Buning asosi sifatida islohotlar dasturining eng birinchi va ustuvor yoʻnalishi yoshlar masalasi etib belgilanganligini taʼkidlash joiz.
Sohadagi vaziyat va amalga oshirilgan tadbirlar tahlili yoshlarning keng qatlamiga daxldor boʻlgan dolzarb masalalar, hayotda oʻz oʻrnini topishi uchun munosib sharoit yaratish, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, kasbga yoʻnaltirish va bandligini taʼminlash, tashabbuslarini ragʻbatlantirish borasidagi ishlar oʻz samarasini berayotganini koʻrsatmoqda.
Joylarda, avvalambor, chekka hududlarda istiqomat qilayotgan koʻp sonli yoshlarning oʻz iqtidor va isteʼdodini roʻyobga chiqarishi, tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishi uchun keng sharoit yaratish, ularni turli zararli illat va yot gʻoyalar taʼsiridan himoya qilish, yoshlar oʻrtasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish kabi muhim vazifalar hal etilmoqda.
Mamlakatimizda 30-iyun – “Yoshlar kuni” munosabati bilan, joriy yilning iyun oyi “Yoshlar oyligi” deb eʼlon qilindi. Respublikaning barcha hududlarida “Yangi Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida yoshlar festivali va maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilmoqda.
Xususan, 3–10-iyun “Harbiy-vatanparvarlik”, 12–17-iyun “Intellektual oʻyinlar”, 19–24-iyun “Sport-salomatlik”, 26–30-iyun kunlari esa “Madaniyat, sanʼat va turizm” haftaliklari etib belgilab olindi.
Bugungi kunga qadar mahalla va tuman (shahar)larda jami 13 406 ta tadbir, loyiha, ommaviy yoshlar sayillari va gala-konsertlar oʻtkazilib, 2,4 million nafardan ortiq yoshlar qamrab olindi.
Jumladan, oylikning “Intellektual oʻyinlar” haftaligida mahalla-sektor-tuman kesimida 6 278 marotaba turli loyiha, tanlov va musobaqalar tashkil etildi.
“Zakovat” nodavlat-notijorat tashkiloti, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi va boshqa tashkilotlar hamkorligida taʼlim muassasalari va mahallalarda intellektual olimpiadalar hamda oʻyinlar, “Beshikdan to qabrgacha ilm izla!” shiori ostida zakovat, shaxmat boʻyicha rokirovka turnirlari, ilm-fan sohasi vakillari bilan uchrashuv va mahorat darslari tashkil etildi.
Oylik doirasida oʻtkazilgan “Besh tashabbus olimpiadasi”ning respublika bosqichlarida sportning stol tennisi, shashka, yengil atletika, stritbol, stritvorkaut turlari, kasb-hunar (tikuvchilik, qandolatchilik, oshpazlik, hunarmandchilik va sartaroshlik) va raqs musobaqalarida 7 938 nafar yigit-qiz ishtirok etib, gʻoliblikni qoʻlga kiritgan 900 nafardan ortiq ishtirokchi munosib ragʻbatlantirildi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy, Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand va Jizzax viloyatlari mahallalarida maʼnaviyat-maʼrifat targʻibot guruhlari tomonidan “Maʼrifat soati”, “Milliy qadriyatlar”, “Mehr-muruvvat va saxovat”, “Siz sevgan qahramon”, “Maʼrifat oqshomlari” loyihalari orqali ikki yuz mingga yaqin yoshlar qamrab olindi.
“Yangi Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida hududlarda oʻtkazilgan yirik gala-konsert va ommaviy yoshlar sayillarida 1 milliondan ortiq yoshlar ishtirok etdi.
Oʻtkazilayotgan bu kabi tadbirlar yigit-qizlarning intellektual salohiyati oshishi, har jihatdan yetuk kamol topishiga xizmat qilayotir. Navqiron avlod vakillarida yurtda boʻlayotgan oʻzgarishlarga daxldorlik hissi, faol fuqarrolik pozitsiyasi shakllanayotir.
“Yoshlar oyligi” tadbirlari reja asosida respublikaning barcha mahallalari, tuman va shaharlarida 30-iyunga qadar tashkil etiladi. Jumladan, 20–23-iyunda Sirdaryo, 21–24-iyunda Namangan, 22–25-iyun kunlari Andijon viloyatlarida oʻtkaziladi.
Barcha islohotlar yosh avlodning bilimli, kasb-hunarli, hur fikrli boʻlib voyaga yetishi, munosib daromad topishida barcha zarur sharoit va imkoniyatlardan foydalanishi uchun amalga oshirilmoqda. Oʻzbekistonning yoshlar bilan ishlash borasidagi tajribasi xorijiy mamlakatlarning yoshlar tashkilotlari va ekspertlarining eʼtirofiga sazovor boʻlib kelmoqda. Oʻzbekiston yoshlar mamlakati sifatida xalqaro maydonga chiqmoqda. Bu imkoniyatlarni yuksak qadrlash va ulardan samarali foydalanish, mamlakatimiz taraqqiyotiga bilim va mehnatimiz bilan hissa qoʻshish barchamizning farzandlik burchimizdir.
Dilnozaxon KATTAXONOVA,
Yoshlar ishlari agentligi direktori oʻrinbosari,
siyosiy fanlar boʻyicha falsafa doktori (PhD).