Men ham yoshlar siyosatiga doir amalga oshirilayotgan islohotlarning faol ishtirokchisi sifatida bu oʻzgarishlar, yangilanishlar epkinidan bir necha bor bahramand boʻlganman.
2017-yil sentyabr oyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasida soʻzlagan nutqini nafaqat xalqimiz oʻgʻil-qizlari, balki butun dunyo yoshlari katta mamnuniyat bilan kutib oldi. Men ham Oʻzbekiston yoshlari nomidan BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasining yoshlar muloqotida qatnashishga muvaffaq boʻldim. Oʻzbekiston yoshlariga yaratilayogan imkoniyat va sharoitlar haqida oʻzga yurtlik tengdoshlarimga gapirib berish imkoniyati boʻldi. Yurtimiz bilan chet davlatda faxrlanish tuygʻusini aynan oʻsha payt his qildim.
2019-yil 2-sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Gender tenglik siyosati borasida unutilmas sana boʻldi. Xotin-qizlarning xuquq va erkinliklarini taʼminlash maqsadida ularni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilishga qaratilgan qonun qabul qilindi. Bu bilan nozik xilqat vakillarining koʻksiga shamol tegdi. 2020-yilda Respublikamiz barcha hududlaridagi yosh ayol va qizlar muammolarini oʻrganish, ularni hal qilish bilan shugʻullanib kelgan “Qizlar ovozi” Respublika klubi koordinatori sifatida faoliyat yuritgan paytlarim, ushbu islohotlar natijasining guvohi boʻldim. Shiddat bilan oʻzgarayotgan zamonga mos ravishda amalga oshirilayotgan yangilanishlar chekka qishloqlardagi xotin-qizlar hayotida ham aks etib borayapti. 2022-yilda 136 mingdan ortiq talaba xotin-qizga 1 trillion 309 milliard soʻm miqdorida imtiyozli taʼlim krediti ajratildi. Qolaversa, magistratura bosqichiga xotin-qizlar qamrovini oshirish maqsadida 2022–2023 oʻquv yilida magistratura bosqichidagi 14 ming talaba xotin-qizga 153 milliard soʻm toʻlov xarajatlari davlat tomonidan qoplab berildi. Bu men va boshqa tengqurlarimga ilm-fan bilan shugʻullanishimiz uchun katta turtki boʻldi. Jumladan, men ham gender tenglikning milliy xususiyatlari borasida ilmiy ishimni boshladim.
Isteʼdodli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, yoshlarning siyosiy faolligini oshirish maqsadida 2020-yili Oʻzbekiston Respublikasi Senati qoshida 100 nafar va Qonunchilik palataci qoshida 250 nafar faol va tashabbuskor yoshlarni birlashtirgan Yoshlar parlamentlari faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Shu yili Oliy Majlis Senati huzuridagi Ëshlar parlamenti raisi sifatida faoliyat yuritganimda ham bugunning yoshlari amalga oshirilayotgan barcha islohotlardan xabardor ekani, ularda milliy gʻurur shakllanganini koʻrish qiyin emasdi.
Soʻnggi olti yilda yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan isteʼdodli va fidoyi yoshlarning 758 nafari davlat mukofotlariga sazovor boʻldi. 2021-yil Ëshlar kunida men ham ana shu baxtiyor yoshlar qatoriga qoʻshildim. “Kelajak bunyodkori” davlat mukofoti bilan taqdirlandim. Uzoq muddat qalbimni qamrab olgan oʻsha hayajon oʻz ustimda yanada koʻproq ishlashga, yurtimiz muvaffaqqiyati va ravnaqi yoʻlida faqat olgʻa intilib, tinmay mehnat qilishga undab keladi.
Bugun Oʻzbekiston yoshlarining Xalqaro hamjamiyatdagi oʻrni tobora mustahkamlanib bormoqda. Misol uchun, Oʻzbekiston 2018-yilda SHHT Yoshlar kengashiga, 2020-yilda MDHga aʼzo mamlakatlarning Yoshlar ishlari boʻyicha Kengashiga, 2021-yilda Osiyoda oʻzaro ishonch choralari boʻyicha Kengashining Yoshlar boʻyicha Kengashiga teng huquqli aʼzosi sifatida qabul qilindi.
Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Markaziy Osiyo yoshlar forumi, SHHTga aʼzo mamlakatlari Yoshlar Kengashining 15-yigʻilishi, SHHT mamlakatlari yoshlari oʻrtasida eng yaxshi startap loyihasi tanlovi, Turkiy davlatlar tashkilotining IV Yosh liderlar forumi oʻtkazilib, Buxoro shahri birinchi turkiy dunyo yoshlar tashabbuslari poytaxti, 2022-yil turkiy dunyoda “Yoshlar tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash yili” deb eʼlon qilindi.
Bu esa shu vatanda yashayotgan 19 milliondan ziyod yoshning har biriga gʻurur-iftixor, yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanish, yurtda boʻlayotgan oʻzgarishlarga daxldorlik, oʻqish va izlanishda yuksalish hissini taqdim etdi.
Mohistara MUHAMMADYUNUSOVA,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Davlat boshqaruvi akademiyasi doktoranti