Tadqiqotga koʻra, asosiy xavf omili — chekish, chunki saraton kasalligining deyarli 5 tadan 1 tasi va undan oʻlimning deyarli uchdan bir qismiga aynan ushbu zararli odat sabab boʻlgan. Keyingi xavf omillari orasida ortiqcha tana vazni, spirtli ichimliklarni isteʼmol qilish, jismoniy harakatsizlik va odam papilloma virusi (OPV) kabi infeksiyalar mavjud. (lar saratonning 30 ta turidagi oʻzgartirilishi mumkin boʻlgan 18 ta xavf omillarini tahlil qildilar. Oʻrganishlar shuni koʻrsatdiki, ushbu turmush tarzi omillari 2019-yilda 700 mingdan ortiq yangi saraton kasalligi va 262 mingdan ortiq oʻlimga sabab boʻlgan.
Oʻsma kasalliklarining ayrim turlarini oldini olish mumkin. Masalan, 10 ta saraton turida yangi holatlarning kamida 80 foizini, shu jumladan, ultrabinafsha nurlanish bilan bogʻliq melanomalarning 90 foizidan ortigʻini hayot tarzini oʻzgartirish orqali oldini olsa boʻlarkan. Shuningdek, OPV infeksiyasi bilan bogʻliq bachadon boʻyni saratonini esa vaksina yordamida oldini olish mumkin.
Oʻpka saratoni holatlarining eng koʻp qismi (erkaklar oʻrtasida 104 mingdan ortiq va ayollar oʻrtasida 97 ming holat) ham oʻzgartirilishi mumkin boʻlgan xavf omillari, asosan chekish bilan bogʻliq.
Chekishdan keyin ortiqcha tana vazni saraton kasalligining ikkinchi eng katta xavfidir. Bu erkaklarda yangi holatlarning taxminan 5 foizi va ayollarda deyarli 11 foizini tashkil qiladi. Tadqiqot shuni koʻrsatdiki, semizlik endometriya, oʻt pufagi, qiziloʻngach, jigar va buyrak saratonidan oʻlimning uchdan biridan koʻprogʻi bilan bogʻliq.
Chekishni tashlash, toʻgʻri ovqatlanish va jismoniy faol boʻlish surunkali kasallik koʻrsatkichlari va natijalarida keskin oʻzgarishlarga olib kelishi mumkin. Saraton esa yurak xastaligi yoki diabet kabi surunkali kasalliklardan biridir.
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, ayrim omillar taʼsirini kamaytirish uchun turmush tarzini oʻzgartirish saraton xavfini nisbatan tez kamaytirishi mumkin. Rak kasalligining yoshlar orasida ham ortgani sababli, sogʻlom odatlarni iloji boricha ertaroq boshlash, ayniqsa, muhimdir. Chekishni boshlaganingizdan soʻng tashlash yoki semirgandan keyin ozish ancha qiyinroq.