Yangilanayotgan Konstitutsiya – yurtimiz va xalqimizning farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos bo‘ladi

    Mamlakatimizda 10 Mart 2023 1827

    2023-yil 9-mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha referendum o‘tkazish haqidagi masala muhokama qilindi.

    Majlisda xorijiy davlatlarning O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchilari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari ham ishtirok etdi.

    Loyihada jamoatchilik takliflari, zamonaviy xalqaro standartlar va eng ilg‘or xorijiy tajriba inobatga olingan

    Muhokamalarda Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha umumxalq muhokamalarida jami 222 715 ta takliflar kelib tushganligi va ular asosida loyiha takomillashtirib, maromiga yetkazilganligi, xususan, takliflarning har to‘rttasidan bittasi loyihadan joy olganligi ta’kidlandi.

    Deputatlar Konstitutsiyaviy qonun loyihasini tayyorlash jarayonida 400 dan ortiq xalqaro hujjatlar, 190 ga yaqin davlatlar konstitutsiyalari puxta tahlil etilganligi, xalqaro ekspert va mutaxassislar tomonidan xalqaro huquqning umume’tirof etilgan barcha qoidalarini o‘zida mujassam etgan hujjat sifatida yuqori baholanganligini qayd etdilar.

    Shuningdek, majlisda Konstitutsiyaning moddalari amaldagi 128 tadan 155 taga ko‘payib, normalari 275 tadan 434 taga oshgani, ya’ni, Asosiy qonunimizning 65 foiz matni xalqimiz takliflari asosida yangilangani, inson huquq va erkinliklariga oid qoidalar uch yarim baravarga ko‘paygani hamda shulardan kelib chiqib, loyihani yangi tahrirdagi Konstitutsiya sifatida qabul qilish uchun barcha asoslar yetarli ekanligi ta’kidlandi.

    Yangilanayotgan Konstitutsiya taraqqiy etgan davlat – Yangi O‘zbekistonni qurish g‘oyasi atrofida butun jamiyatimizni jipslashtirishi, unda barcha qatlam manfaatlari inobatga olinganligi, loyihani ishlab chiqishda keng jamoatchilik, siyosiy partiyalar, jamoat tashkilotlari, ekspertlik va ilmiy doiralar vakillari, ziyolilar faol ishtirok etganligi, bir so‘z bilan aytganda, loyiha tom ma’noda xalq Konstitutsiyasi bo‘layotganligi alohida ta’kidlandi.

    Muhokamada so‘zga chiquvchilar tomonidan Konstitutsiyaga kiritilayotgan asosiy o‘zgartirishlarning har biri bo‘yicha alohida-alohida to‘xtalib o‘tildi, fikr almashildi. Xususan, har bir siyosiy partiya fraksiyasi yetakchisi o‘z partiyaviy dastur va maqsadlaridan kelib chiqib, Asosiy qonunimiz loyihasida tegishli takliflari aks etganini alohida ta’kidlashdi.

    O‘zbekiston – suveren, demokratik, huquqiy va ijtimoiy davlat ekani qat’iy belgilab qo‘yilmoqda

    Mamlakatimizning uzoq muddatli taraqqiyoti, xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos hamda ishonchli kafolat sifatida O‘zbekiston “suveren, demokratik, huquqiy va ijtimoiy davlat” ekanligi hamda ushbu prinsipial qoidalarni o‘zgartirish mumkin emasligi alohida belgilab qo‘yilmoqda.

    Ushbu konstitutsiyaviy qoidalar zamirida mustaqilligimizni asrab-avaylash va yanada mustahkamlash, kelajak avlodlarga ozod va erkin Vatan qoldirish, xalq manfaatlari ko‘zlangan islohotlar yo‘lidan ortga qaytmaslik, qonun va adolat ustuvorligi, insonga e’tibor va g‘amxo‘rlik kabi muhim qadriyatlar mujassam bo‘lib, ular davlatchilikning tamal toshlari sifatida mustahkamlanmoqda.

    Kuchli ijtimoiy himoya va muhtojlarga g‘amxo‘rlik – davlat siyosatining muhim yo‘nalishi bo‘lib qoladi

    Konstitutsiyada kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash, ishsizlikdan himoya qilish bo‘yicha davlat o‘ziga qator yangi majburiyatlar olishi belgilanmoqda. Umuman davlatning ijtimoiy majburiyatlariga doir normalar uch barobarga oshmoqda.

    Masalan, 2 million 200 ming ehtiyojmand oilalar davlatdan moddiy yordam olishini kafolatlaydi. Bu jami oilalarning 25 foiziga to‘g‘ri keladi, ularga har yili 11 trillion so‘m ajratiladi.

    Deputatlar o‘tgan yili 50 ming oila uchun yangi kvartiralar olishga sharoit yaratilgani, bu yil 90 ming, yaqin 2-3 yilda esa, 200 ming oilani uy-joyli qilish rejalashtirilganligi, shu bois, har bir fuqaroning uy-joyli bo‘lish huquqi va uy-joy qurilishi davlat tomonidan rag‘batlantirilishining Konstitutsiyamizda mustahkamlanayotganligi ushbu marralarga erishish uchun mustahkam zamin hozirlashini qayd etdilar.

    Ilk marotaba davlat zimmasiga aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalarining hayoti sifatini oshirish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyat va davlat hayotida to‘laqonli ishtirok etishi va o‘z huquqlarini amalga oshirishi uchun shart-sharoitlar yaratish choralarini ko‘rish majburiyati yuklanmoqda.

    Deputatlar tomonidan davlat o‘z zimmasiga nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy sohalar obyektlari va xizmatlaridan to‘laqonli foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratish, ularning ishga joylashishiga, ta’lim olishiga ko‘maklashish, majburiyatini olayotganligi ham ijtimoiy davlat tamoyilining yaqqol ifodasi ekanligi ta’kidlandi.

    Inson huquq va erkinliklari kafolatlari kuchaytirilmoqda

    Inson huquq va erkinliklarini ta’minlash – davlatning oliy majburiyati etib belgilanmoqda. Inson va davlat organlari o‘rtasidagi yuzaga keladigan noaniqliklar inson foydasiga talqin qilinishi, huquqiy ta’sir choralari qonuniy maqsadga erishish uchun yetarli va mutanosib bo‘lishi kerakligi belgilanmoqda. Ushbu qoidalar inson huquqlari ustuvorligini ta’minlaydi, davlat idoralarining o‘z vazifalarini inson huquqlariga rioya qilgan holda amalga oshirishda mas’uliyatini oshiradi hamda insonga me’yoridan ortiq huquqiy ta’sir choralari qo‘llanilishining oldini oladi.

    Konstitutsiyada insonning shaxsiy huquqlari va erkinliklari kafolati eng ilg‘or xalqaro standartlarga muvofiq kuchaytirilmoqda. Xususan, shaxsni sud qarorisiz 48 soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emasligi, ushbu muddat ushlab turish qonuniyligi va asosliligi sudda isbotlanmasa, shaxs darhol ozod qilinishi (“Xabeas korpus” instituti) hamda shaxsni ushlab turish chog‘ida uning huquqlari va ushlab turilishi asoslari unga tushunarli tilda tushuntirilishi kerakligi (“Miranda qoidalari”), shuningdek, ayblanuvchi va sudlanuvchilarga o‘ziga qarshi ko‘rsatma bermaslik, ya’ni “sukut saqlash” huquqi belgilanmoqda. Ushbu qoidalar shaxsiy erkinlik daxlsizligini va insonlarni noqonuniy hibsga olishga yo‘l qo‘ymaslikni kafolatlaydi.

    Ilk marotaba yozishmalar, telefon orqali so‘zlashuvlar, pochta, elektron xabarlar va boshqa xabarlarni sir saqlash huquqi faqat sudning qaroriga asosan cheklanishi mumkinligi belgilanmoqda. Ya’ni, hozirgi vaqtda ushbu vakolat prokurorga tegishli bo‘lib, uning sudlarga o‘tkazilishi shaxs daxlsizligi va konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlashda tub burilish bo‘ladi.

    Shaxs qarindoshlarining sudlanganligi asosi bilan huquqlari cheklanishi mumkin emasligi qat’iy belgilanishi inson o‘zining yaqinlari yo‘l qo‘ygan xatolar uchun javob bermasligini ta’minlaydi.

    Uzoq yillar yurtimizning xalqaro imidjiga salbiy ta’sir qilib kelgan majburiy mehnatga to‘liq barham berildi. Bolalarning barkamol rivojlanishiga salbiy ta’sir qiladigan har qanday bolalar mehnatining taqiqlanishi Asosiy qonunimizda to‘g‘ridan-to‘g‘ri yozib qo‘yilayotganligi ushbu salbiy illatning tarixda qolishi uchun kafolat bo‘ladi.

    Konstitutsiyaviy huquq va erkinliklar doirasi kengaymoqda

    Konstitutsiyada inson huquq va erkinliklari sezilarli darajada kengaytirilmoqda. Xususan, konstitutsiyaviy huquqlar doirasi ekologik huquqlar, sog‘liqni saqlash, gender tenglik, erkin harakatlanish, turar va yashash joyini erkin tanlash, mamlakatdan chiqish va moneliksiz qaytish, Internetdan foydalanish, shaxsiy ma’lumotlar himoyasi, oliy ta’lim, bepul yuridik yordam olish, davlat xizmatiga kirishda tenglik, uy-joyga ega bo‘lish, undan mahrum etilganda kompensatsiya olish, bank operatsiyalari va hisobvaraqlarining sir saqlanishi, qonunchilikka oid taklif kiritish kabi huquqlar bilan to‘ldirilmoqda.

    Qulay mehnat sharoitlarida ishlash, mehnati uchun adolatli haq olish, dam olish, davlat hisobidan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini olish, shaharsozlik, budjet sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish kabi huquqlarning kiritilishi fuqarolarning iqtisodiy va ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytiradi.

    “Inson qadri uchun” tamoyili Konstitutsiyada, qonunlarimizda va davlat idoralari faoliyatida bosh mezon bo‘lishi shart. Shu bois, Konstitutsiya loyihasida insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizdir hamda hech narsa ularni kamsitish uchun asos bo‘lishi mumkin emasligi belgilanmoqda.

    Ta’lim olish huquqi va imkoniyati kengaytiriladi, o‘qituvchilar konstitutsiyaviy maqomga ega bo‘ladi

    Oliy ta’lim tashkilotlariga akademik erkinlik berilishi, tanlov asosida davlat hisobidan bepul oliy ma’lumot olinishi, nodavlat ta’lim tashkilotlari qo‘llab-quvvatlanishi to‘g‘risidagi qoidalar yosh avlod hayotini yaxshilash, ularning orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarish, zamonaviy mutaxassisliklarni egallagan holda hayotda o‘z o‘rnini topishi va shaxsiy rivojlanishi uchun imkoniyat yaratadi.

    Oxirgi olti yilda oliygohlar soni 77 tadan 210 taga, ularga qabul esa, 5 baravarga ortib, talabalar soni 1 millionga, oliy ta’lim qamrovi – 9 foizdan 38 foizga oshdi. Davlat grantlari soni ham 2 baravar ko‘payib, 40 mingtaga yetdi, shundan, magistratura uchun – 5 baravar ko‘paydi.

    Alohida ehtiyojlarga ega bo‘lgan bolalar uchun ta’lim tashkilotlarida inklyuziv ta’lim va tarbiyaning tashkil etilishi, ularni hamma qatori umumiy maktablarda ham o‘qishini yo‘lga qo‘yilishi Yangi O‘zbekistonda inson qadri tamoyilining amaliy ifodasi hisoblanadi.

    Konstitutsiyada davlat maktabgacha ta’lim va tarbiyani rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratishi va boshlang‘ich professional ta’lim bepul ekanligi ham belgilanmoqda. Deputatlar tomonidan so‘nggi olti yilda bolalarning bog‘cha bilan qamrovi 27 foizdan 70 foizga oshgani hamda Konstitutsiyaga kiritilayotgan yangi normalar bu borada yangi marralarga erishish imkonini berishi ta’kidlandi.

    Deputatlar o‘qituvchilar sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish to‘g‘risidagi norma millat va xalq rivoji, uning intellektual salohiyatini oshirishda asosiy o‘rin tutuvchi o‘qituvchilarning jamiyatdagi ijtimoiy maqomi va obro‘sini yanada oshirishga xizmat qilishini ta’kidlab o‘tdilar.

    Yoshlar huquqlari Konstitutsiya himoyasi ostida bo‘ladi

    Konstitutsiyada yoshlar masalasi alohida bob darajasiga olib chiqilishi Yangi O‘zbekistonda yoshlar siyosati ustuvor ekanligiga yaqqol ishoradir.

    Deputatlar aholimizning 18 milliondan ortig‘i yoshlar ekanligi, ushbu ko‘rsatkich 2040 yilga borib, 25 millionga yetishini hisobga olib, Konstitutsiyaga yoshlar masalasiga alohida bob kiritilayotgani muhim ahamiyatga egaligini alohida ta’kidladilar.

    Muhokamalar davomida yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini ta’minlash, jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini rag‘batlantirish, ularning ma’naviy, intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan rivojlanishi, o‘z huquqlarini amalga oshirishi uchun shart-sharoitlarni yaratish majburiyatini davlat o‘z zimmasiga olishi yoshlar hayotda o‘zlarini to‘laqonli namoyon etish imkoniyatini ta’minlashi ta’kidlandi.

    Raqobatbardosh milliy iqtisodiyot, xususiy tadbirkorlik va mulk huquqi kafolatlari mustahkamlanmoqda

    Yangilanayotgan Konstitutsiyada tadbirkorlik faoliyati kafolatlarini kuchaytirish, bozor munosabatlarini rivojlantirish, halol raqobat uchun shart-sharoit yaratish, qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini ta’minlash, adolatli soliq tizimini yo‘lga qo‘yish, monopolistik faoliyatni cheklash orqali tom ma’noda erkin bozor iqtisodiyotini shakllantirish uchun barqaror asos yaratilmoqda.

    Tadbirkorlikka keng yo‘l ochilgani hisobiga, so‘nggi olti yilda ularning soni 6 baravar oshib, bugungi kunda 2 millionga yetdi. Tushumlari 1 million dollardan oshgan tadbirkorlar 26 mingtaga, 100 million dollarga yetkazganlar esa, 220 taga yetdi.

    Loyihada mulk daxlsizligi va u bilan bog‘liq huquqlarning ta’minlanishi davlat tomonidan kafolatlanishi, mulkiy huquqlarni cheklash faqat sud qarori asosida bo‘lishi mustahkamlanmoqda. Mamlakatimizda tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishi kafolatlanmoqda. Bu iqtisodiyot barqaror o‘sishi, farovon hayotimiz tayanchi hisoblangan tadbirkor va ishbilarmonlarimizning erkin faoliyati uchun mustahkam huquqiy kafolat yaratishi qayd etildi.

    Davlat bebaho tabiiy boyliklarimizni ko‘paytirish, asrab-avaylash va atrof-muhit musaffoligini saqlash choralarini ko‘radi

    Aholi hayoti va salomatlik darajasini yaxshilashning zaruriy sharti sifatida Konstitutsiyada atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha kompleks choralar belgilanmoqda.

    Deputatlar tomonidan so‘nggi uch yilda qurilishlardan norozi bo‘lib, aholidan 15 mingta murojaat kelib tushgan, sudlar tomonidan birgina Toshkent shahrida 200 dan ortiq qurilishlar to‘xtatib qo‘yilganligi, avtomobillar soni 1,3 millionga ko‘payib, 3,6 millionga yetganligi, har yili atmosfera havosiga 2,2 million tonna sanoat va transport tashlanmalari chiqarilayotganligi ham ushbu masala tobora dolzarb ahamiyat kasb etayotganligidan dalolat berishi ta’kidlandi.

    Shu munosabat bilan, davlat atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash bo‘yicha choralarni amalga oshiradi, fuqarolarning ekologik huquqlarini ta’minlash va atrof-muhitga zararli ta’sir ko‘rsatilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida shaharsozlik faoliyati sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi. Shu bilan birga Hukumatning atrof-muhitni muhofaza qilish, biologik xilma-xillikni saqlash va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish sohasidagi mas’uliyati belgilanmoqda.

    Shaharlarning bosh rejalarini jamoatchilik muhokamasidan majburiy o‘tkazilishi shartligi haqidagi konstitutsiyaviy qoida hozirgi sharoitda tobora dolzarb ahamiyat kasb etib borayotgan shaharsozlikka oid masalalarni xalqimiz bilan bamaslahat yechish imkonini beradi.

    Deputatlar Konstitutsiyaga kiritilayotgan ushbu normalar tabiiy zaxiralar qisqarayotgan, global iqlim o‘zgarishi, ekologiya va tabiat bilan bog‘liq muammolar insoniyat kelajagiga tahdid solayotgan hozirgi davrda muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidlab o‘tdilar.

    Ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati institutlari yanada faol bo‘lishi uchun keng imkoniyat va kuchli himoya taqdim etilmoqda

    Konstitutsiyamizda ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligi, ularning axborotni izlash, olish, undan foydalanish va uni tarqatishga bo‘lgan huquqlari kafolatlanmoqda.

    Deputatlar xalq ovozi va fikrini keng jamoatchilikka, davlat idoralari e’tiboriga olib chiqayotgan ommaviy axborot vositalari, jurnalistlar faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashish javobgarlikka sabab bo‘lishi haqidagi qoida Bosh qomusimizda muhrlanayotganligi yurtimizda so‘z va axborot erkinligini yanada yuksalishini e’tirof etdilar.

    Konstitutsiyamizga ilk marotaba fuqarolik jamiyati institutlariga bag‘ishlangan alohida bob kiritilishi va ular faoliyati kafolatlarining belgilanishi jamiyatda ochiqlik, oshkoralik va qonuniylik muhitini, davlat va jamiyat o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash hamda kuchli jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish uchun mustahkam zamin hozirlaydi.

    Inson farovon yashashi, davlat barqaror rivojlanishi uchun samarali, ixcham va xalqchil davlat boshqaruvi joriy qilinadi hamda parlamentarizm yanada kuchaytiriladi

    Yangilanayotgan Konstitutsiya xalqparvar davlat qurish maqsadida kuchli parlament, ixcham va mas’uliyatli hukumat, mustaqil va adolatli sud tizimini barpo etishga qaratilgan.

    Davlat hokimiyati tizimi yagona va yaxlit bo‘lib, hokimiyatning bir bo‘g‘inini modernizatsiya qilish uning boshqa tarmoqlarda ham islohotlarni taqozo qiladi. Shunga ko‘ra, tarmoqlar o‘rtasida bir-birini tiyish va muvozanatni saqlash tizimining samarali ishlashini ta’minlash maqsadida parlament palatalarining vakolatlari qayta ko‘rib chiqilmoqda.

    Unga ko‘ra, Qonunchilik palatasi va Senatning vakolatlari sezilarli darajada kengaymoqda, ikki palata ishidagi takrorlanishlar bartaraf etilib, har birining mas’uliyat sohasi aniq belgilanmoqda. Xususan, Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari amaldagi 5 tadan 12 taga, Senatda esa, 14 tadan 18 taga ko‘paymoqda.

    Bosh vazir nomzodini ko‘rib chiqish va ma’qullash, Davlat budjeti ijrosini nazorat qilish, Hisob palatasining hisobotini ko‘rib chiqish kabi vakolatlar bevosita xalq tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylanadigan Qonunchilik palatasi vakolatiga o‘tkazilmoqda. Bu o‘zgarish quyi palataning vakillik tabiatiga va ilg‘or xorijiy tajribaga to‘la mos keladi.

    Muhokamalarga boy bo‘lgan yig‘ilishda qayd etilganidek, markazda va joylardagi ijro hokimiyati organlari faoliyatida qat’iy tartib-intizom, mas’uliyat, natijadorlikni kuchaytirish maqsadida shuningdek, ilg‘or xorijiy tajribani inobatga olib, Bosh vazir nomzodini Prezident Qonunchilik palatasiga kiritib, xalq vakillari ma’qullagandan so‘ng lavozimga tayinlash tartibi joriy etilmoqda. Bosh vazir nomzodini Qonunchilik palatasiga taqdim qilishdan oldin Prezident tomonidan barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari bilan maslahatlashuvlar o‘tkazish nazarda tutilmoqda.

    Amaldagi tartibga ko‘ra, Bosh vazir nomzodini ko‘rib chiqish faqat Qonunchilik palatasiga saylovda eng ko‘p ovoz olgan partiya yoki partiyalar irodasiga bog‘langan edi. Yangi taklif etilayotgan tartib orqali esa barcha siyosiy partiyalar fraksiyalarining nafaqat Bosh vazir nomzodini ko‘rib chiqishda, balki butun Hukumatni shakllantirishdagi ishtiroki ta’minlanadi. Ya’ni, amaldagi tartib yanada demokratik mazmun kasb etadi.

    Faoliyati qoniqarsiz deb topilgan vazirni lavozimidan ozod etish bo‘yicha Qonunchilik palatasining Prezidentga taklif kiritish huquqining belgilanayotganligi Hukumat a’zolarining xalq vakillari oldidagi hisobdorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

    Senat oldiga qo‘yilayotgan yangi vazifalardan kelib chiqib, uni ixcham, xalqchil va hududlar manfaatini ifoda etadigan idoraga aylantirish maqsadida uning mahalliy Kengashlarga ko‘maklashish bo‘yicha vakolati ham Konstitutsiyada mustahkamlab qo‘yilmoqda.

    Ushbu konstitutsiyaviy normalar Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasi va ma’muriy islohotlarning ustuvor yo‘nalishlariga hamohang bo‘lib, parlament palatalari vakolatlarini aniq chegaralab beradi, ular faoliyatidagi o‘zaro takrorlanishlarni bartaraf etadi, parallel funksiyalarni maqbullashtiradi, Oliy Majlisni yagona yaxlit organ sifatida samarali faoliyat olib borishini ta’minlaydi.

    Shu bilan birga joylardan teng vakillikni saqlab qolgan holda, senatorlar sonini hozirgi 100 nafardan 65 nafarga tushirish, bunda har bir hududdan 4 tadan senator saylanishi, Prezident tomonidan tayinlanadigan senatorlar soni esa 16 tadan 9 taga kamaytirilayotganligi haqida aytib o‘tildi. Bu Oliy Majlis Senati faoliyatini mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ma’muriy islohotlar mohiyatiga monand tarzda modernizatsiyalash imkonini beradi.

    Parlamentning quyi palatasi tomonidan kiritilgan qonunlar Senatda 60 kun ichida ko‘rib chiqilishi, muddat o‘tib ketsa, ushbu qonun ma’qullangan deb hisoblanishi va imzolash uchun Prezidentga yuborish amaliyoti joriy qilinayotganligi ham ta’kidlandi.

    Parlamentning sud va nazorat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va maxsus xizmatlar faoliyati ustidan nazorat funksiyalari kuchaytirilmoqda

    Oliy Majlis palatalarining birgalikdagi vakolatlari ham kuchaytirilib, parlament nazoratining muhim shakli bo‘lgan parlament tekshiruvi instituti Konstitutsiyada alohida mustahkamlab qo‘yilmoqda.

    Oliy Majlisning jamiyat hayotidagi o‘rni, roli va ta’sirini kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim vakolatlari parlamentga o‘tkazilmoqda.

    Xususan, Bosh prokuror, Hisob palatasi rahbarligiga nomzodlar avval Senatda ko‘rib chiqilib, keyin Prezident tomonidan tayinlanish, shuningdek monopoliyaga va korrupsiyaga qarshi kurashish organlari rahbarlarini Senat tomonidan saylash amaliyoti joriy etilmoqda.

    Maxsus xizmatlar faoliyati ustidan parlament nazoratini kuchaytirish maqsadida Davlat xavfsizlik xizmati rahbarligiga nomzod avval Senatda ko‘rib chiqilib, keyin Prezident tomonidan tayinlanishi tartibi joriy etilmoqda.

    Sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash maqsadida Sudyalar oliy kengashining barcha a’zolarini Senat tomonidan saylash tizimi kiritilmoqda.

    Hokimlarning xalq deputatlari Kengashlariga rahbarlik qilish instituti bekor qilinadi

    Mahalliy darajada hokimiyatlar bo‘linishi prinsipini amalga oshirish, hokimlarning xalq deputatlari Kengashlariga rahbarlik qilish institutini tugatish davlat boshqaruvi tizimi yangilanishining mantiqiy davomi bo‘lishi qayd etildi.

    Yig‘ilishda so‘zga chiquvchilar tomonidan mahalliy darajada hokimiyatlar bo‘linishi prinsipi amalga oshirilib, hokimlarning xalq deputatlari Kengashlariga rahbarlik qilish instituti bosqichma-bosqich, ya’ni viloyat Kengashlari uchun 2024 yildan, tuman Kengashlari uchun esa, 2026 yildan e’tiboran tugatilayotganligi mamlakatda amalga oshirilayotgan ma’muriy islohotlar, davlat boshqaruvi tizimi yangilanishining mantiqiy davomi bo‘lishi ta’kidlandi.

    Mahalliy davlat boshqaruvi sohasida kiritilayotgan mazkur o‘zgarishlar butun davlat hokimiyati tizimini demokratlashtirishga, hokimiyatlar bo‘linishi prinsipini izchillik bilan amalga oshirishga hamda chinakam xalqparvar davlatchilik asoslarini yaratishga xizmat qiladi.

    Barcha masalalar yechimi chinakam xalq ovozi bo‘lgan mahalla darajasiga tushiriladi

    Konstitutsiyada mahallalarga aholining kundalik muammolarini hal qilish bo‘yicha mustaqil qaror qabul qilish vakolatlari berish, buning uchun tashkiliy va moliyaviy imkoniyatlar yaratish belgilanmoqda.

    Bularning barchasi, davlat hokimiyatida hisobdorlik, shaffoflik, samarali qaror qabul qilish va uning natijadorligini oshirishga xizmat qiladi.

    Konstitutsiyada sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash va sud tizimi faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha normalar kiritilmoqda

    Muhokamalarda aytib o‘tilganidek, sudlar faoliyati mustaqilligi kafolatlarini kuchaytirish, sudyalar daxlsizligi va muayyan ishlar bo‘yicha hisobdor bo‘lmasligi, ularning xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha kiritilayotgan o‘zgarishlar odil sudlovni to‘liq va mustaqil amalga oshirish uchun muhim kafolat bo‘ladi.

    Deputatlar sudlarning faoliyatini moliyalashtirish faqat Davlat budjetidan amalga oshirilishi va u odil sudlovni to‘liq, mustaqil amalga oshirish imkoniyatini ta’minlashi kerakligi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy norma chinakam adolatli va mustaqil sud tizimini shakllantirishini, sudlarning xolisligini ta’minlashini qayd etdilar.

    Fuqarolarga sud tomonidan o‘ziga nisbatan qo‘llanilgan qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risida Konstitutsiyaviy sudiga murojaat qilish huquqining berilishi fuqarolarning o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun yangi mexanizm hisoblanadi.

    Muhokamalarga boy bo‘lgan majlis o‘z ishini ertaga ham davom ettiradi.

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

    Parlament axborot markazi