Mashina oynasidan dovon togʻlariga boqib xayol surar ekanman, onajonimning tilladay tovlangan anjirlarni laganga terib hovli etagidan chiqayotgani koʻz oʻngimdan oʻtadi. Bir paytlari ertaklardagi pahlavonlar kabi yuraklarga gʻulgʻula solgan akalarimning bolalikdagi kabi “Munavvarxon”, deya peshonamdan oʻpib koʻrishishlari – hamma-hammasini oʻylasam koʻnglimda tovushlaridan shuʼlalar sochiladigan nurli bir hikoya boshlanadi.
Bu yil qutlugʻ 87 yoshni qarshi olayotgan onajonim har galgidek yurtga munosib farzand boʻlish haqida kuyinib gap boshlaydi:
– Bolalarim, Toshpoʻlatovlar desa faqat qishlogʻimiz emas, butun tuman qoʻli yengil doʻxtirlar oilasi deb taniydi. Endi sizlar ham ulugʻ yoshlarni qoralab qoʻydingiz. Avlodimizdagi kasbu korlar ham yangilanishi kerak. Xudoga shukur, hammalaringizda oʻgʻil-qiz bor. Har biringiz bittadan farzandingizni doʻxtirlikka oʻqitsangiz, sulolamizga izzat-obroʻ keltirgan kasbning umriga umr qoʻshgan boʻlasizlar. Nevaralarim yuzi yorugʻ insonlar boʻlsin, deyman.
Ha, onam haq gapni gapiradi. Bolaligim haqida oʻylasam roʻzgʻor tebratish, oʻqitib, kasb-hunarli qilish uchun jonlarini nisor qilganini, bu serzahmat kunlar nozikkina yelkalariga qanchalar zalvorli yuk solganini koʻz oldimga keltiraman.
Oʻn besh nafar farzandni dunyoga keltirib, oʻn ikki nafariga ega boʻlgan onam, dadam rahmatliga har ishda yelkadosh edi. Birgina dadamning topgani bilan kunimiz oʻtmasdi. Shu sabab akalarimning bola yoshidayoq tirikchilik tashvishlariga sherik boʻlishga onam yoʻnaltirgan. Kechagidek esimda, mahallamizdagi bir xonadonda ovqat pishirilib, tush paytida dala shiyponlaridagi bogʻchalarga yetkazib berilardi. Oltinchi sinfda oʻqiydigan akam ovqatni dalaga olib borgani uchun ish haqiga kuniga bir soʻm pul olardi. Onamning aytishicha, oʻsha pulga 11 dona non sotib olsa boʻlarkan. Qaytishida sigir-buzoqlarga bir etak oʻt yulib, velosipedning orqasiga tangʻib kelardi. Akamdan xavotir olgan onam u kelgunicha koʻchaga kirib-chiqaverar, qoʻli ishga bormasdi. Yana bir akam kosib amakiga shogirdlikka borardi. Qaybirimizning oyoq kiyimimiz sal unniqib qolsa, darhol tikib taʼmirlab qoʻyar, maktabdagi doʻstlarini ham bu ishi bilan quvontirgan paytlarini eslayman.
Yana bir akam esa novvoyga shogird tushgan. Kechasi xamir qorishga ketayotganda uyqusini ochsin, deb onam boyaqish, “Bolam, koʻzingni och, Toshariqdan ehtiyot boʻlib oʻt. “Bismilloh”, deb yoʻl bos. Hali ulgʻayib, oʻqishlarga kirsang bu kunlaringni tushday eslaysan. Xudodan soʻraganim bor. Ma, manavi iris qandni shimib ket, novvot choyingni ichib ol, shoshilma, hech yoʻq, bir hoʻpla”, derdi bolasining uyqusi buzilganligi uchun oʻkinch hissini sezardim. Koʻzlari uyqusizlikdan qizargan akamning oq durraga tugib koʻtarib kelgan issiq nonlarining isi hamon dimogʻimda.
Farzandlarining kasb-hunarli qilgan ota-onam keyinchalik ularning oliy maʼlumotli boʻlishlari uchun ham astoydil jon kuydirishgan. Toʻrt akam shifokor boʻlishdi. Va onamning maslahatlari bilan oʻzlariga munosib yosh shifokorlar sulolasini tarbiyalashga ham jiddiy eʼtibor qaratishmoqda. Nabiralari oʻqimishli boʻlishini juda-juda istagan onam, hatto, ularning tayyorlov kurslariga har oy oʻz nafaqalaridan ulush ajratadi. Nafaqat ota-onalar, balki bobo va buvilar ham avlodlari maʼrifatli, oʻqimishli boʻlishini istab, mana shu yoʻlda sarflanadigan xarajatlarga oʻz hissalarini qoʻshganlari bu shunchaki oddiy gap emas. Oʻgʻil-qizlarimiz kelajagini, tarbiyasini telefonga topshirib qoʻyayotgandekmiz... Ammo bugun baʼzi ota-onalar sharoitlarini yengillatib ularni dangasa va masʼuliyatsizlik oqimiga tashlayotgandaymiz...
Nafsilamrini aytganda, hozir nafaqat bolalar, koʻpgina yosh oilalar ham boqimanda boʻlib qolayotgani koʻproq iztiroblar beryapti desam ishonavering. Yaqinda ijtimoiy tarmoqda bir yosh oila iddao bilan videolavha tayyorlabdi: “Mana, koʻringlar mahalla rahbarlarining bizga bergan narsalarini: bir kilo makaron, bir kilo guruch, ozgina shakar, bir xaltachada kartoshka, piyoz. Ha, besh-oʻnta tuxum ham bor ekan... Nima sizlar bizni masxara qilyapsizlarmi? Axir biz ishsiz oʻtirgan boʻlsak...”
Hech bir xijolatsiz aytilayotgan bu gaplarni eshitib, toʻgʻrisi, yuragimga ogʻriq kirdi... Otam rahmatlining “Boqimanda boʻlib qolmang, bolalarim. Bu juda yomon illat, odamning belini bukib, tilini qisadi”, degan nasihatlari qulogʻim ostida yangradi. Oʻsha videodagi er-xotinning oyoq-qoʻli soppa-sogʻ ekan, ishlayman desa ish topilmaydimi... Avvallari odamlar oʻz bogʻida pishib yetilgan mevalarni ham bozorga olib chiqib sota olmasdi. Bir paytlar maktabdagi bir tengdoshimiz uyidagi tovugʻini bozorda sotib oʻtirganida “qoʻlga olinib”, axloq tuzatish koloniyasiga joʻnatib yuborilgan. Sababi – bola yoshida chayqovchilik qilganmish. Oʻn yoshimizda dalada chopiq qilsak mayli ekan, katta yuk mashinalarida tik turib, oʻpkamizni shamolga tutib yarim tunda daladan qaytsak mayli ekan. Oʻzimizdan, oʻzligimizdan tonsak mayli ekan. Yerga toʻkilib yotgan mevani terib bozorga olib chiqish, uyidagi tovuqni sotib roʻzgʻor kamiga yamoq boʻlish jinoyat emish. Qanday zamonlarni koʻrdik. Hozir shunday omon-omon zamonda ham rizqini haloldan topib yeyish oʻrniga kimlardandir sadaqa kutib oʻtirish noshukurlikdan boshqa narsa emas. Hozir hamma uchun tadbirkorlik imkoni bor. Yaqinda bir nogiron, oyoqlarida tugʻma nuqsoni bor qizaloq bilan suhbatlashdim. Qizgina bir joyda oʻtirgan holatida biserdan gullar yasab onasi bilan internet orqali sotishar ekan. Oʻsha qizaloqqa: Koʻngling tusaganini ayt, qizim, bajaraman, – dedim. Keyin sen ham mening qoʻllarimga munchoq yasab berasan, deb shart ham qoʻydim. Qizaloq: “Siz shoira opa ekansiz-ku, haykallari bor bogʻ bor-ku, oʻshatta Navoiy bobomizning ham katta haykali bor. Televizorda koʻrganman. Qoʻshnilarimiz borib keldi, juda borgim keladi”, dedi biyrongina boʻlib. “Ketdik, hozir boramiz”, dedim. Istaklari bajo boʻldi, aylandik, kulishdik, yigʻlashdik ham.
Qizaloq bilan sayr bahona xayolimni endi muhtasham bogʻ bilan bogʻliq voqealar tortdi.
Davlatimiz rahbari Yozuvchilar uyushmasining yangi binosida bir qator ijodkorlar bilan uchrashuv chogʻida: “Bu bogʻ adiblar xiyoboni boʻladi. Nafaqat ijodkorlar uchun, barcha ziyolilar uchun, hatto, oddiy xalqimiz uchun ham ziyoratgohga aylanadi”, degan edi. Bu dargoh chindan ham xalq uchun, Vatan uchun xizmat qilgan insonlarning xotirasi barhayot ekanligidan hikoyalar soʻzlab turadi. Bu faqat xiyobon emas, tarbiyaxona, maʼrifatxona, niyat qilganimizdek muazzam qadamjoga aylandi. Oy atrofiga yulduzlar jamlanib, yogʻdu sochgani kabi bir qator adabiyotimiz fidoyilari siymolari Hazrati Navoiy bobomiz atrofidan joy oldi. Ijod va kitob haqida soʻz ochar ekanmiz, yurtimizda kitobxonlik faqat mashgʻulot emas, maʼnaviy ehtiyoj darajasiga koʻtarilganini alohida taʼkidlagimiz keladi. Kitobxonlikka ochilgan yoʻl – bu jaholatdan uzoqlashtiradigan, maʼrifatga yaqinlashtiradigan yoʻldir. Maʼnaviyat, maʼrifat sohasida erishayotgan balandliklarimizdan turib qaysi tizim rivojiga nazar solsak, koʻzimizni quvontirib, koʻnglimizni oʻstiradigan oʻzgarishlar namoyon boʻlaveradi. Deylik, xotin-qizlarga eʼtibor masalasi... Yillar davomida biz qanchalik sir tutmaylik, boshpanasiz, hatto aytish mumkinki yertoʻla, axlatxonalarda farzandlari bilan yashab turgan ayollar bor edi. Ularning hayot tarzi oʻrganilib, oʻnlab boshpanasiz ayollarga uylar taqdim etildi. “Bitta qizning oʻqimishli boʻlgani butun bir oilaga ziyo kirgani”, degan shior ham keyingi yillarda roʻyobga, haqiqatga aylandi. Oʻtgan yilning oʻzida ikki mingga yaqin, 2020-yildan beri esa besh mingga yaqin qizlarimiz imtiyozli yoʻllanmalar bilan oliygohlarga kirib oʻqish baxtiga muyassar boʻlishdi.
Yana bir koʻnglimizga iftixor bagʻishlaydigan voqealar borki, har eslaganda “Biz dunyo tamadduniga munosib hissa qoʻshgan buyuk allomalar avlodimiz”, degan iftixor dilga keladi.
Davlatimiz rahbari qaysi mamlakatga rasmiy tashrif bilan borsa, oʻsha yurtning bir ulugʻ adibining kitobini mezbonlarga tuhfa qiladi. Belorussiyaga Yakub Kolasning, Tojikistonga Jomiy hazratlarining, Turkmanistonga Maxtumqulining, hindistonlik birodarlarimizga buyuk adib Tagorning muhtasham asarlari nashrini tuhfa etgani nechogʻlik kitobga, adabiyotga boʻlgan cheksiz mehr timsolidir. Biz bunday lahzalarni kuzatib, hayotimizning vujudi iqtisod, ruhiyati maʼnaviyat ekanligiga yana bir bor amin boʻlamiz.
Shu yaqin kunlarda “Saodat”ning bir guruh ijodkorlari bilan Toshkent tumanida boʻldik. Tuman oila va xotin-qizlar rahbari Lola Qoraboyeva bizga hamrohlik qilarkan, yoʻl-yoʻlakay bugungi shiddatli islohotlarga esh faoliyati bilan ham tanishtirib bordi:
– Ancha yildan beri maktabgacha taʼlim tizimida turli lavozimlarda ishladim. Xotin-qizlar yoʻnalishida ishlash oson emas, ammo qilgan ishingdan rozi boʻladigan kunlaring ham koʻp boʻlar ekan. Tumanimda 115 mingdan ziyod xotin-qiz, 65 mingdan ortiq xonadon bor. Oilaviy ajrimlarni oʻtgan yilgiga nisbatan oxirgi olti oylikda 50 foizga kamaytirishga erishdik. Bu degani oilalarga osudalik indi, farzandlar qorachigʻiga quvonch qoʻndi, degani. “Oqila ayollar” harakati, qadriyatlarni mustahkamlash komissiyalari, mahalla profilaktika inspektorlari va xotin-qizlar faollari bilan hamkorligimiz tufayli katta kuchga aylandik. Faoliyatimdagi esda qolarli nuqtalarni kundalik daftarimga qayd qilib boraman. Bir kuni yutuq va kamchiliklarimiz haqida oʻylaganimda, keyingi avlodga asqatib qolar deyman.
Shunday oilalar borki, bir yaxshi gap, maslahat bilan tiklanib ketadi. Yana bir oilalar borki, uchinchi odam aralashib barbod qiladi. Eng qiyin narsa odamning koʻngliga yoʻl topish, uni oʻz haqiqatlaringga ishontirish ekan. Myen sizlarni mingdan oshiq farzandi bor bir baxtli ayol bilan tanishtirman, – dedi. 76-oilaviy poliklinika bosh shifokori Shafoat Saidkarimova bilan boʻlgan suhbatimiz yanada qiziqroq kechdi.
Qahramonimiz ayni paytda qutlugʻ 71 yoshda boʻlib, 1991-yildan shu lavozimda faoliyat yuritayotgan ekan. Yashasin, oʻzbek onalari! – deya hayqiriq keladi koʻksingdan bunday ayollar bilan yuzma-yuz boʻlganingda.
Oq xalatlari oʻziga juda yarashib turgan bu ayol tuhfa sifatida olib kelgan kitob va jurnallarimizni olar ekan, mamnunlik bilan gap boshlaydi.
– Bilasizmi, ming nafar farzandi bor baxtli ayolman, desam ishonavering. Poliklinikamiz 26 ming aholiga xizmat koʻrsatadi. Hududda oʻnta mahalla, oltita maktab va bogʻchalar bor. Hozir shundoq mahalla oralab siz bilan yoʻlga tushsak, birin-ketin oʻgʻil-qizlarim yugurib kelib “Onajonim, kelyapsizmi”, deb quchoqlab olishadi. Ularning har birini qaysidir dard bezovta qilganida yordamga borganman, dardini olganman-da.
Shafoatxon opaning otasi Doniyorxoʻja Abduazimov ham el xizmatidagi fidoyi inson boʻlganligini mahalladoshlari faxr bilan soʻzlashdi. Bu inson xoʻjalik raisi boʻlib ishlagan davrlarda nafaqat bogʻu rogʻlar, balki maʼnaviy va moddiy koʻmakka ehtiyoji bor insonlar qalbi ham yashnagan ekan. Onasi Muborakxon uy bekasi boʻlsa-da, uncha-muncha oliy maʼlumotli xotin-qizdan qolishmaydigan ziyoli, har qanday maʼrifiy masalalarda muhokama yurita oladigan oqila ayol boʻlgan.
– Ming shukrkim, ona yurtimiz mustaqil boʻlganini koʻrish va ilk istiqlol yillarida bolalar salomatligini asrash yoʻlida amalga oshirilgan loyihalarda ishtirok etish baxti menga nasib etdi, – deydi suhbatdoshimiz. – Oʻsha yillari navbatchilik qilsak sharoit boʻlmaganligi bois chaqiruvlarni uyimizda kutib oʻtirar edik. Aksariyat bolalar tutqanoq, bezgak bilan ogʻrigan. Hozirgi paytda nima uchun bu kasallik kamayib ketganini bilasizmi? Sababi onalarimiz ona sutining qadriga yeta boshladi. Yosh onalarga doimo bir narsani taʼkidlaymanki, ona suti bilan parvarish qilingan bolaning immuniteti yuqori boʻladi. Sunʼiy ovqatlar goʻdakning faqat qornini toʻydiradi, quvvatiga quvvat qoʻshmaydi. Yosh onalarga koʻpincha: “Onalik va bolalik toʻgʻrisida oltin qoida shuki, bolangiz sizga mehrli boʻlishini istasangiz, uni hech qachon ona sutidan mahrum qilmang”, deyman. Ilgari bolalar pnevmoniya, gepatit B, qizamiq va chechak kabi kasalliklar bilan koʻproq ogʻrigan. Hozir emlashlar tufayli bu kasalliklar anchagina kamayib boryapti. Yaqin yillarda qizlar uchun bachadon boʻyin rakining oldini oluvchi emlash turi joriy etildi. Afsuski, aholimizning bir qismi bu emlashning qanchalar foydali ekanligini anglamayapti, – deydi opa kuyunchaklik bilan.
Shafoat opa bilan xonadonlarga kirib borar ekanmiz, chindan ham bu mehridaryo ayolning shartli maʼnoda boʻlsa-da, yuzlab farzandlari borligini oʻz koʻzimiz bilan koʻrib juda havasim keldi. Egniga oq libos kiygan har shifokorda oʻz kasbiga shunday sadoqat boʻlishini orzuladik.
Xizmat safarining yana bir manzilini tanlashimizga ham bir maktub sababchi boʻlgan.
“Opajon, oyoqlarim yurmay qoʻyganiga 6 yil boʻldi, – deb yozadi Mohinur Soliyeva. – Aniq fanlarga boʻlgan qiziqishim tufayli hisobchi boʻlib faoliyat yuritishga ahd qildim. Biroq onam oddiy ishchi boʻlgani uchun hisobchilikka oʻrgatadigan oʻquv kurslarining puli qimmatlik qildi. Juda tushkunlikka tushib qolgan edim. Bir kuni menga “Premium akademiy” oʻquv kursidan Sevara Soipova telefon qildi. “Tez yetib keling, sizni oʻzimiz bepul oʻqitamiz”, dedi. Goʻyo yelkamdan qanot oʻsib chiqqandek boʻldi. Onam bilan tezlikda oʻsha manzilga yetib bordik. Oʻqidim, ish oʻrgandim. Mana hozirgi kunda oʻtirgan joyimda bir nechta firmaga hisobchilik qilaman”
Sevara Soipovaning bu xayrli ishi bizni nihoyatda quvontirdi. Suhbatimiz avvalida u oʻzi boʻsh vaqtida yasagan zargarlik buyumlarini koʻz-koʻzladi.
– Jonimning rishtasi zargarlik buyumlaridagi qimmatbaho tolalarga bogʻlanganga oʻxshaydi, – deydi Sevara. – Ilk tadbirkorlik ishlarim zebu ziynat yasash bilan boshlangan. Aslida qurilish va milliy hunarmandlik kollejini bitirganman. Amaliyot oʻtagan joyda ishga olib qolishgan meni. Keyin turmushga chiqdim. Farzand tarbiyasi bilan uyda oʻtirgan chogʻimda “Men shunday ona boʻlayki, farzandlarim men bilan faxrlanishsin. Ularga barcha masalalarda hamkor va ham fikr boʻla olaman”, deb niyat qildim.
Pandemiya davrida Sevara ijtimoiy tarmoq orqali xalqaro biznes trener Ixtiyor Doʻstmetovning darslarini kuzatib istagiga yoʻl topgandek boʻldi. “Nega men harakat qilmasligim kerak. Albatta, oʻqishim va hayotimga mazmun kiritishim kerak!” deb ahd qildi. Hisobchilik kurslariga qatnay boshladi.
– Oʻqishga borgan kezlarim qoʻlimda noutbugim ham yoʻq edi. Boshida darslarni uncha tushunmadim. Boshqa hisobchilarning harakatlarini koʻrganimdan keyin esa tinimsiz intilgan odamgina maqsadga yetishini angladim...
Sevara olti oylik oʻqishdan soʻng nufuzli bir seminarda ishtirok etdi. Tanaffus chogʻida nozikkina bir ayolning, hatto, mashgʻulot paytida ham tinimsiz ishlab oʻtirganini koʻrib ajablandi. Sekin yoniga borib uni gapga soldi. “Siz ham hisobchimisiz? Hozir ham ishlab oʻtiribsizmi?” deb soʻraydi. “Ha, hisobchiman. Besh-oʻnta firmaning ishini olganman. Vaqtdan unumli foydalanmasam boʻlmaydi”, dedi. Uning gaplarini eshitib Sevaraning xayolida ham hayotning nurli ufqlari ochilgandek boʻldi.
– Endi oʻylab koʻring, uyda oʻtirgan ayol ham roʻzgʻor ishini qilib, bolasiga vaqt ajratib, ham bir korxonaning hisob-kitobini bajarsa... Oʻsha joyning oʻzida autsorsing ochsakmikan, degan taklifni hamkasblarimga aytganimda ular ham meni qoʻllab-quvvatlashdi...
Shu tarzda Sevara va uning atrofidagi hisobchilarning ishlari yurisha boshladi. Biroz vaqt oʻtgach yana bir yangi loyiha – “Premium akademiy” oʻquv markazini ochish taklifi oʻrtaga tashlandi. Hokimiyatdagilar bilan hamkorlikda Kambagʻallikni qisqartirish vazirligi bilan shartnoma ham imzolandi. Unga koʻra 50 nafardan ziyod ayol oʻquv markazini tamomladi. Shu kungacha qahramonimizning koʻmagi bilan oʻttizdan ziyod xotin-qiz ish bilan taʼminlandi.
– Shu kunlarda “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar bilan ham ish olib boryapmiz, – deydi Sevara. – Bir necha ayollarni oʻz sohamizga jalb qila oldik. Bir soʻz bilan aytganda, kunlarimiz qizgʻin oʻtyapti.
Qahramonimiz hozirda oʻquv markazlari yoʻnalishlarini kengaytirish istagida. Gulchilik, dizaynerlik va axborot texnologiyalari boʻyicha oʻquvlar tashkil qilishni niyat qilgan. Sevara bilan xayrlashar ekanmiz, goʻzal istaklari, ezgu maqsadlari bor bunday irodali insonning hayoti, albatta, ezguliklarga tutash boʻlishiga ishondik.
***
Yozgi taʼtilda biron-bir hunarning boshini tutsin, deya Nargizani dadasi guldastalar tayyorlab sotadigan xonadondagi gulchilarga shogirdlikka berdi. Oʻshanda qahramonimiz 15 yoshli navniholgina oʻsmir edi. Bir kuni maktabni bitirib gulchilikdagi ustozi Bahodir akaga turmushga chiqishi oʻshanda xayoliga ham kelmagan edi. Mana, bugun ularning 4 farzandi, chiroyli oilasi va “Bahor gullari” nomli elga mashhur kompaniyasi bor. Kompaniya ayni 1991-yilda, yurtimiz mustaqillikka erishgan yili tashkil topgan.
– Bilasizmi, har gal Bahodir aka atirgulni uzib guldasta tayyorlamoqchi boʻlganlarida yuragim titrar edi, – deydi Nargiza... – Qaniydi, shu gulni uzishmasa-da, koʻp vaqt koʻzlarimizni yashnatib tursa, derdim. U kishi gaplarimni eshitib baʼzida kular, baʼzida esa biroz oʻylanib qolar edi. Bir kuni “Mana koʻrasiz, endi gullarga ozor bermaymiz. Endi ularni ildizi bilan xaridorlarga uzatamiz”, dedilar.
Bugungi kunda “Bahor gullari”da yuzga yaqin manzarali daraxt koʻchatlari va gullar bor. Nargiza Usmonovadan faoliyatining ilk davrlari haqida soʻradik:
– Bir kuni bizga gullar olib keladigan hamkorimiz, “Nargiza, men hovli sotib oldim. Chiroyli landshaft dizayn qilib bezatib bersangiz, xursand boʻlardik”, deb iltimos qildi. Avvaliga menga ham, xoʻjayinimga ham bu taklif gʻalati tuyuldi. Hovlini olgan odam, gulini ham, daraxtini ham oʻzi ekib olsin-da, degan xayol oʻtdi koʻnglimizdan. Keyin, bu ham bir qiziqish-da, harakat qilib koʻraylik-chi dedik. Oʻzimiz yetishtirgan gul, daraxtlarni hovlining qayeriga oʻrnatsak chiroyli koʻrinish berarkin, deb rosa harakat qildik. Buyurtmachi ishimizni koʻrib xursand boʻldi. Ruhlanib ketdik. Va bu tajriba bizning yangi bosqichda ish boshlashimizga turki boʻldi.
2010-yildan boshlab “Bahor gullari” uch bosqichda xaridorlarga xizmat koʻrsata boshladi. Birinchi bosqichda kompaniya xaridorlarni koʻchatlar bilan taʼminlaydi. Ikkinchi bosqichda xonadonga borib landshaft dizayn usulida bezatib beradi va uchinchi bosqichda oʻsimlik va gullarning davomli parvarishi bilan shugʻullanadi. Ayni paytda ishchi va xodimlar malakasini oshirish ishlariga ham alohida ahamiyat berilayotir. Kuni kecha bir guruh mutaxassislar Moskva shahrida oʻtkazilayotgan koʻrgazmaga tajriba almashgani ketishdi. Shuningdek, kompaniyaning oʻzida haftada ikki marta trening tashkil qilinayotgani bu jozibali xizmat turining koʻlamliroq tus olishiga sabab boʻlmoqda.
“Bahor gullari”ning anvoyi gullari va noyob oʻsimliklari bugungi kunda qoʻshni mamlakatlarga eksport qilinmoqda. Kelgusida Markaziy Osiyo va Yevropa davlatlariga ham “Bahor gullari” oʻz xush boʻylari, xush roʻylari bilan kirib borish kutilmoqda.
Bir toʻp boʻlib ochilgan nafis va koʻrkam gullar oralab kezar ekanman, ona Oʻzbekistonimizning bir-biridan lobar, bir-biridan goʻzal va bilimli xotin-qizlari, kayvoni momolarini hamisha bir maqsad birlashtirib turishini his etdim.
Bu kechasi buyuk boʻlgan, bugun ham buyuklik balandliklariga shiddat bilan odimlayotgan yurt uchun yurakdan mehnat qilish, shu yurt uchun fidoyi farzandlarni kamolga yetkazishdek goʻzal bir maqsaddir. Ha ayol yuragidagi yurt ham ulkanlashibdi.
Atirgulni uzsangiz qalbi titraydigan nozik qalb sohibasi Nargizaxonim, jonajon mahallasi bolalarining barchasini bagʻriga bosguvchi shifokor Shafoatxon opa, kam taʼminlangan zamondoshlariga yordam qoʻlini choʻzgan Sevaraxon, mahalla murojaatlariga koʻmilib oʻz oilasi tashvishlarini unutgan Malikaxon kabi zahmatkash opa-singillarimizga yurtimiz mustaqilligining 32 yilligi muborak boʻlsin...
Munavvara USMONOVA,
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi