2025-yil 14-fevral koʻplab yoshlar qatori mening ham hayotimda juda muhim sana sifatida muhrlanib qoladigan boʻldi. Sababi aynan shu kuni davlatimiz rahbari biz, yoshlar bilan samimiy muloqot oʻtkazdi. Toʻgʻrisi, uchrashuv davomida bizga yaratib berilayotgan imkoniyatlar haqida eshitar ekanman, shu mamlakatning farzandi ekanimdan faxrlanib ketdim. Kelajagimiz bugunimizdan ham koʻra farovonroq boʻlishiga yana bir bor amin boʻldim. Ayniqsa, davlatimiz rahbarining ehtiyojmand oilalar farzandlarini chet elda oʻqitish boʻyicha aytgan gaplari menda katta taassurot qoldirdi.
Bugun yurtimizda yoshlar uchun barcha sharoit hamda imkoniyatlar bor. Buni ulardan foydalanib kelayotgan bir oʻzbek farzandi sifatida baralla ayta olaman.
2007-yilda Fargʻona viloyatida tugʻilganman. Hozir Toshkent xalqaro Vestminster universiteti huzuridagi akademik litseyda oʻqiyapman. Ortda qolgan 2024-yil men uchun unutilmas voqealarga boy boʻldi. Dekabr oyida dunyoga mashhur Garvard universitetidan 360 ming AQSH dollari miqdorida grant yutib oldim. Xoʻsh, bunga erishishim qanday kechdi? Oʻylab qarasam, buning ham zamirida mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan eʼtibor mujassam. Keling, tushuntirib beray. Koʻpchilikka maʼlum, Garvard kabi nufuzli oliygohlardan toʻliq grant yutib olish uchun bilimning oʻzi kamlik qiladi. Bunda nomzodlarning ijtimoiy faolligiga ham alohida eʼtibor beriladi. Men esa yurtimizdagi koʻplab ijtimoiy loyihalarda qatnashib kelaman.
Hozir Yoshlar ishlari agentligi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Ibrat farzandlari”ning “Ibrat Debate” loyihasiga rahbarlik qilyapman. Bu loyihaning asosiy maqsadi ingliz tilini biladigan yoshlar orasida debatlar tashkil etish hisoblanadi. Aynan loyiha doirasida bugungi kungacha 100 ga yaqin debat tashkil qilindi. Ularda 3000 dan ziyod ishtirokchi qatnashdi. Ayni paytda loyihada 100 dan ortiq volontyor faoliyat yuritmoqda.
Oldimga qoʻygan maqsadlarim juda koʻp. Ularning eng asosiysi nufuzli oliygohda oʻqib kelib, unda oʻzlashtirgan bilim va koʻnikmalarimdan yurtimizda foydalanish, oʻzim tanlagan iqtisodiyot yoʻnalishining rivojiga baholi qudrat hissa qoʻshishdir.
Yoshlar birlashsak, katta kuchmiz. Bizdan talab etiladigani bilimning qudratini vaqtida anglash, imkoniyatlardan boxabar boʻlib, ular natijasida erishgan yutuqlarimizni shu xalq rivoji uchun sarflash lozimligini hayotiy yoʻrigʻimizga aylantirishdir. Zero, bugungi kunning talabi ham aynan shu.
Azizbek ZAYLOBIDDINOV,
Toshkent xalqaro Vestminster universiteti
huzuridagi akademik litsey oʻquvchisi