Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari tashkil etilganining 33-yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Namangan viloyati Davlatobod tumanida “Vatanparvarlar bogʻi” majmuasining ochilishi bayramga munosib sovgʻa boʻldi.
Tantanali ochilish marosimda viloyat hokimligi, Sharqiy harbiy okrug qoʻmondonligi, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, keng jamoatchilik va yoshlar vakillari ishtirok etdi.
Majmuaning qurilishida Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan konsepsiya boʻyicha talablar bajarilgan.
Mazkur bogʻda koʻrgazma sifatida harbiy texnikalar oʻrnatildi, Vatan himoyasi yoʻlida halok boʻlgan harbiy xizmatchilarimizning byustlaridan iborat boʻlgan “Qahramonlar nomi barhayot” kompozitsiyasi hamda “Vatanparvarlik muzeyi” barpo etildi.
Shuningdek, bogʻda yoshlarning mazmunli dam olishlari va chiniqishlari uchun turli mashq maydonlari, harbiy mudofaa istehkomlari va boshqa inshootlar barpo etildi.
Ramziy lenta qirqilib, yigʻilganlar “Vatanparvarlar bogʻi”da sayr qildilar. “Qahramonlar nomi barhayot” kompozitsiyasida oʻz xizmat vazifasini oʻtash chogʻida halok boʻlgan 14 nafar namanganlik yigitlarning byusti ostiga gulchambarlar qoʻyildi.