Nashriyot-matbaa faoliyati bilan shugʻullanuvchilar foyda soligʻini toʻlashdan ozod qilinadi

    Tovarlarning elektron savdosini amalga oshiruvchilar uchun foyda soligʻi stavkasi 10 foiz etib belgilandi.

    Uchtepa tumanida soliq va byudjet siyosatining 2025-yilga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlariga bagʻishlangan seminar oʻtkazildi. Soliq qoʻmitasi hamda Toshkent shahar soliq boshqarmasi rahbariyati va masʼullari tomonidan 2025-yildan soliq siyosatiga kiritilgan yangiliklar yuzasidan tadbirkorlarga maʼlumot berildi.

    “Soliq va byudjet siyosatining 2025-yilga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun hamda uning mohiyati haqida atroflicha maʼlumot berildi.

    Tovarlar (xizmatlar) eksportidan olinadigan daromadlar aylanmadan olinadigan soliqqa tortiladi. Avval soliq bazasidan chegirilgan. Endilikda tovarlarning elektron savdosini amalga oshiruvchi soliq toʻlovchilar AOSni 3 foiz stavkada toʻlaydi. Avval bu koʻrsatkich 2 foiz edi. Yana bir muhim tomoni 2026-yil 1-yanvardan qatʼiy belgilangan summadagi AOS bekor qilinadi. Taʼkidlash joiz, shu vaqtgacha soliqdan ozod etilgan yoʻlovchilarni yagona tariflar boʻyicha tashish xizmatlari 2025-yil 1-iyuldan QQSga tortiladi. Davlat mol-mulkini, shu jumladan mulk huquqi asosida qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan boʻsh turgan yer uchastkalarini realizatsiya qilish esa 2025-yil 1-yanvardan QQSga tortilmaydi. — deydi Soliq qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Olimjon Fayziboyev.

    Shuningdek, protez moslamalarini va ularning butlovchi, ehtiyot qismlarini Oʻzbekiston hududiga olib kirish 2027-yil 1-yanvargacha QQSdan ozod qilinadi. 2024-yil 1-noyabrdan 2026-yil 1-yanvargacha Oʻzbekiston rezidentlari boʻlgan vagon (konteyner)lar operatorlarining temir yoʻl transportida tashish jarayonida vagonlarni (konteynerlarni) ijara shartnomasi asosida foydalanishga berish xizmatlari ham QQSdan ozod qilinadi.

    Shuningdek, 2030-yil 1-yanvargacha Oʻzbekistonda ishlab chiqarilmaydigan, belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatlar boʻyicha nodavlat maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarini jihozlash hamda ularning faoliyatini taʼminlash uchun Oʻzbekiston hududiga olib kiriladigan, zamonaviy oʻquv va laboratoriya asbob-uskunalari, kompyuter texnikasi, dasturiy mahsulotlar, oʻquv va ilmiy-uslubiy adabiyotlar, anjomlar va moddiy-texnika resurslari QQSdan ozod qilinadi.

    Soliq qonunchiligiga kiritilgan oʻzgarishlardan yana biri endilikda tovarlarning elektron savdosini amalga oshiruvchi soliq toʻlovchilar uchun foyda soligʻi stavkasi 10 foiz etib belgilandi, avallari 7,5 foiz edi. Qolaversa, tovar (ish)larni eksportga realizatsiya qilishdan olingan foyda uchun 0 foiz stavkadagi soliq bekor qilindi. Vaqtinchalik soliq imtiyozlari haqida toʻxtaladigan boʻlsak, 2025-yil 1-yanvardan 2029-yil 1-yanvargacha nashriyot-matbaa faoliyati bilan shugʻullanuvchilar olgan daromadlaridan foyda soligʻini toʻlashdan ozod qilinadi. Buning uchun ushbu faoliyat turidan olingan daromadlar hisobot davri yakunlari boʻyicha jami daromadining kamida 90 foizini tashkil etishi kerak. — deydi Toshkent shahar soliq boshqarmasi boshligʻi Yunusjon Nasimjonov.

    Seminarda ishtirokchilar tomonidan yoʻllangan savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javoblar berilib, Soliq kodeksiga kiritilgan oʻzgarishlar aks etgan maxsus qoʻllanmalar tarqatildi.

    Feruza JOʻRAYEVA,

    yuz.uz muxbiri

    Nodirbek Xoliqulov olgan suratlar