Eʼtiborli jihati shundaki, aholini tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish yangi 2021-yilda ham asosiy vazifa sifatida belgilab berildi. Buning uchun oʻquv kurslarini tamomlab biznesini boshlayotgan fuqarolarga kelgusi yilda zarur uskunalar xarid qilish uchun 7 million soʻmgacha subsidiyalar ajratish tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida 6 trillion soʻm imtiyoz kreditlar ajratiladi.

Bundan tashqari asosiy eʼtibor qishloq aholisini tadbirkorlikka jalb qilish, ularning mehnat faolligini oshirish va kasb-hunarga oʻqitishga qaratiladi. Mazkur tizimni amalga oshirish maqsadida qoʻshimcha 100 million dollar yoʻnaltiriladi.

Bu esa oʻz navbatida soʻnggi yillarda aholining keng qatlamini tadbirkorlikka jalb qilish va ularning daromad manbalarini kengaytirishga qaratilgan islohotlarning davomi ekanligini alohida taʼkidlash lozim. Jumladan oxirgi yillarda “Har bir oila – tadbirkor”“Yoshlar kelajagimiz” va boshqa ijtimoiy dasturlar doirasida jami 13 trillion soʻmdan ziyod imtiyozli kreditlar ajratilib, 600 mingdan ortiq oilalarni qamrab olishga erishildi.

Shuni ham aytish joizki, kelgusi yilda ham Oʻzbekistonda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishni yengillashtirish va ragʻbatlantirish maqsadida eskirgan, zamon talabiga javob bermaydigan byurokratik toʻsiq va gʻovlar bekor qilishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish davom ettiriladi.

Xususan, banklarda valyuta bozori onlayn platformaga oʻtkaziladi va tadbirkorlarga valyutani bevosita bankning oʻzidan sotib olish imkoniyati yaratiladi. Natijada tadbirkorlar valyutani hozirgidek 4 kunda emas yarim soatda sotib olishi mumkin boʻladi.

2021-yilda 24 ta yirik davlat korxonalariga xaridlarning oshkora talablari joriy etilib, mahalliy tadbirkorlar har yili kamida 10 trillion soʻmlik mahsulotlarini ushbu korxonalarga sotish imkoniga ega boʻladi.

Tadbirkorlik sohasidagi 105 turdagi litsenziyalarning bekor qilinib, 115 tasi boʻyicha esa tartib-qoidalar soddalashtirilishi adolatli biznes rivojiga ragʻbat boʻladi.

Bundan tashqari tadbirkorlarning mulk huquqi buzilganligi uchun davlat organlari xodimlarini maʼmuriy javobgarlikka tortish boʻyicha biznes ombudsmanga vakolat beriladi.

Oʻz navbatida, bu kabi oʻzgarishlar respublika hududida tadbirkorlik bilan shugʻullanish hamda ishbilarmon doiralar va davlat oʻrtasida oʻzaro ishonchni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Bunda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kelgusi yil, tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq 5 mingga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar qayta koʻrib chiqilib, ularning soni qisqartirilib, Tadbirkorlik Kodeksi ishlab chiqish borasidagi takliflari muhim ahamiyat kasb etadi.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda taʼkidlash lozimki, Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan islohotlar toʻlaqonli ravishda davlat va biznes oʻrtasida ishonch va hamkorlik tamoyillari asosida amalga oshirilmoqda.

Buning yaqqol misoli sifatida, pandemiya vaqtida investitsiyaviy faollikni ragʻbatlantirish, ishlab chiqarish surʼatlarini tiklash va daromadlarini koʻpaytirish maqsadida tadbirkorlik subyektlari mol-mulk soligʻi va yer soligʻini toʻlashdan ozod qilinganligini koʻrsatish mumkin. Bu esa oʻz navbatida 50 mingga yaqin tadbirkorlarga 300 milliard soʻm mablagʻni tejash imkonini yaratdi.

Shuning bilan bir qatorda kichik biznes va fermer xoʻjaliklari uchun ijtimoiy soliq stavkasi hozirgi 12 foizdan 1 foizga tushirildi. Natijada 260 mingdan ortiq korxona va fermer xoʻjaliklari 650 milliardga yaqin pul mablagʻlarini tejab qoldilar.

Bundan tashqari karantin tadbirlari davrida oʻz faoliyatini toʻxtatishga majbur boʻlgan tadbirkorlik subyektlari tomonidan davlat mulkidan foydalanganlik uchun ijara toʻlovlarini hisoblash va undirish toʻxtatildi.

Bu kabi tadbirlarning 2021-yilda ham davom etishi alohida ahamiyat kasb etadi. Jumladan, 20 mingta tadbirkorlik subyektining joriy yil yakunigacha kechiktirilgan 400 milliard soʻmlik yer va mol-mulk soligʻini toʻlash muddati yana bir yilga uzaytiriladi.

Bundan 4 yil oldin eʼlon qilingan tadbirkorlik subyektlarida tekshirishlar oʻtkazishga moratoriy esa yana bir yilga uzaytiriladi, zero Prezidentimiz taʼkidlaganidek, pandemiya paytida iqtisodiyotni barqaror ishlashi uchun tadbirkorlar davlat bilan teppa-teng hissa qoʻshdilar.

Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga navbatdagi Murojaatnomasida tadbirkorlarga iqtisodiy rivojlanishning asosiy “drayveri”ga aylanish uchun qulay shart-sharoit va imkoniyatlar yaratish 2021-yildagi asosiy vazifalardan biri sifatida belgilab berildi. Bunday yondashuv esa, yaqin istiqbolda oʻzining ijobiy natijasini berishiga ishonamiz.

Bekzod Rajabov,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti yetakchi ilmiy xodimi