Nos chekish saratonga olib keladimi?

    Suhbat 8 Yanvar 2021 9408

    Dunyoda turli tutunsiz tamaki mahsulotlari mavjud. Markaziy Osiyo, xususan, Oʻzbekistonda eng keng tarqalgan shakli nosvoydir. Uning inson salomatligiga salbiy taʼsiri qanday? Oʻzbekistonda necha foiz odam bu illatga ruju qoʻygan? Jahon mamlakatlaridagi holat qanday?

    SSV matbuot xizmatining shu yoʻnalishdagi savollariga Sogʻliqni saqlash vazirligining tamakiga qarshi kurashish boʻyicha bosh konsultanti, tibbiyot fanlari nomzodi Shuhrat Shukurov javob berdi.

    — Nos toʻq yashil yoki sargʻish yashil murakkab tarkibli moddalar aralashmasidan iborat, – deydi Sh. Shukurov. – Asosan bu mahsulot uy sharoitida sanitariya qoidalariga rioya qilinmagan holda turli usullarda tayyorlanadi. Uni tayyorlash usulini koʻrgan, tarkibida qanday moddalar borligi bilgan kishi nos chekishdan voz kechishi turgan gap. Uning tarkibida tamaki yaprogʻi, kul (gʻoʻzapoya yoki boshqa oʻtinlar kuli), oʻsimlik moyi (paxta yoki kunjut moyi), soʻndirilgan ohak hamda shirin taʼm beruvchi qoʻshimchalar boʻladi. Agar insonga ushbu mahsulotlar: qurilish ohagi, kul, tamaki yaprogʻini bersangiz isteʼmol qilishni xohlarmidi? Ammo mamlakatimizda nos chekuvchi insonlar soni juda koʻp, ayniqsa yoshlar orasida.

    — Nosning inson organizmiga salbiy taʼsirlari qanday?

    — Nos psixoaktiv moddalar qatoriga kiradi va markaziy asab tizimiga taʼsir koʻrsatib, ruhan va jismonan kuchli qaramlikni yuzaga keltiradi. Nos ogʻiz boʻshligʻi, xalqum, qiziloʻngach va oshqozonga toʻgʻridan toʻgʻri taʼsir etib, shilliq qavatlarni doimiy shikastlaydi va shu taʼsir natijasida shilliq qavatlarda saraton kasalligi rivojlanishiga olib keladi. Bu kasallikka uchraganlarning 95 foizi nosga ruju qoʻygani ilmiy jihatdan isbotlangan.

    Nos qonga soʻrilib, bosh miya, jigar, buyrak, oshqozonosti bezi va boshqa organlarni faoliyatiga salbiy taʼsir etib, shu aʼzolarning kasallanishiga sabab boʻladi. Shuningdek, ogʻiz boʻshligʻida soʻlak bezlari faoliyatining buzilishini yuzaga keltiradi.

    Bundan tashqari, nosvoy isteʼmol qiladigan erkaklarda bepushtlik, ogʻiz va milklarning yalligʻlanishi, milklar atrofiyasi, kariyes kabi kasalliklar kuzatiladi.

    Nos oʻsmirlarning ruhiy rivojlanishiga salbiy taʼsir koʻrsatib, xotira yomonlashiga, jizzaki boʻlishiga hamda darslarni oʻzlashtirishi keskin pasayishiga olib keladi.

    — Oʻzbekistonda nos chekuvchilar soni qancha? U qay darajada ommalashib bormoqda?

    — Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining maʼlumotlariga koʻra, dunyoda katta yoshdagi kashandalarning soni 1,1 milliard boʻlib, ularda kamida 367 million kishi tutunsiz tamaki isteʼmol qiladi. Mamlakatimizda erkaklarning, qariyb, har toʻrttadan bittasi nosvoy isteʼmol qilishi kuzatiladi.

    Oʻzbekistonda nosvoy bozorlarda, koʻchalarda va taʼlim muassasalari oldida ochiq sotiladi. Uni ishlab chiqarish va sotishni cheklash boʻyicha hech qanday qonun hujjati va koʻrsatma mavjud emas. Eng achinarlisi, muntazam tutunsiz tamaki isteʼmol qiluvchi minglab insonlar bevaqt oʻlim xavfiga duchor boʻlmoqda.

    — Tutunsiz tamaki mahsulotlarini ommalashishini cheklash boʻyicha dunyo tajribasi qanday?

    — Avstraliya, Singapur, Baxrayn, Birlashgan Arab Amirliklari kabi mamlakatlarda tutunsiz tamaki mahsulotlarini sotish taqiqlangan. Bir qator MDH mamlakatlari (Rossiya Federatsiyasi, Belarus, Qozogʻiston, Turkmaniston)da ham nosvoy ishlab chiqarish va sotishga yoʻl qoʻyilmaydi.

    Nosvoyning inson salomatligiga katta zarar keltirayotgani uchun tegishli idoralar tomonidan mamlakatimizda tutunsiz tamaki mahsulotlarini, jumladan nos aylanmasini taqiqlovchi qonun loyihasi ishlab chiqildi.

    Sogʻliqni saqlash vazirligi ushbu qonun loyihasini qoʻllab-quvvatlab, tutunsiz tamaki mahsulotlarining inson organizmiga zararli ekanligi borasida aholi orasida muntazam targʻibot-tashviqot ishlarini olib bormoqda.

    Xulosa qilib aytganda, avvalo, bunday mahsulotlarning inson salomatligi uchun xavfli ekanini aholining oʻzi teran anglab yetishi zarur. Shundagina bu borada ijobiy natijalarga erishishimiz mumkin.