Shu yil 30 iyun — Yoshlar kuniga bag‘ishlangan tantanali tadbir oldidan bir guruh tashabbuskor yoshlar tomonidan davlatimiz rahbariga “WikiStipendiya marafoni” loyihasi taqdimoti qilingandi. Prezidentimiz loyihani e’tirof etib, jumladan, shunday dedi: “Vikipediyada o‘zbek tilidagi maqolalar sonini 100 mingtaga yetkazish va xorijiy tillarda ham O‘zbekiston haqidagi ma’lumotlarni joylashtirish yaxshi samara berishi shubhasiz. Ushbu maqsadlar uchun 10 milliard so‘m yo‘naltiriladi”.
Internet olamida o‘zbekcha matnli ma’lumot va videokontentlarni ko‘paytirish uchun alohida mablag‘ ajratilib, zarur sharoit yaratilgani tashabbuskor yoshlarga katta rag‘bat bo‘ldi.
Avvalroq internet tarmog‘ida o‘zbek milliy kontentini rivojlantirish, ona tilimizdagi sifatli ma’lumotlarni ko‘paytirish maqsadida “WikiStipendiya marafoni”ga start berilgan paytda vikipediyada o‘zbek tilidagi 140 ming 348 ta maqola bor edi. Ayni paytda ular soni 178 ming 25 taga yetdi. Tahrir qilinganlari soni o‘sha paytda 2 ming 559 tadan ortiqroq bo‘lgan bo‘lsa, hozir 3 mingga yaqinlashdi. Faol foydalanuvchilar soni esa 388 nafardan 803 nafarga ko‘paydi.
Shu yilning 1-6 avgust kunlari “WikiStipendiya marafoni” doirasida Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida joylashgan “Yoshlar oromgohi”da “WikiOromgoh” loyihasi tashkil etildi. 150 nafar faol ishtirokchi, volontyor yoshlar oromgohda jam bo‘ldi. Ular vikipediya ma’murlaridan mahorat darslari olish bilan bir qatorda vikipediyaning ona tilimizdagi kontentini boyitishga ham hissa qo‘shdi.
Bir hafta davomida o‘zbek tilida 8 mingdan ortiq maqola yozildi. Natijada o‘zbekcha vikipediya ikki pog‘ona yuqori ko‘tarilib, 55-o‘ringa chiqdi. “WikiOromgoh”da ishtirok etgan yoshlar maxsus sertifikatlar, hafta davomida o‘tkazilgan intellektual o‘yinlarda g‘olib bo‘lgan jamoa a’zolari esa kitoblar to‘plami bilan taqdirlandi.
Kuni kecha “WikiStipendiya marafoni” doirasida o‘tkazilgan tanlovlarning 8 nafar g‘olibi qimmatbaho sovg‘a va diplom bilan taqdirlandi.
— “Dolzarb mavzu bo‘yicha eng yaxshi maqola” yo‘nalishida g‘olib deb topildim, — deydi O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikasiyalar universitetining 2-kurs magistranti Dilbar Ismatullayeva. — Bolalarga, jonivorlarga nisbatan shafqatsizlik, ocharchilik, autizm spektrining buzilishi kabi mavzulardagi maqolalarim o‘zbekcha vikipediyadan joy oldi. Tanlov loyihasi doirasida 30 ga yaqin maqola yozdim, 800 ta maqolani tahrir qildim. Vikipediya qoidalariga ko‘ra, maqola hajmi 200 ta so‘zdan kam bo‘lmasligi va kamida 4 ta nufuzli manbadan foydalanilgan bo‘lishi kerak. O‘zbek tilidagi maqolalar ichida mening yozganlarim eng katta hajmda — so‘zlar soni taxminan 20 mingta. Songa emas, sifatga e’tibor qaratdim. Masalan, bir kunda 5-6 ta maqola yozish mumkin bo‘lsa, men bitta maqolaga 1 hafta — 10 kuncha vaqt sarfladim...
Dilbarning “Autizm spektrining buzilishi” nomli maqolasi o‘zbek tilidagi vikipediyada hajmi jihatidan 5-o‘rinda. Unda autizm kasalligining kelib chiqishi, davolash jarayoni haqida o‘zbek tilida batafsil ma’lumot keltirilgan. Bu farzandi shu xastalik bilan og‘rigan ota-onalar uchun ajoyib qo‘llanma vazifasini o‘taydi.
O‘zbekcha vikipediyada ayollar haqida ma’lumotlar kam bo‘lgani bois, “WikiAyollar” loyihasi boshlandi. Loyiha doirasida ayollar, ularning huquq va majburiyatlariga oid maqolalar ko‘paytirilib, muntazam joylab kelinmoqda. Bu bilan o‘z faoliyatida yuqori natijalarga erishgan, faol, qahramon ayollar haqidagi maqolalar ko‘payishiga erishildi. O‘zbekcha vikipediyadan o‘rin olgan shu mavzudagi maqolalar soni ayni paytda 836 tani tashkil etmoqda.
Namangan muhandislik-qurilish instituti talabasi Husan Rasulov “Ayollarning jamiyatda tutgan o‘rni, huquqlari mavzusidagi eng yaxshi maqola” yo‘nalishida g‘olib deb topildi.
— O‘zbek tilidagi vikipediyaga 350 dan ortiq maqolam kiritildi. Shundan 200 ga yaqini ayollarning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlashga bag‘ishlangan, — deydi Husan Rasulov. — Undan dunyodagi eng taniqli siyosatchi, ishbilarmon ayollar, xotin-qizlar huquqini ta’minlashga doir ma’lumotlar o‘rin olgan.
Ayni paytda “WikiTa’lim”, “WikiKlub” kabi yangi loyihalar yo‘lga qo‘yilmoqda. “WikiTa’lim” loyihasida ta’lim muassasalari o‘rtasida bellashuv tashkil etiladi. Loyihada talabalar mustaqil ish, referat yozish va boshqa ortiqcha vazifalardan ozod qilinadi. Uning o‘rniga vikipediyani boyitishga xizmat qiladigan maqolalar yoziladi. Maqolalar baholab boriladi. Maxsus platforma orqali OTMlarning bu boradagi reytingi belgilanadi.
“WikiKlub” loyihasi doirasida esa “WikiKino”, “WikiKitob”, “WikiMehmon”, “WikiMashgʻulot” kabi kichik dasturlar yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, matnli, videokontentlar ko‘payishiga xizmat qiladi. Bu juda muhim. Zero, bolalarimiz uchun o‘zbek tilidagi videokontent, animasion filmlar juda kam.
Internetning milliy segmentida yoshlarni o‘ziga jalb qiladigan, tariximiz, madaniyatimiz, qadriyatlarimiz haqida ishonarli va qiziqarli ma’lumot beradigan kontentlarning ko‘payishi davlatimiz, tilimiz, millatimizning mavqeini ko‘taradi. Qolaversa, bu o‘g‘il-qizlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularda kitobxonlikka qiziqishni yanada oshirish, vatanparvarlik tuyg‘ularini kamol toptirishga xizmat qiladi.
Risolat MADIYEVA,
“Yangi O‘zbekiston” muxbiri,
Suratlar muallifi: Husniddin Isakov.