Agar taʼbir joiz boʻlsa, bu qaror dunyoning turli mintaqalarida, yuzlab mamlakatlarda istiqomat qilayotgan aziz vatandoshlarimiz uchun oʻz ona Vataniga daryodil Mezbonning samimiy chorlovi, shuningdek, oʻzlikni anglash va qadrlash borasida ochilayotgan qutlugʻ darvoza, nurafshon yoʻl. Bu darvozadan faqat yorugʻ koʻngil, xush niyat, mustahkam eʼtiqod, sogʻinch va muhabbat bilan kirmoq joiz.
Dunyoda oʻz onasini sogʻinmay yashaydigan inson boʻlmaydi. Shunday ekan, ona Vatani – jonajon Oʻzbekistonimizni sogʻinmagan vatandoshlarimizni ham topish qiyin. Ular ayni kez qanchalik taraqqiy etgan, boy va ulugʻvor davlatlarda istiqomat qilmasin, goʻzal sharoitlarda ishlayotgan boʻlmasin, baribir Zahiriddin Bobur hazratlari boshidan oʻtkazgan sogʻinch iztirobini tuyadi, his qiladi — goh pinhon, goh oshkora Vatan tuprogʻining islarini, iforlarini qoʻmsayveradi.
Mazkur qarorning maqsad-muddaosi bayon qilingan ilk jumlalarning oʻziyoq insonning qalb koʻzini ochib yuboradi: “Xorijda istiqomat qilayotgan Vatandoshlarni tarixiy Vatani atrofida yana-da jipslashtirish, ularning qalbi va ongida yurt bilan faxrlanish tuygʻusini yuksaltirish, milliy oʻzlikni saqlab qolish...”
Bugungi zamonda juda koʻplab mamlakatlar oʻz aholisi, fuqarolarining hayotini farovon qilishga, istaklarini amalga oshirishga kuch-quvvat, imkon topolmay halak boʻlib turgan paytda, mamlakatimiz rahbariyatining uzoqni koʻzlab yuritayotgan siyosati ne-ne davlatlarning havasini keltirayotgani muqarrar.
Bu xayrli, ayni paytda, xorijda istiqomat qilayotgan millionlab vatandoshlarimizdan tashqari, ularning yurtimizda qolgan qarindosh-urugʻlari, jon-jigarlari orziqib kutgan tarixiy hujjat aslida. Qarorni bandma-band oʻqiganingiz sari koʻnglingiz tiniqlashib, chehrangiz oftoblanib, vujudingiz quvvatlanib — davlatimizga, xalqimizga ishonchingiz ortib boradi. Ha, bu har bir bandi nurli, magʻzi toʻq gʻoyalar saodatiga yoʻgʻrilgan qaror oʻz-oʻzidan vujudga kelib qolmagan. Bular aslida chorak asr avval qilinishi lozim boʻlgan, ammo zamona zayli bilan istiqboli choʻzilgan iltijolar inʼikosidir.
Prezidentimizning niyati gʻoyat samimiy, gʻoyat ulugʻ. Biz dunyo ilm-fani, madaniyati, maʼrifati, taraqqiyotida tub burilish yasagan ikki Renessans — buyuk Uygʻonish poydevorini yaratgan alloma ajdodlarimizning ruhi poki oldida masʼulmiz, qarzdormiz. Endi dunyo oʻzbeklari Imom al-Buxoriy, hazrat Navoiy, Abu Rayhon al-Beruniy, Abu Ali ibn Sino nomi bilan birlashadigan kunlar, yangi Oʻzbekiston bagʻrida ularga munosib avlod shakllanayotganini isbotlaydigan damlar keldi. Endi milliy oʻzlikni anglash, dunyoning qaysi nuqtasida boʻlishidan qatʼi nazar, oʻzbek boʻlib yashash, tilini, elini, bobo-yu momolardan meros — bemisl maʼnaviy-maʼrifiy xazinalarni unutmay yashash, qolaversa, bir-biriga ham moddiy, ham ruhiy jihatdan yelka tutib, hamkor, hamfikr, hamdard boʻlib nafas olish “Oʻzbekman! Oʻzbekistondanman!” degan har bir millatdoshimizning, yurtdoshimizning farzandlik burchi boʻlmogʻi shart.
Qarorning amaliy maqsadi bu ulkan zaminda Oʻzbekiston degan mamlakat borligini barchaga eslatib qoʻyish! Toki nafaqat yangi Oʻzbekiston fuqarolari, dunyoning yuzga yaqin mamlakatlarida istiqomat qilayotgan oʻn milliondan ziyod vatandoshlarimiz ham oʻzidan, millatidan, tilidan iftixor qilib yashasin! Toki ortida Sharqning mashʼali — serquyosh Oʻzbekistoni borligini, butun dunyo xalqlari tinchligi, omonligi va birdamligini koʻzlab, oqilona siyosat yuritayotgan Prezidenti borligini his qilsin. Axir Mir Alisher Navoiy oʻz davrida iftixor ila aytganlaridek:
Turk nazmida chu men tortib alam,
Ayladim ul mamlakatni yakqalam!
Ana shu “yakqalamlik” — yakdillik, bir tan-u bir jon boʻlib yashash saodati va masʼuliyati bugun vatandoshlarimizning yangi Oʻzbekistonni qurishga, uning yangi parvozlari uchun mustahkam qanot boʻlishga daʼvat etadi.
Shuni unutmaslik kerakki, “Vatandoshlar” jamoat fondi amalga oshiradigan barcha ezgu ishlar xalqaro huquq normalariga amal qilgan holda, vatandoshlar istiqomat qilayotgan mamlakatlarning qonunlari va Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari asosida xorijda yashayotgan Vatandoshlarimizning huquq va erkiniklarini himoya qilishni koʻzda tutgan. Qolaversa, xorijda murakkab hayotiy vaziyatga tushib qolgan Vatandoshlarni belgilangan tartibda moddiy va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, ularga axborot jihatidan va huquqiy yordam koʻrsatish, oʻzbek tili, madaniyati va anʼanalarini saqlab qolish va rivojlantirishga qaratilgan faoliyatni qoʻllab-quvvatlash, yurtimizning boy ilmiy, madaniy va maʼnaviy merosini keng targʻib qilish va ommalashtirish singari dolzarb masalalarga joʻyali yechim topishdek sharafli, ayni paytda murakkab vazifalar ijrosi ham ushbu jamoat fondining chekiga tushadi.
Fondning vazifalari nihoyatda keng qamrovli va ertangi kun uchun muhim. Darvoqe, hozirda xorijda oʻzbek tili oʻqitilayotgan taʼlim muassasalarini kadrlar bilan taʼminlash ham muhim vazifalardan hisoblanadi. Shuning uchun xorijdagi vatandoshlarni oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish shartnomasiga koʻra, Oʻzbekiston fuqarolariga tenglashtirish nazarda tutilgani mazkur fondning ilk qadamlari sifatida qabul qilinsa, nur ustiga nurdir.
Bir paytlar muammolar oʻzaniga aylanib qolgan juda koʻplab sohalarda fidoyi Yurtboshimiz rahnamoligida keyingi 4-5 yil ichida katta koʻlamdagi ezgu ishlar amalga oshirildiki, “Vatandoshlar” jamoat fondini tashkil etish toʻgʻrisidagi qaror oʻsha xayrli tashabbuslarning uzviy davomidir. Bu, albatta, quvonarli hodisa. Ayniqsa, biz ijodkorlarni mamnun etadigan jihati xorijda vatandoshlar tomonidan tashkil etiladigan nufuzli tadbirlarda mamlakatimizning, fan arboblari, diniy ulamolari, madaniyat va sanʼat vakillari, sportchilari qatorida taniqli yozuvchi va shoirlar ishtirokini taʼminlashga koʻmaklashish ham nazarda tutilgan. Tabiiyki, xorijdagi yurtdoshlarimiz orasida adabiyotga ixlosmandlari bisyor, hatto juda barakali qalam tebratib, oʻz asarlari bilan jahon kitobxonlari mehrini qozonayotgan ijodkorlarimiz bor. Ular bilan uchrashuv, dilkash gurunglar, oʻzbek adabiyotining ertangi kuniga doir suhbatlar mana shu fond koʻmagida, koʻlamida yuz berishi yana-da zavqlidir.
Qarordagi yana bir eʼtiborli jihat shuki, “Vatandoshlar” jamoat fondining oliy organi — Vasiylik kengashi toʻlaqonli faoliyat yuritishi uchun iqtisodiy asosi yaratib berilgan. Fondni tashkil etish uchun dastlabki zaruriy mablagʻ sifatida Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmalaridan 5 milliard soʻm mablagʻ ajratildi. Bundan tashqari, fond uchun hisob raqami ochilib, unga tushadigan mablagʻlar manbasi aniq koʻrsatilgan...
Muxtasar aytganda, “Vatandoshlar” jamoat fondi dunyo oʻzbeklari, qon-qardosh millat vakillari – barcha Vatandoshlar yoʻliga yoqilgan chiroq. Bu ezgu maqsad, inshoolloh, oʻzining mevasini, natijasini beradi. Muhimi, yer sharining turfa maskanlaridan makon topgan qorakoʻz xalqimiz vakillarining koʻngli togʻdek yuksaladi, oʻziga boʻlgan ishonchi, faxr-iftixori yana-da ortadi. Prezidentimiz rahbarligida Oʻzbekistonning har jabhada chindan ham yangilanayotganiga, uning yuksak marralarga eltuvchi nurafshon gʻoyalari, muazzam orzu-intilishlari roʻyu rost, samimiy ekaniga amin boʻlishadi.
Mahmud TOIR,
Oʻzbekiston xalq shoiri