Xabaringiz bor, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ishtirokida joriy yil 16-oktyabr kuni Samarqand shahrida Butunjahon turizm tashkiloti (YUNVTO) Bosh Assambleyasining 25-sessiyasi bo'lib o'tdi. Nufuzli anjuman chog'ida Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov jurnalist savollariga javob berayotib, “Avval kichik sanoat zonalari ustida ishlagan bo'lsak, hozir o'zimizga turizmni drayver qilib olganmiz”, degan fikrni alohida ta'kidladi.
Namangan ichki va tashqi turizm salohiyati baland hisoblangan viloyatlardan biri. Ikkinchi marotaba tashkil etilgan va endi har yili kuz faslida an'anaviy tarzda uyushtiriladigan Xalqaro asal festivali bu boradagi amaliy sa'y-harakatlarni yangi bosqichga ko'tarishga xizmat qilmoqda.
Namangan shahrining Davlatobod tumanidagi mashhur “Afsonalar vodiysi” tematik bog'ida 27-29-oktyabr kunlari Farg'ona vodiysi va voha viloyatlari, Toshkent viloyati hamda Qirg'iziston, Qozog'iston, Rossiya davlatlaridan 200 ga yaqin asal ustalari, asalarichilik bilan shug'ullanadigan tadbirkorlar jamlandi. Asalarichilikka oid hunarmandchilik buyumlari tayyorlash, propolis, gul changi, nektar, perga tushunchalari xususida qiziqarli va ahamiyatli ma'lumotlar, mavzular bilan o'rtoqlashishdi. Tashrif buyurgan 15 ming kishi asalning bir necha xilidan tatib ko'rishdi.
- Namangan asalari eksporti bo'yicha mamlakatimizda yetakchi o'rinda turadi. Yiliga respublika hududidan eksport qilinadigan asalari paketlarining 70 foizi viloyatimiz ulushiga to'g'ri keladi, - deydi festival ochilish marosimida Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov. – Joriy yilda yurtimizda 311 ming dona asalari paketi eksportining 190 mingtasiga Namangan asalarichilari munosib hissa qo'shdi. Viloyatimizda 251 ming 275 ta asalari oilasi parvarishlanmoqda. Ular soni keyingi to'rt yilda ikki barobarga ko'payib, 210 mingtaga, asal yetishtirish hajmi yiliga 10-12 foizga oshdi va 1,5 ming tonnadan 4,5 ming tonnaga yetdi. Joriy yil yakuniga qadar 5 ming 617 tonna asal yetishtirish kutilmoqda. Asalari paketlari eksporti ham uch karra o'sdi.
Davlatobod tumanida asalarichilikka ixtisoslashgan “Gulobod” mahallasi hududida “Asalarichilik sanoat zonasi” markazi faoliyat ko'rsatmoqda. “Gulobod” mahallasining “Fayzobod” ko'chasi istiqomat qiladigan 30 ta xonadonning bari shu yumush bilan band. Maqsad esa agroturizmni rivojlantirish, sohada o'zaro hamkorlik va do'stlikni mustahkamlash. Muhimi, dunyoda asalarichilik rivojlangan Rossiya, Qozog'iston va Ukraina singari “Top 10”talikdan joy olishdir.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o'rinbosari, O'zLiDeP raisi Axtam Haitov endilikda har qaysi fermer va tomorqa xo'jaliklarida asalarichilik yo'nalishi barqaror faoliyat olib borishini, beminnat ko'makchi sanalgan asalarining changlatishdagi xizmati tufayli ham qishloq xo'jaligida dehqonchilik, bog'dorchilik hosili sezilarli o'sishini qayd etdi. Kelgusida asalarichilik sohasida xalqaro tajriba almashuv platformasini yaratish, Evropa, Osiyo, Afrikaning olim va mutaxassislarini chorlash, asalarichilikka innovatsion texnologiyalarni joriy etgan holda sanoatlashtirish darkorligini urg'uladi.
O'zbekiston asalarichilari uyushmasi Namangan viloyati bo'limi raisi Isoxon Sobirovning bildirishicha, oxirgi yillarda viloyatda iste'mol bozorini ekologik toza oziq-ovqat mahsuloti bilan to'ldirishda o'z o'rniga ega bo'lgan tarmoq jadal rivojlanmoqda. Bugungi kunda uyushmaga 260 nafar asalarichi a'zo. O'zbekiston asalarichilari foydalanadigan jihoz turlarining 60 foizi ham Namanganda ishlab chiqarilmoqda.
Asalning 40 xil xususiyati ma'lum. U shohona va eng ko'hna taom, mikronutriyentlarga boy va tez hazm bo'luvchi ozuqa, sehrli malham, beqiyos energiya va quvvat manbai, tabiiy konservant, antimikrob dori, uzoq saqlanuvchi, aynimas va chiqindisiz mahsulot, ximikatlar zararini kesuvchi modda, qorin og'rig'i va ichki kasalliklarga davo, yuzni go'zallashtiruvchi va tanani yoshartiruvchi tabiat mo'jizasi. Bu ne'matning mazasi asalari qaysi o'simlikdan shira olganiga qarab aniqlanadi va asal o'sha o'simlik nomi bilan ataladi.
- Namangan shahridagi Prezident maktabida biznes va iqtisod fanidan dars beraman. Namanganga shu yili keldim, - deydi biz bilan suhbatda keniyalik o'qituvchi Devid Mutiga. - Xalqaro asal festivalida qatnashdim, taassurotlarim zo'r. Xalqingiz mehmondo'st va ochiqchehra, muloqotga kirishuvchan ekan. Tabiiy asallar mazasiga gap yo'q, ko'rinishi va turi rang-barang. Opamning kichik asalxonasi bor. Bizda bunaqa maxsus ko'rgazma va bayram o'tkazilmaydi. Sizlardagi “asal” so'zi bizda “asali” deyiladi, bitta harfga farqlanarkan. Shahringiz menga yoqdi. O'zim faoliyat yuritayotgan Prezident maktabida o'quvchilar sharoitiga havas qilsa arziydi. O'zbekistonda sifatli ta'limga katta imkoniyat yaratilibdi.
Buyuk tabib Ibn Sino ming yil ilgari asalning shifobaxshligini o'rganib, qimmatli tavsiyalarini yozib qoldirgan. Xususan, asalning tinchlantiruvchi xosiyatga egaligini, ichki bezovtaliklar va shamollashlarga foydasini, bolalar tabobati, tarbiyasi va sanitariya-gigiyenasida tutgan o'rniga doir maslahatlarini bitib ketgan. Shayx ur-rais uzoq umr kechirish uchun doimo yeguliklar tarkibida asal bo'lishi kerakligiga bafurja to'xtalgan.
“Janub Anvar asali” mas'uliyati cheklangan jamiyati rahbari Anvar Mengliyevga qarashli rasta atrofi doimo gavjum turdi. Sababi shirinmiya va pechakgulidan tayyorlangan asal lazzatining betakrorligi, noyobligi yig'ilganlarga ma'qul tushdi. Ular Surxondaryoning Sherobodidagi Ko'hitang, Boysun tog'lari, Termiz qir-adirlariga 1 ming 800 ta asalari oilasi yashiklarini o'rnatib, bir yilda giyohlardan 15 tonna asal to'plashadi. Festivalga keltirgan o'n xil asali xaridi ortidan mo'maygina pul jamg'ardi. Mahsulotini Dubay, Saudiya Arabistoniga yuboryapti va unga Germaniya ham qiziqyapti ekan. “Toza asalni qanday aniqlash mumkin?” deb so'raganimizda “Haqiqiy asal asalchilarda bo'ladi-da, istalgancha aslo ko'chadan olmang”, deya o'ylab o'tirmay, qisqa-lo'nda javob qaytardi.
Ilmiy tadqiqotlar tahliliga ko'ra, asal tarkibida 75 foiz meva shirinligi uchraydi. Qolgan qismi suv, oqsil, kislotalar, fermentlar va xushbo'y moddalardan iborat. Sof asal shifobaxshdir va ancha yillar sifatini o'zgartirmaydi. Ishonasizmi, bir kilogramm asal 3 ming 150 kaloriya quvvatga ega. Bu 30 dona tuxum yoki 2,5 kilogramm semiz go'shtning quvvati degani. 200 gramm asal esa 180 gramm pishloq, 8 dona apelsin va 350 gramm maydalangan go'sht quvvatiga tengdir. Asal tarkibida vitaminlar va mikroelementlar bisyor. Uning vositasida o'pka, buyrak, jigar, yurak va qon-tomirlar, oshqozon-ichak, markaziy asab sistemasini, ko'z, teri va turli surunkali xastaliklarni davolash samarali.
Davlotobod tumanidagi tumanidagi “Sof bol” nomli mas'uliyati cheklangan jamiyati paviloni e'tiborimizni tortdi. Asalarilarni erta bahorda uyg'otish uchun uyalarni harorat ilgariroq isiydigan Surxondaryo viloyatiga, keyin esa Zomin tog'lariga, so'ng Rossiyaning Orenburg viloyatidagi jo'natib, qutilarda o'rmonlarga joylashtirisharkan.
- Asalarichilik bilan shug'ullanishni 1973-yilda boshlaganman va shu sohada 40 yil ishlab, 2013-yilda pensiyaga chiqqanman, - deydi “Sof bol” MCHJ ta'sischisi, faxriy asalchi Qosimboy Xo'jayev. - Namangan tumanidagi kolxozda asalarilarga (u paytda hamma kolxozda boqilardi) qaraganman. 1988-yildan to nafaqa yoshigacha viloyat sut zavodi qoshidagi “Shifo” asalarichilik shirkatida, keyin sobiq Kosonsoy asalarichilik sovxozida faoliyat yuritganman. 2021-yilda ajrab chiqib, “Sof bol”ni ochganmiz. Bugun bizda o'n nafar xodim ishlaydi, men boshchiligimdagi sulolaga aylandik. Qo'shimchasiga asalarichilikka zarur asbob-anjomlarni yasaymiz va boshqalarni ham ta'minlaymiz. Ha, shunaqa uskunalarni sotishga mo'ljallangan do'konga Namanganda ehtiyoj mavjud.
Nuroniy otaxonning kuyunib aytishicha, o'lkamizdagi “Yashil makon” umummilliy harakati doirasida asal beradigan manzarali ko'chatlarni va o'simliklarni, gullarni ekish shart. Misol uchun, “lipa” daraxtiga o'xshaganidan. Bizda esa hammayoq archa, asal yig'ishga baza umuman yetarlimas. Qolaversa, oliy ma'lumotli kadrlarni, ilmli asalchilarni ko'paytirish lozim. Zamonaviy usullarni qo'llash, ya'ni kam harakat va kam xarajat bilan yuqori natijaga erishish mavridi allaqachon kelgan.
Asalarilar oila bo'lib yashaydigan eng foydali hasharotdir, ular o'simliklarni changlatishda asosiy rol o'ynaydi. Insoniyat asalari yetishtiradigan asal, asalari yelimi, asalari ona suti, zahri va mumi juda asqotadi. Bugungi kunda bizda 95-97 foiz asalari oilalari yotoq uyalarda boqilmoqda. Ularni zamonaviy ko'p qavatli uyalarda, yangi texnologiyalar asosida parvarishlashga o'tilsa, har bir oiladan olinadigan asal hajmini ikki-uch barobarga ko'tarish imkoniyati naqd. Axir diyorimiz geografik joylashuv nuqtai nazaridan asalarichilik sohasini rivojlantirish uchun qulay iqlim va sharoitlarga ega.
- Xalqaro asal festivali Namanganni dunyoga yanada tanitishi barobarida viloyat turizmining o'ziga xos “tashrif qog'ozi”ga aylanishi, shubhasiz, - deydi Namangan viloyat hokimining o'rinbosari Botirxon Nuriddinov. - Viloyatimizda asalarichilikni keskin rivojlantirish va asal mahsulotlarini eksport qilish niyatida namanganlik hamda qirg'izistonlik asalarichilarning “B2B” formatdagi uchrashuvi bo'ldi.
Muzokaralar natijasida asalarichilik sohasida faoliyat olib borayotgan mahalliy va xorijlik tadbirkorlar, Markaziy Osiyodagi asalarichilar o'rtasida 30 dan ziyod shartnoma imzolandi. 2023-2025-yillarni qamragan eksport portfeli salkam 10 million dollarni tashkil etdi. Rasmiy istiqbolli, manfaatli loyihalarni ishlab chiqishda navbatdagi ulkan qadam bo'ldi. Asal yetishtirishning muammo va yechimlari, qayta ishlash, klaster tuzish va eksportiga imtiyozlar yuzasidan takliflar-u loyihalar taqdimotiga bag'ishlangan seminar o'ziga xos muloqot maydoni vazifasini bajardi.
- Qirg'izistonning Jalolobod shahridan mustaqil tadbirkor Adham Mavlonovman, - deydi qo'li qo'liga tegmay savdo qilayotgan mehmon. – Namanganga birinchi kelishim, chiroyli shahar ekan. Bojxona chegara postidan o'tishda to'siq yo'q, erkinmiz. 150 kilogacha asal mahsulotini olib o'tishimizga ruxsat tegdi. O'ttiz yildan buyon shu kasb bilan mashg'ulman. Marhamat, Oloy tog'i asallaridan bemalol tatib ko'ring va mazasiga baho qo'ying. Narxi ham hamyonbop, o'zbek so'mida 70 mingdan – 120 minggacha.
Uch kunlik festival mobaynida xalqimiz saxiy va mehr-muruvvatli ekanligining isboti o'laroq, “Asal ulashamiz!” aksiyasi orqali imkoniyati cheklangan fuqarolar, kam ta'minlangan oilalar hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarga 1 tonna asal belgilangan miqdorda bepul tarqatildi. Bejirim idishlarga qadoqlangan turfa xil asallar savdosi amalga oshirildi. Qizg'in jarayonlarni mamnun kayfiyatda kuzatdik.
- Sizlardagi mahalla kabi “Kurshab” ovulida “Bal ordosu” (“Asallar dunyosi”) deb ataluvchi xususiy firmam bor, - deydi Qirg'izistonning O'sh viloyati vakili, asalchi Ilichbek Orozbaev. – O'zgan ta'mi tilni yoradigan asallari bilan dovruq qozongan. Olti yildirki, Namangan shahridagi yosh tadbirkor Ulug'bek Shamsiddinovga tegishli “Asallar olami” bilan qalin hamkormiz. Bir-birimizga darmonga to'yingan, ekologik jihatdan toza bol buyurtma qilamiz. Bugungi festivalda ham qo'shma rasta ochganmiz, asallarimiz sotuvi ko'ngildagidek. Sizlarni chin dildan O'zganga taklif etamiz. Ahli oilangiz, kasbdoshlar bilan o'tinglar, aziz mehmonimiz bo'lasiz.
Asal saylining madaniy-ko'ngilochar dastur-mundarijalari to'plamidan milliy liboslarga burkangan ko'rgazmalar, ommaviy o'yinlar, askiya kechasi, oshpazlar tanlovi, taniqli xonanda va estrada ijrochilarining chiqishlari o'rin oldi. Mahoratli ekspertlar xulosasi bilan yettita nominatsiya bo'yicha mohir bolchilar ismi tantanali ravishda e'lon qilindi. G'oliblar va sovrindorlar Namangan viloyati hokimligining tashakkurnomasi hamda qimmatbaho sovg'alari bilan taqdirlandi.
- Ajoyib festival haqida eshitib, Turkiyadan keldik. O'zbekistonning Namangani asalarichilikda dunyoning taraqqiy topgan mintaqalaridan biri ekanligiga iqror bo'ldik, – deydi hayajoni va hayratini yashirmay turkiyalik Hasan Ediyulduz va Erdem Iysh. – Bu sohaga Turkiyadan investorlar jalb etish masalasini muhokama qilyapmiz. Namanganda asal navlari mo'l ekan. Ayniqsa, tog' asali rosa xushbo'y va totli, hech qanday kimyoviy vositalar qo'shilmagan, yuz foiz tabiiy. Odamlarning samimiy va xushchaqchaqligi, xushnudligi yodimga muhrlandi. Barcha asalarichilar o'z ishiga mehr-muhabbat, ishtiyoq bilan yondashishi tahsinga sazovor.
Bulturgi ilk festivalda qardosh Qozog'iston asalarichilari uyushmasi raisi Valeriy Kasimbayev "Namangan - asal mahsulotlari yetishtirish poytaxti", deya e'tirof etganida naqadar haq edi. Albatta, ayni e'tirof-u qaynoq va quvnoq lahzalar zamirida mezbon tashabbuskorlarning mashaqqatli mehnati yotibdi.
Orifjon JO'RAYEV,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri
Mazkur tahliliy maqola “Yangi O'zbekiston” gazetasining shu yil 31-oktyabr, 226-sonida “NAMANGAN – ASAL YETISHTIRUVCHILAR MANZILIGA AYLANMOQDA” sarlavhasi bilan chop etildi.