Ayniqsa, ular orasida oshqozon osti bezining oʻtkir yoki surunkali yalligʻlanishi, yaʼni pankreatit yetakchi oʻrinni egallaydi.
— Oshqozon osti bezi ovqat hazm qilish jarayonida faol ishtirok etib, oʻzidan ichakdagi oqsillar, yogʻlar va murakkab uglevodlarni parchalaydigan 30 dan ziyod turli fermentlar ajratadi, — deydi tibbiyot fanlari doktori Feruza Xamrabayeva. — Uning yana bir vazifasi organizmdagi glyukozani saqlash va uni tartibga solish uchun insulin gormonini ishlab chiqarishdan iborat.
Pankreatik suyuqlik oʻn ikki barmoqli ichakka soʻrilib, toʻqimalarni zararlanmaslik uchun dastlab faol boʻlmagan shaklda ishlab chiqariladi. Keyinchalik safro bilan oʻzaro aloqaga kirishib, faol boʻlmagan tur — meʼda osti bezi suyuqligiga oʻtadi. Agar safro pankreatik oqimga oʻtsa, bu oshqozon osti bezining shikastlanishiga, turli xil kasalliklarning rivojlanishiga olib keladi.
Pankreatit oshqozon osti bezining yalligʻlanishi boʻlib, ushbu aʼzoning disfunksiyasi tufayli ovqat hazm qilish fermentlari muddatidan oldin faollashganda va organ toʻqimalariga zarar yetkazganda rivojlanadi.
Kasallikning oʻtkir shaklida toʻqimalarning “oʻzini oʻzi hazm qilish” mexanizmi ishga tushadi. Surunkali yalligʻlanish oqibatida hazm qiluvchi fermentlar yetishmovchiligi yuzaga keladi. Fermentlar oʻrnini oshqozon osti bezi hujayralarining egallashi esa uning tashqi sekretor funksiyasini buzish bilan birga, gormonlar ishlab chiqish vazifasini ham oʻzgartirib yuboradi.
Xastalikning kelib chiqishiga koʻpincha notoʻgʻri ovqatlanish sabab boʻladi. Shuningdek, oʻt qopi va oʻt yoʻllari hamda oʻn ikki barmoqli ichak kasalliklari, bez yoʻllarining toshlar yoki oʻsmalar bilan berkilib qolishi, genetik moyillik, gormonal oʻzgarishlar, baʼzi dorilarni qabul qilish, spirtli ichimliklar, stress va infeksion kasalliklarning bir qancha turlari ham asosiy omillar hisoblanadi.
40 yoshdan 60 yoshgacha boʻlgan insonlar xavf guruhida boʻlishadi. Agar xastalik yosh bolada aniqlansa, bu tugʻma nuqson sifatida tasniflanadi.
Pankreatitga chalingan insonda koʻngil aynishi, qayt qilish, oʻng qovurgʻa va qorinning pastki qismida ogʻriq, tana haroratining koʻtarilishi, diareya va teri sargʻayishi kuzatiladi. Qorin devori va koʻrichak tarafdagi qorinning oʻng tomonida oʻtkir ogʻriq, vazn yoʻqotish, yelka kuragi yoki koʻkrak orqasiga tarqaladigan ogʻriq, qorin dam boʻlishi, umumiy zaiflik, bosh aylanishi ham kasallik belgilaridir.