Bu borada Prezidentimizning “Agar jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot boʻlsa, uning joni, ruhi maʼnaviyatdir”, degan fikrini keltirishning oʻzi kifoya.
“Biz bir boʻlsak yagona xalqmiz, birlashsak Vatanmiz!”. Bugun mustaqilligimizning 33-yilligi oldidan respublikamiz boʻylab bir qator tashkilotlar bilan hamkorlikda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan oʻtkazilayotgan Maʼnaviyat festivali ham ayni gʻoyani mujassam etgani bilan ahamiyatli. Olimlar, shoir va yozuvchilar, sanʼat va madaniyat sohasi vakillari yurtimizning barcha viloyatlarida, jumladan eng chekka hududlar, olis manzillarda boʻlib, qishloqlarga, guzarlarga, xonadonlarga bir olam zavq, maʼnaviy ozuqa, ziyo, bir soʻz bilan aytganda, Yangi Oʻzbekiston ruhini olib kiryapti.
Mintaqamizdagi xalqlar azaldan bir tanu-bir jon boʻlib yashaydi, yaxshi kunida bir-biriga oshu namak ulashadi. Ularning feʼlida, urf-odatlarida, koʻnikmalari, yashash tarzida turfalikni koʻramiz. Misol uchun, Surxondaryoning togʻli hududida yashayotgan el bilan Qoraqalpogʻistonning orolboʻyida istiqomat qiladigan odamlarning qadriyatlari, turmush tarzi mutlaqo oʻzgacha boʻlishi mumkin. Ularni yurt taqdiriga daxldorlik bilan bogʻliq yagona gʻoya birlashtirib turadi.
Maʼnaviyat festivali kabi yirik tadbirlar majmui ana shu gʻoyalar birlashuvida koʻprik vazifasini oʻtaydi. Orol fojiasi Qashqadaryo vohasi odamlarini ham oʻyga toldirsa, qoraqalpoq yigitlari maromini keltirib, Andijon polkasiga raqsga tushadilar. Hududiy folklor jamoalarining chiqishini aytmaysizmi! Milliy gʻurur tarixiy ildizsiz boʻlmagani kabi sanʼat ham azaliy poydevorsiz rivojlanmaydi. Folklor jamoalari, baxshiyu, oqinlar oʻz hududlariga xos urf-odat, qadriyatlarni singdirgan holda, ehtimol ming yillardan kelayotgan xalq termalari, dostonlarini kuylar ekan, xalqimizning oʻlmas, boy merosi bir-biriga tutash tomirlar singari ekanini namoyish etadilar.
Ijodiy guruh ishtirokchilari turli hududlarda turfa taassurotlar olayotganidan baxtiyor. Ayniqsa, olis qishloqlarning tozaqalb, kichikkoʻngil insonlari bilan uchrashish ularga oʻzgacha kayfiyat bagʻishlayotgani rost. Zero, ijodkorlarning barchasi yangidan-yangi ilhom manbalarini topayotganini zavq-shavq bilan eʼtirof etyapti. Toʻgʻrida, ijod ahli xalqning oʻzidan olib, uning oʻziga beradi. Bu tarzda yaratilgan asarlar hamisha xalqchil va samimiy boʻladi.
— Odamlarning yuzidagi, soʻzidagi shukronalik ruhini koʻrib, yayrab ketaman. Shunday vaqtlarda mening butun sanʼatim mana shu zahmatkash elniki ekanini yana bir bor his qilaman,» — deydi Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Turgʻun Beknazarov. Shoir Axtamquli esa “Adabiyot, ayniqsa sheʼr odamlarning qalbiga kirib boruvchi, tinglovchilariga gʻoya ulashuvchi muhim vosita”, deydi Darhaqiqat, Vatan haqidagi sheʼrlar hamisha insonni toʻlqinlantiradi. Ahamiyatlisi, vatan haqidagi har qanday asar odamlarni bir gʻoya atrofida birlashtiradi. U ham boʻlsa — vatanga sadoqat, muhabbat koʻrsatish.
“Madaniyat, sanʼat, adabiyot va ular bilan yoʻgʻrilgan ilm nafaqat elni birlashtiruvchi, balki ularni buyuk maqsadlar yoʻlida milliy gʻoya ortidan yetaklovchi muhim omillardir. Maʼnaviyat festivalining mana shunday omillar vositasida odamlar orasiga kirib borishi mafkuralar kurashi davrida jamiyat barqarorligini taʼminlashda, ijtimoiy maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirishda katta oʻrin tutadi,” — deydi falsafa fanlari boʻyicha falsafa doktori, shoira Shahlo Ahrorova. Demak, festival shunchaki madaniy uchrashuv emas, katta maqsadlarni qamrab olgan, keng qamrovli tadbirlar majmui hamdir.
Festival ishtirokchilarining tadbir doirasidagi eng xayrli ishlaridan biri — iqtidorli yoshlar bilan uchrashuvlar oʻtkazayotgani. Ertamiz egalarining orzu-maqsadlari bilan tanishish barobarida ular yoshlarga shijoat ham ulashishyapti. “Inson qadri” loyihasi doirasida esa otaxonu onaxonlar, faxriy oʻqituvchilar, shuningdek, eʼtiborga muhtoj oilalar xolidan xabar olinyapti. Surxondaryoning eng chekka tumani Sariosiyoning Kundai joʻvoz qishlogʻida yashovchi Saidali ota Muhammadiyevning soʻzlariga eʼtibor bering: “Men 80 yoshga chiqdim. Shukrkim, mustaqillikdan keyin yurtimning nomi yuksaldi. Mana, bitta Surxondaryoning oʻzidan qancha polvonlar chiqdi. Ular dunyoga oʻzbek nomini tanitmoqda. Millatim nomini ulugʻlayapti. Mustaqillikning bitta gʻururi shuda!”
Ha, aslida milliy gʻururning turli hamdu-sanolardan holi boʻlgan oddiy tavsifi bu. Globallashuv taʼsirida “ommaviy madaniyat” niqobi ostida yoshlarimiz ongu-shuuriga boʻlayotgan turli mafkuraviy xurujlar davrida Saidali ota kabi nuroniylarning bunday eʼtiroflari qimmatli oʻgitdek gap.
Oʻzbekiston xalq hofizi Abdunabi Ibragimovning mumtoz qoʻshiqlarini sel boʻlib tinglar ekan: “Toʻgʻrisi, men yoshlarning haligi shoʻx konserti boʻlsa kerak, deb kelishga ikkilangandim. Barakalla, xalqning, ayniqsa yoshlarimizning orasiga mana shunday maqomlarimiz bilan ham kirib borish kerak”, deydi, Andijonning Nodirabegim mahallasida yashovchi, toʻqson toʻrt yoshni qoralagan Sanʼatxon aya Qazaqova.
Tadbir davomida olimlarimizdan iborat guruh joylarda maʼnaviy maʼrifiy ishlar boʻyicha masʼullar bilan seminar oʻquvlarini ham tashkil etib boryapti. Bir soʻz bilan aytganda, festival tom maʼnoda bayramona shukuh kasb eta olyapti. U kirib borgan dillardagi shukronalik hissi tillarga, duolarga koʻchyapti.
Bahora AHMEDOVA
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi
rahbarining Axborot siyosati boʻyicha maslahatchisi