Shijoatli yosh tadbirkorlar iqtisodiyotning yangi pogʻonaga chiqishiga zamin yaratadi

    Yurtimizda 30-iyun — “Yoshlar kuni” munosabati bilan “Yoshlar oyligi” eʼlon qilinib, turli tadbir hamda loyihalar, xususan, intellektual tanlovlar, uchrashuvlar, sport musobaqalari, gala konsertlar oʻtkazilmoqda.

    Ushbu oylik yoshlarni yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik, Vatanga sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, davlat va jamiyat hayotining turli sohalarida katta yutuqlarga erishgan va bugungi kunda yoshlarga namuna boʻlayotgan zamonamiz qahramonlari bilan uchrashuvlar, kitobxonlik, sheʼriyat va nasr kechalari, mushoiralar oʻtkazish orqali yosh ijodkorlarni kashf etishga qaratilgan.

    Oʻz navbatida, “Yoshlar — kelajagimiz” jamgʻarmasi ham oylik doirasida bir qancha loyihalarga start berdi. Ular orqali hozirga qadar besh mingga yaqin yoshlar qamrab olindi. Oylik doirasida oʻtkazilgan uchrashuv hamda suhbatlarda yigit-qizlarning murojaatlari tinglandi.

    “Biznes marafon” — yoshlar uchun yangi bilimlar manbai

    “Yoshlar oyligi” doirasida oʻtkazilishi anʼanaviy tusga kirgan “Biznes marafon”ning toʻrtinchi mavsumiga start berildi. Koʻplab yoshlarning talab va istaklari asosida tashkil etilayotgan marafon kelajagini oʻz qoʻli bilan yaratish istagida boʻlgan yoshlar uchun ayni muddao boʻlmoqda.

    Binobarin, respublikamizda faoliyat koʻrsatayotgan eng ilgʻor tadbirkorlar ishtirokidagi ushbu marafon oʻzaro tajriba almashish, biznes va tadbirkorlik faoliyatiga zamonaviy texnologiyalar, innovatsion ishlanmalarni jalb etish, jahon bozoriga chiqish uchun yoʻllanma vazifasini oʻtaydi. Uch mavsum davomida 1 milliondan ziyod yoshlarni qamrab olgan marafonning toʻrtinchi mavsumi ham yoshlar uchun esda qolarli boʻlishi kutilmoqda.

    — Biznes marafonnning toʻrtinchi mavsumini ham boshlab oldik va u aynan yoshlarimizning talab-istaklariga asosan davom ettirib kelinmoqda. Jarayon davomida yetuk mutaxassislar, taniqli tadbirkorlarimizning ishtirok etayotgani esa yoshlarimizga shijoat beradi, — deydi jamgʻarma ijro etuvchi direktori Xayrulla Sattorov. — Zero, ular marafonimizning savol-javob qismida biznes vakillari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot qilish asnosida oʻzlarini oʻylantirayotgan savollarga javob, tavsiya hamda maslahat olishmoqda. Bizning maqsadimiz ham aynan shu. Bilamizki, mamlakatni yuksaltiruvchi sohalardan biri, bu — iqtisodiyot va bevosita u bilan bogʻliq boʻlgan tadbirkorlik. Bugun yoshlarimizga bu borada kerakli maslahatlarni berib, ularni toʻgʻri yoʻlga boshlay olsak, kelajakda, albatta, oldimizga qoʻygan maqsadimizga yetamiz.

    Marafondan yoshlarning koʻngli toʻlyaptimi, ular uchun bu loyiha qay darajada foydali, mazunidagi savollar bilan tadbirda ishtirok etayotgan yoshlar vakillariga murojaat qildik.

    — Bu biz kabi yoshlar uchun juda foydali deb oʻylayman. Marafonda oʻzimga kerakli boʻlgan koʻplab maʼlumotlarni oldim. Ustozlarimiz suhbat jarayonida yoshlar uchun muhim boʻlgan tavsiyalarni berishdi. Biz bilan samimiy gaplashishdi. Biznesni boshlashda muammolarning aksariyati moliyaviy jihatga borib taqaladi. Tadbir davomida bunga qanday yechim borligi haqida bilib oldim. Oʻylaymanki, kelajakda bu yerda olgan bilimlarim asosida tadbirkorlik faoliyatimni yoʻlga qoʻya olaman, — deydi Toshkent davlat agrar universiteti talabasi Dildora Norxoʻjayeva.

    Marafon spikerlaridan biri, tadbirkor Hasan Mamasaidovning qayd etishicha, aslida, muavaffaqiyat bu tajribaning, tajriba esa xatolarning natijasi. Yoshlarni tajribali tadbirkorlar yoʻl qoʻygan xatolarni takrorlamasdan, qiyinchiliklarga duch kelmasdan, oʻz oldiga qoʻygan maqsadlariga yetishishiga koʻmalashish eng katta maqsadlardan biridir. Marafon kabi tadbirlar esa jamiyatning, mamlakatning, iqtisodiyotning yangi pogʻonaga chiqishiga zamin yaratadi.

    Amaliy tashrif va ikki tomonlama hamkorlik

    Jamgʻarma faoliyati yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, gʻoyalari va loyihalarini roʻyobga chiqarishga koʻmaklashishdan tashqari, oʻz biznesiga ega va endilikda dunyo bozorlarini zabt etishga harakat qilayotgan yosh tadbirkorlar uchun ham turli imkoniyatlarni taqdim etishga harakat qiladi. Ana shunday tadbirlardan biri Qirgʻizistonda boʻlib oʻtdi.

    BMTning “Oʻzaro hamkorlik orqali Qirgʻiziston va Oʻzbekistonning chegaraoldi hududlarini rivojlantirish” qoʻshma loyihasi doirasida qoʻshni mamlakatda 9–12-iyun kunlari “Agroxakaton” tadbiri boʻlib oʻtdi. Unda oʻzaro hamkorlikni mustahkamlash maqsadida jamgʻarma boshchiligidagi yosh tadbirkorlardan iborat boʻlgan Oʻzbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etdi. Samarali hamda mazmunli oʻtgan tadbir doirasida loyiha amalga oshirilayotgan hududlardagi yosh tadbirkorlar AKT mutaxassislari bilan birga ishladi, oʻz bizneslari uchun innovativ yechimlar ishlab chiqishdi.

    “Agroxakaton” yoshlarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga qiziqishini oshirish, iqtidorlilarini aniqlash hamda qishloq xoʻjaligi sohasi samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiluvchi eng istiqbolli gʻoyalar va startaplarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida oʻtkaziladi. U yanada barqaror oziq-ovqat tizimlarini yaratish hamda qishloq xoʻjaligini yanada rivojlantirish boʻyicha innovatsion gʻoyalar bilan chiqqan yoshlar jamoalarini oʻzida birlashtiradi.

    –“Agroxakaton” iqtidorli yigit-qizlar oʻrtasida ochiq muloqot va fikr almashish uchun qulay maydon hamdir, — deya baholaydi jamgʻarmaning ijrochi direktori.

    Qulaylik, zamonaviylik hamda natija

    Jamgʻamra yoshlar oyligi doirasida faqat ushbu tadbirlar bilan cheklanib qolgani yoʻq. Biznesga qiziqadigan yoshlarni bir jamoaga jamlash hamda ularga biznes koʻnikmalar, tadbirkorlarga beriladigan imtiyozlar, soliq, bank sohasi boʻyicha bilimlar berish hamda taniqli biznes egalari bilan treninglar tashkillashtirish va yuzma-yuz suhbatlashish imkoniyatini yaratish maqsad qilib olingan “DO BUSINESS ” loyihasiga start berildi.

    Loyiha doirasida tashkil etiluvchi oʻquv kurslari mutlaqo bepul boʻlib, muvafaqqiyatli tamomlagan oʻquvchilar maxsus sertifikat bilan taqdirlanishi rejalashtirilgan.

    Xulosa oʻrnida aytish kerakki, yoshlar uchun ular bilan birga ishlash orqali ayni paytda amalga oshirilayotgan barcha islohotlar samaradorligini yanada oshirish mumkin boʻladi. Faol jalb etilganlarida yoshlar muhim amaliy koʻnikmalarni shakllantirishadi, qatʼiy hayotiy qarashlarga ega boʻlib, mamlakatni taraqqiyotga eltuvchi kuchiga aylanishadi.

    Nodira QURBONBOYEVA,

    jurnalist.