Muvaffaqiyatli milliy islohotlardan global rivojlanishga chorlov

    Fikr 29 Sentabr 2020 1555

    Prezidentimizning BMT Bosh Assambleyasida soʻzlagan nutqi yangilanayotgan Oʻzbekistonda keyingi toʻrt yil davomida amalga oshirilgan keng koʻlamli islohotlar, ular natijasida ezgulik va maʼrifatga asoslangan jamiyat barpo etish yoʻlidagi harakatlarni globallashtirishga qaratilgan muhim qadamdir. Ushbu nutq ona tilimizda yangragani barchamizning koʻnglimizni gʻurur va iftixorga toʻldirdi.

    Prezidentimizning har bir gapi va taklifi yangi Oʻzbekistonimizda mehnat qilayotgan, islohotlarga kamarbasta boʻlgan xalqimiz uchun tarixiy voqea boʻldi.

    Mazkur tarixiy nutqda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar samarasi hayotiy misollarda qayd etildi. Shuningdek, dunyo hamjamiyati kun tartibida turgan dolzarb masala va muammolar xususida soʻz yuritilib, ularni oqilona hal qilish borasida konstruktiv yechim va takliflar bildirildi.

    Prezidentimiz BMT Bosh Assambleyasida ilgari surgan takliflarning barchasi zamirida, avvalo, oʻzbek xalqining asriy anʼana va fazilatlari, qolaversa, mamlakatimizda soʻnggi yillarda amalga oshirilgan islohotlarni globallashtirish masalasi oʻrin olgan. Davlatimiz rahbari mintaqani rivojlantirish orqali nafaqat Oʻzbekiston va qoʻshni davlatlar, balki dunyo mamlakatlarining iqtisodiy-ijtimoiy oʻsishini taʼminlash mumkinligiga urgʻu berdi.

    Har qanday ogʻir sharoitda ham, jumladan, hozirgidek pandemiya davrida ham dunyo xalqlari vujudga kelgan muammoga imkoniyat deb qarasa, ularni hal etishga astoydil bel bogʻlasa, barcha qiyinchiliklardan talafotsiz oʻtishimiz mumkinligini nufuzli minbarda qayd etarkan, davlatimiz rahbari jahon hamjamiyatini bir yoqadan bosh chiqarib ishlash, toʻgʻri qarorlar qabul qilish va ularni hayotga tatbiq etishga chorladi. Har qanday inqirozni imkoniyat maydoniga aylantirish mumkinligini taʼkidladi.

    Davlatimiz rahbari BMT shafeligida pandemiya davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari toʻgʻrisidagi xalqaro kodeksni ishlab chiqish taklifini bildirarkan, insonlar hayotini saqlab qolish bosh masala ekaniga alohida urgʻu berdi. Koronavirusga qarshi kurashda turli davlatlar tomonidan toʻplangan tajribani birlashtirish, ayni kunlarda ayricha foydalanilayotgan meʼyorlarni dunyo mamlakatlarida joriy etiladigan yagona normativ majmuaga aylantirish haqiqatan ham oʻta dolzarb masaladir. Bu kelajakda takrorlanishi mumkin boʻlgan biologik ofatlarning oldini olishga xizmat qiladi.

    BMTning Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasini qabul qilish boʻyicha ­Oʻzbekiston tashabbusini qoʻllab-quvvatlash masalasi mamlakatimizda yuritilayotgan yoshlar siyosatining uzviy davomidir. Barchamiz ­Prezidentimizning yoshlarga ishonchi yuksakligi, aynan ulardan umidi kattaligini bilamiz. Oʻzbek oʻgʻil-qizlarining sifatli bilim olishi, zako quvvatini mamlakatlar taraqqiyoti yoʻlida sarflashi uchun keng imkoniyat yaratish orqali davlatimiz yangi marralarga erishishi koʻzlanmoqda. Davlatimiz rahbari Bosh ­Assambleyaning 72-sessiyasida BMTning Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyasini ishlab chiqishni taklif qilgan edi. Mamlakatimizda olib borilayotgan yoshlarga oid davlat siyosati shu tariqa global qamrov kasb etayotgani, ayniqsa, eʼtiborga molik. Chunki yoshlarning gʻayrati, iqtidori, yaratuvchan fikrlashi, qiyin ishlarga-da ikkilanmay bel bogʻlashi tez oʻzgaruvchan, yangiliklarga boy, innovatsiyalarga ehtiyoj yuqori boʻlgan davrimizning najoti darvozasi, desak sira mubolagʻa boʻlmaydi.

    Mamlakatlarning rivoji ularning transport kommunikatsiyalariga chambarchas bogʻliq. Shu maʼnoda, Prezidentimizning transport kommunikatsiyasini rivojlantirish mintaqaviy markazini ochish taklifi aholiga transport xizmatlarini koʻrsatish sifati va tezligini oshiradi. Yoʻlovchi va yuklarni tashish jarayonini moʻtadillashtirib, mintaqaning tranzit imkoniyatini kengaytiradi. Bu, oʻz navbatida, iqtisodiyotning jadal oʻsishi va xavfsizlik masalalarining ijobiy oʻzgarishiga olib keladi. Davlat rahbarimizning ushbu taklifi mintaqamizda koʻp yillardan beri shakllangan oʻzaro hurmat, yaxshi qoʻshnichilik anʼanalarini davom ettiribgina qolmay, ularni yana-da kuchaytiradi. Qon-qardoshlik, taqdirdoshlik, yelkadoshlik tamoyillarini yangi bosqichga olib chiqadi.

    Ushbu taklif BMTning Global antiterror strategiyasi doirasida mintaqaviy qoʻshma rejaning 10 yillik natijalari va kelgusi istiqbollariga bagʻishlangan xalqaro konferensiya hamda “Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” mavzusidagi xalqaro forum oʻtkazilishi bilan chambarchas bogʻliq. Tarixan Sharq va Gʻarb sivilizatsiyalarining markazida joylashgan yurtimiz ularning bir-biriga integratsiyasi, oʻzaro foydali munosabatlari, hamjihat rivojlanish va asriy tinchlik-totuvlikni saqlash tamoyillarida yetakchi rol oʻynagani maʼlum.

    Xalqimizda “Yon qoʻshni — jon qoʻshni” degan maqol bor. Shu maʼnoda, davlatimiz rahbarining BMT huzurida afgʻon xalqining dardu tashvishini tinglaydigan, doimiy faoliyat koʻrsatadigan qoʻmita tashkil etish fikri qoʻshni Afgʻonistonda tinchlik, barqarorlik, farovonlikni taʼminlashga jahon hamjamiyatining eʼtiborini jalb etishga qaratilgan. Necha oʻn yillardan beri urush, zoʻravonlik, xurofot ichida yashayotgan yon qoʻshnimizning buguni va ertasining yorugʻ boʻlishi biz uchun oʻta muhim masaladir. Qoʻshnimiz tinib-tinchib yashamas ekan, bizga bir burda non ham tatimaydi. Davlatimiz rahbarining “Faqat birgalikda va yaqin hamkorlik orqali biz afgʻon xalqining ezgu orzu-umidlarini roʻyobga chiqarishimiz mumkin. Bu borada “Beqaror va vayronkor vaziyatdan — tinchlik va bunyodkorlik sari” degan tamoyil asosida ish olib borish muhimdir”, degan taʼkidi qadimdan shakllangan, tinchlikparvarlikka yoʻgʻrilgan anʼanalarimizga uygʻundir.

    Shu oʻrinda qashshoqlikni tugatish va kambagʻallikka qarshi kurashishni BMT Bosh Assambleyasining navbatdagi sessiyasidagi asosiy mavzulardan biri sifatida belgilash hamda ushbu masalalarga bagʻishlangan global sammitni oʻtkazish ham dunyodagi eng dolzarb masalalardandir. Kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha iqtisodiy va gumanitar chora-tadbirlarni amalga oshirish insoniyatdan zakovat, mehr va iroda kuchining birlashuvini talab etadi.

    Qashshoqlik va kambagʻallik hozirgi kunda ekologik muammolar bilan bogʻliqligini, ayniqsa, suv tanqisligi oziq-ovqat xavfsizligiga daxl qilishini tanamizda his etyapmiz. 1965-yilga qadar dunyodagi toʻrtinchi katta koʻl boʻlgan Orol dengizining qurishi sobiq ittifoq davrida suv resurslarini notoʻgʻri boshqarish va foydalanish natijasida yuzaga kelgan eng katta ekologik falokatlardan biridir. Orol dengizi suvining qurishi oqibatida ekologik, iqlimiy, ijtimoiy-iqtisodiy va gumanitar inqirozning yuzaga kelgani Oʻzbekiston va Orol dengizi mintaqalarining barqaror rivojlanishiga jiddiy toʻsqinlik qildi. Yer maydonining tanazzulga uchrashi va choʻllanishi, suv va yer resurslarining ifloslanishi hamda shoʻrlanishi, ichimlik suvining yetishmasligi, oʻsimlik va hayvonot dunyosining kamayishi va yoʻqolib ketishiga sabab boʻldi.

    Orol dengizidan har yili 100 million tonnadan ortiq chang va zaharli tuz atmosferaga 1000 km.gacha radiusda tarqaladi. Shuningdek, biz qurgʻoqchilik, qum va tuzli boʻronlar kabi hodisalar intensivligi hamda takrorlanish tezligining bosqichma-bosqich oʻsib borishini kuzatmoqdamiz.

    Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro hamjamiyat eʼtiborini Orol dengizida yuzaga kelayotgan muammolarga qaratmoqda. 2017-yil ­19-sentyabrda Prezidentimiz BMT Bosh assambleyasining 72-sessiyasida soʻzga chiqib, ushbu muammoga mintaqaning barcha mamlakatlari manfaatini inobatga olgan holda BMT homiyligida murosaga kelish zarurligini taʼkidlagan edi. Orol dengizini toʻliq tiklash mumkin boʻlmasa-da, uning salbiy oqibatlarini yumshatish mumkin. Hozirgi davrning eng muhim vazifasi — Orol dengizi inqirozining atrof-muhitga va Orol dengizi mintaqasida yashovchi millionlab odamlarning turmush tarziga zararli taʼsirini kamaytirish.

    Mamlakatimiz tashabbusi bilan Orol dengizi mintaqasini rivojlantirish boʻyicha BMTning inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik Trast fondi tashkil etildi. U barcha manfaatdor tomonlar uchun yagona platformani taqdim etish, rivojlanish boʻyicha hamkorlar, xalqaro moliya institutlari, fuqarolik jamiyati, ikki tomonlama va koʻp qirrali donorlar Orol dengizi inqirozining salbiy ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini yumshatish boʻyicha samarali choralarni koʻrib chiqishga qaratilgan.

    Davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasining 75-yubiley sessiyasida Orol dengizi va uning atrofida amalga oshirilayotgan ijobiy ishlar xususida toʻxtalib, Orol dengizi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb eʼlon qilish, bu boʻyicha maxsus rezolyutsiya qabul qilib, ushbu muhim hujjat tasdiqlangan sanani Ekologik tizimlarni himoya qilish va tiklash xalqaro kuni sifatida nishonlash taklifini ilgari surdi. Bu tashabbus millatimiz, yurtimiz va mintaqadagi ekologik vaziyatni yaxshilashga xizmat qilishi shubhasiz. Hozir “Orolboʻyi — ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi” konsepsiyasi loyihasini Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda BMT Taraqqiyot dasturi, shuningdek, respublikamiz vazirlik va idoralari bilan hamkorlikda tayyorlash ishlari yakuniga yetmoqda.

    Prezidentimizning jahon mamlakatlariga bildirgan takliflari zamirida mehnatkash xalqimizning asriy anʼanalari, ezgu niyatlari, maʼnaviy-maʼrifiy qarashlari namoyon boʻlib turibdi. Shuningdek, bu takliflarda hamdardlik va jonkuyarlik, mintaqa xalqlari taqdiriga befarq boʻlmaslik, barchaga yaxshi munosabatda boʻlish kabi musaffo niyatlar ham aks etgan. Boshqa jihatdan, mazkur nutqdagi fikrlar bundan bir necha yil avval yurtni muqarrar boʻhrondan qutqarib, yuksalishiga sababchi boʻlgan ulugʻ maqsadlar, nekbin gʻoyalarning mamlakatimizdan mintaqaga va undan butun olamga ezgulik va yaxshilik chorlovi, xalq maʼnaviyati va maʼrifatining gultoji sifatida taqdim etilgani bilan alohida diqqatga loyiq.

    Ibrohim ABDURAHMONOV,

    innovatsion rivojlanish vaziri, akademik