, xalqaro standartlardan kelib chiqib, 25 ta manzil koloniyalari bosqichma-bosqich qisqartirilishi, bundan buyon birinchi marta ozodlikdan mahrum etilgan shaxsga berilgan jazo engilrog'i bilan almashtirilsa,
u manzil koloniyaga o'tkazilmasdan,  probatsiya nazoratiga olinishi, mazkur engillik asosida hozirgi kunda jazo muddatini o'tayotgan 6 ming nafar shaxsga o'z mahallasi nazorati ostida oilasi bag'rida bo'lish imkoni yaratilishi ta'kidlandi.

Mazkur Murojaatnoma chinakam ma'noda insonparvarlikning yorqin ifodasi sifatida namoyon bo'lib, sodir etgan jinoyati uchun jazoga hukm qilingan shaxslarni ham rozi qilish, ularni farovon jamiyatga mutanosib qilib tarbiyalash, eng muhimi xato qilgan shaxslarni jamiyatdan ajratmasdan, ularning xulqini tuzatishni jazoni ijro etish muassasasidan ko'proq jamiyatga, ya'ni jamoatchilikka o'tkazishni nazarda tutdi.

Jazoni engilrog'i bilan almashtirish yoki jazodan shartli ozod qilishni qo'llash amaliyoti kengayadi

Amaldagi qonunchilikka ko'ra, ozodlikdan mahrum etilgan, ozodligi cheklangan yoki axloq tuzatish ishlariga hukm qilingan shaxslarga nisbatan sud jazoning o'talmagan qismini engilroq jazo bilan almashtirishi mumkin. Jazoni engilrog'i bilan almashtirish muayyan jazo turlari uchun o'rnatilgan tartib-qoida talablarini bajargan va mehnatga halol munosabatda bo'lgan mahkumlarga nisbatan qo'llaniladi.

Mahkum jazo muddatining qonunda belgilangan qismini o'tab bo'lganidan so'ng bir oylik muddat ichida jazoni ijro etuvchi muassasa yoki organ ma'muriyati uni jazoni o'tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoning o'talmagan qismini engilroq jazo bilan almashtirishga taqdim etish masalasini ko'rib chiqishi hamda taqdim qilish yoki rad etish haqida qaror qabul qiladi.

Tadqiqot va tahlillarga ko'ra, jazodan ozod qilish institutini qo'llash zaruriyati jinoyat sodir etishda aybli deb topilgan shaxsning qilmishi
va qilmishga nisbatan shaxsning munosabati, kelib chiqqan oqibatning xususiyati, shaxs va qilmishning jazoga sazovorligi, vaziyat o'zgarishi, jabrlanuvchining qilmish va shaxsga munosabati, shaxsning ijtimoiy-psixologik holatlar jazodan ozod qilish zaruriyatini vujudga keltiradi.

Ta'kidlash joizki, jinoyat sodir etganligi uchun jazoga hukm qilingan shaxsga nisbatan tayinlangan jazo garchi ishni sudda ko'rish davomida sodir etilgan qilmish va shaxsning ijtimoiy xulq-atvoriga katta ehtimol bilan jazoga munosib bo'lsada, biroq vaqt o'tishi, vaziyat o'zgarishi va mahkumning ijtimoiy xulq-atvoridagi holatlar unga dastlab tayinlangan jazoni keyinchalik dolzarbligi va ahamiyatini yo'qotishiga olib kelishi mumkin.

Bunday hollarda jinoyat sodir etganligi uchun jazoga hukm qilingan shaxsni jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish va jazoning o'talmagan qismini engilroq jazo bilan almashtirish zaruriyati vujudga keladi.

Aksariyat hollarda, mahkumni jazodan ozod qilish masalasi mavjud tartib-taomillarga ko'ra jazoni ijro etish muassasasi tashabbusi bilan amalga oshadi. Mazkur holatda mahkumni jazodan ozod qilish yoki tayinlangan jazoni engilrog'i bilan almashtirish masalasida bir tomonlama yondoshuvni namoyon qiladi. SHunday vaziyatda mahkumning huquq
va erkinliklarini to'la-to'kis ro'yobga chiqarish, uni samarasiz yoki dolzarbligini yo'qotgan jinoiy-huquqiy ta'qiblardan xolis jamoatchilik yordamida ozod qilish zaruriyati vujudga keladi.

 Mahkum manzil koloniyasi o'rniga o'z oilasi bag'rida tarbiyalanadi

Manzil koloniyalari muayyan turdagi jinoyatlarni sodir etganligi uchun ozodlikdan mahrum qilingan, sud tomonidan tayinlangan jazo muddatining qonunda nazarda tutilgan qismini o'tab bo'lgan shaxslar o'tkaziladigan, nisbatan engil rejimdagi jazoni ijro etish muassasasi hisoblanadi.

Sodir etgan jinoyati uchun ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm etilib, jazo turlari uchun o'rnatilgan tartib-qoida talablarini bajargan va mehnatga halol munosabatda bo'lgan mahkumlarga nisbatan jazoni o'talmagan qismi engilroq, ya'ni ozodlikdan mahrum qilish bilan bog'liq bo'lmagan jazoga almashtirish amaliyoti yanada takomillashtirilishi belgilandi.

Aytaylik, shaxs sodir etgan jinoyati uchun muayyan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm etilib, tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosini umumiy tartibli koloniyalarda qonunda belgilangan muddatini o'tagandan so'ng, amaldagi tartibga ko'ra qolgan o'talmay qolgan ozodlikdan mahrum qilish jazosini manzil koloniyasida o'taydigan bo'lsa, endilikda bunday toifadagi shaxslarga nisbatan tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi boshqa engilroq turdagi, ya'ni ozodlikdan mahrum qilish bilan bog'liq bo'lmagan jazo turlari, masalan axloq tuzatish ishlari jazosiga almashtiriladi yoki jazoni o'tashdan batamom ozod etiladi.

Murojaatnomada jazodan shartli ozod qilingan yoki jazo engilrog'i bilan almashtirilgan shaxslar manzil koloniyasiga o'tkazilmasdan, o'z mahallasi nazorati ostida oilasi bag'rida bo'lish imkoniyati yaratilishi nazarda tutildi. Albatta, har qanday shaxs sodir etgan jinoyati uchun javobgarlikka tortilishi muqarrardir. Biroq, jazo shaxsga jismoniy yoki ruhiy azob berish maqsadini ko'zlamasdan, shaxsni tuzalishi va jinoyat sodir etishini oldini olishga xizmat qiladi. SHuning bilan birgalikda, jazo sodir etilgan qilmish va shaxsning ijtimoiy holatiga mos bo'lishi, haqiqatda shaxsni boshqa choralar orqali tuzish imkonsiz bo'lgan holda u jazoni o'tashda davom etishi maqsadga muvofiq ham mumkin. SHaxsning xulq-atvori yoki qilmishining xususiyati jazoga sazovor bo'lmay qolgan taqdirda ham jazoni o'tashda davom etishi mantiqsizdir.   

Tasavvur qilaylik, shaxs sodir etgan jinoyati uchun olti yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm etildi. Jazoning to'rtdan bir qismini o'taganligi unga tayinlangan jazoni engilrog'i bilan almashtirish yoki jazoni o'tash rejimini engilllashtirish, ya'ni manzil koloniyasiga o'tkazish imkonini beradi. SHaxsning ijtimoiy xavfliligi kamayganligi sababli u manzil koloniyasiga o'tkaziladi. SHunday holatda shaxs manzil koloniyasiga emas, balki oilasi bag'riga qaytsa, unda berilgan imkoniyatga munosib xulq-atvori bilan javob berish tuyg'usi shakllanadi.

SHaxs birinchi marta jinoyat sodir etib, etkazilgan zararni qoplagan, aybiga iqror va chin ko'ngildan pushaymon bo'lgan, jazo turlari uchun belgilangan tartib-qoidalarga rioya qilgan bo'lib, u jazoni to'liq o'tab bo'lmasdan shunday ijobiy xulosaga kelinsa, albatta mahkum jazodan shartli ozod qilinishi yoki jazo engilrog'i bilan almashtirilishi lozim. Zero, shaxsning qilmishi yoki xulq-atvoriga muvofiq bo'lmagan jazoni o'tashda davom etishi, bu garchi qonuniy mezonlarga mos kelsada, adolat mezonlariga mos kelmaydi.

Manzil koloniyasi o'rniga probatsiya nazorati

Mamlakatimizda jinoyat sodir etgan shaxslarni axloqan tuzatish, ularni jamiyatdan ajratmagan holda jamoatchilik bilan uzviy hamkorlikda qayta tarbiyalash probatsiyaning mohiyatini ifodalaydi. Mamlakatimizda ozodlikdan mahrum qilish bilan bog'liq bo'lmagan jazolarni ijro etish, probatsiya bo'linmalari nazorati ostidagi shaxslarning xulq-atvori ustidan ta'sirchan nazoratni amalga oshirish bo'yicha yangi tizim yaratildi. Natijada, nazorat ostidagilar tomonidan qayta jinoyat sodir etilishi kamayishiga erishildi.

Murojaatnomada belgilanishicha, bundan buyon birinchi marta ozodlikdan mahrum etilgan shaxsga berilgan jazo engilrog'i bilan almashtirilsa, u manzil koloniyaga o'tkazilmasdan,  probatsiya nazoratiga olinadi. Zamonaviy xalqaro standartlar va ilg'or xorijiy tajribani inobatga olgan holda joriy etilgan bunday amaliyot jinoyat sodir etgan shaxsni maqsadli tarbiyalash va uning xulqini tuzatishda ijobiy natijalarga erishishni ta'minlaydi.

Xususan, ichki ishlar organlari tomonidan probatsiya nazoratiga olingan, ya'ni shartli hukm qilingan va jazoni o'tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxslarning xulq-atvori ustidan ta'sirchan nazorat amalga oshiriladi, ularning ijtimoiy moslashuvi va ishga joylashishiga, shu jumladan, ularning kasbiy tayyorgarligi bo'yicha tadbirlarni tashkil etish orqali har tomonlama amaliy ko'maklashiladi, ularning qayta jinoyat sodir etish xavfini aniqlash va bunga yo'l qo'ymaslik bo'yicha profilaktik chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Manzil koloniyasida ozodlikdan mahrum qilish jazosi shaxsning huquq va erkinliklarini muayyan tartib-qoidalar asosida cheklash orqali ijro etilsa, probatsiya nazorati faqatgina jazo ijrosi nazorati bilan cheklanmasdan mahkumning muammolari ham o'rganaladi va ushbu muammolarni hal qilish orqali mahkumni axloqan tuzatish va jamiyatga qayta tayyorlash tadbirlari amalga oshiriladi.

Insonparvarlik komissiyasi xalqchil yondoshuvni ifodalaydi

Jinoyat uchun jazo tayinlashda jinoyat qonuni qanchalik mukammal yondoshuvni belgilab, shuningdek jazo tayinlashga oid munosabatni qanchalik batafsil yoritgan bo'lishiga qaramasdan har doim ham jazo mahkumni axloqan tuzatish, uning jinoiy faoliyatni davom ettirishiga to'sqinlik qilish hamda mahkum, shuningdek boshqa shaxslar yangi jinoyat sodir etishining oldini olishning qat'iy kafolatini bermaydi.

Shu sababli ham qonun chiqaruvchi avvalo shaxsning ijtimoiy xulq-atvori xususiyatidagi o'zgarishlardan kelib chiqqan holda shaxsga jazo tayinlamaslik yoki mahkumni tayinlangan jazodan ozod qilish imkoniyatini nazarda tutgan. Albatta, shaxsga nisbatan tayinlanadigan jazo maqsadga muvofiq bo'lishi uchun jinoyat qonunidagi jazodan ozod qilishga oid normalar mukammal ishlashi va har bir holatda ushbu normalarga qat'iy e'tibor qaratilishini taqozo qiladi.

Insonparvarlik, shuningdek inson, uning hayoti, erkinligi, sha'ni, kadr-qimmati va boshqa ajralmas huquqlarini oliy qadriyat deb tan olish kabi umuminsoniy va konstitutsiyaviy tamoyillarning amalda ta'minlanishi, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha islohotlar
va yangilanishlarning asosiy mezoni hisoblanadi.

Muhtaram Prezidentimiz tomonidan joriy yilning 29 dekabr` kuni O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga yo'llangan Murojaatnomasida ham inson huquq va erkinliklarining eng muhim va dolzarb tamoyili, ya'ni insonparvarlikni amalda ro'yobga chiqarishga qaratilgan qarashlar bayon etildi. Xususan, Murojaatnomada jazoni engilrog'i bilan almashtirish va jazodan shartli ozod qilish to'g'risida taqdimnoma kiritish vakolati jazoni ijro etish organidan Insonparvarlik komissiyasiga o'tkazilishi ta'kidlandi.

Adashgan, xato qilgan shaxsga imkoniyat berish orqali uni yana jamiyatga qaytarish, uning xulq-atvoridagi nuqsonlarni bartaraf etishga imkoniyat berib, xolis va odilona qarash orqali bartaraf etishdek insonparvarlikning yuksak ifodasi namoyon etildi.

Shaxsni jazodan shartli ozod qilish yoki jazoni engilrog'i bilan almashtirish tashabbusi bilan chiqish jazoni ijro etuvchi organ nuqtai nazariga bog'liqligi adolat tamoyiliga mos kelmasligi e'tirof etildi. Darhaqiqat, bunday yondoshuv bir tomonlama yondoshuvni ifodalab, jinoyat qonunchiligida aks etgan insonparvarlik printsipini har doim ham to'la-to'kis ro'yobga chiqarish imkonini bermaydi.

Insonparvarlik komissiyasi shaxsni jazodan shartli ozod qilish yoki jazoni engilrog'i bilan almashtirishda jazoni ijro etuvchi organ nuqtai nazari bilan emas, balki jamoatchilik nuqtai nazari bilan qarash, jazoni ijro etish tartib-taomillari bilan yondoshmasdan, umume'tirof etilgan milliy qadriyatlar va an'analar bilan yondoshishga, pirovard natijada mahkumning ham roziligiga erishishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Biz Insonparvarlik komissiyasini xolis tuzilma sifatida jazodan shartli ozod qilish yoki jazoni engilrog'i bilan almashtirishda jamiyat va davlat o'rtasidagi ko'prik vazifasini o'tashiga xizmat qilishini tasavvur qilamiz. Insonparvarlik komissiyasi shaxsning ozodligi masalasida tashabbus bilan chiqishda har tomonlama, batafsil va xolis yondoshuvi bilan jamiyatda adolat g'oyasini qaror toptirishda o'ziga xos o'rin tutadi. Shaxsning sodir etgan qilmishidan to'g'ri xulosa chiqarganligi va xulqida ijobiy o'zgarishlar sodir bo'lganligi, jamiyatga qaytish va qayta tiklanishga tayyorligi uni jazolamasdan turib tarbiyalash mumkin degan qat'iy va xolisona tashabbuslar vujudga keltiradi.

Murojaatnomada qayd etilishicha, mazkur engillik asosida hozirgi kunda jazo muddatini o'tayotgan 6 ming nafar shaxsga o'z mahallasi nazorati ostida oilasi bag'rida bo'lish imkoni yaratiladi. Bundan tashqari, ushbu tadbirlarni amalga oshirishilishi mahkumlar va ularning oila a'zolarini rozi qilish, xato qilgan shaxslarga imkoniyat berish orqali ularning xulqini maqsadli tuzatish, pirovard natijada jazoni ijro etish tizimida adolat va insonparvarlik tamoyillarini to'la-to'kis ro'yobga chiqarilishi ta'minlanadi.

Samariddin OCHILOV,

Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filiali

Jinoyat-huquqiy fanlar kafedrasi mudiri v.b.