Unda mamlakatimizda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, sifat jihatidan takomillashtirish, tarbiyaviy chora-tadbirlarni yana-da kengaytirish boʻyicha boshqa sohalar qatori oliy taʼlim muassasalari uchun ham muhim vazifalar belgilandi.
Maʼnaviy-maʼrifiy sohadagi ishlar bugungi kun talabiga muvofiq emasligi, har bir sohada tarbiyaviy tadbirlar mazmunan eskirgani, yoshlar tarbiyasini mustahkamlash yoʻnalishidagi faoliyatni tanqidiy-tahlil qilgan holda amalga oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish va tasdiqlash choralarini koʻrish vazifasi yuklandi. Shuningdek, uzluksiz taʼlim tizimida maʼnaviy tarbiya asoslarini kuchaytirish lozimligi qayd etildi.
Davlatimiz rahbari telefonlar yoshlar hayotining ajralmas qismiga aylanganiga alohida eʼtibor qaratdi. «Bugun bolalarimizni maktab, ota-ona yoki institut emas, aksariyat holda qoʻlidagi telefon tarbiyalamoqda. Mobil telefon endi oddiy aloqa vositasi emas, koʻpincha yot mafkurani tarqatadigan qurolga aylanmoqda. Maʼnaviyatimizga mutlaqo begona boʻlgan zararli gʻoyalar chegarani buzmasdan, bildirmasdan xonadonimizga, jamiyatimizga kirib kelyapti. Soat sari emas, daqiqa sari kirib boryapti.
Bularning barchasi biz uchun ogohlik qoʻngʻirogʻi boʻlib yangrashi zarur», deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev.
Uzluksiz taʼlim tizimi jamiyatning maʼnaviy va intellektual salohiyatini kengaytiradi, davlatning ijtimoiy va ilmiy-texnikaviy taraqqiyotini takomillashtirish omili sifatida ishlab chiqarishning barqaror rivojlanishini taʼminlaydi. Mamlakatimizda insonlarni maʼnaviy va aqliy ehtiyojlarini qondirish va isteʼdodlarini roʻyobga chiqarishga taʼsirini aniqlashda taʼlimga ahamiyatli xususiyatlardan bir-biri bilan bogʻliq davlat, jamiyat va shaxs nuqtayi nazaridan qarash qabul qilingan. Ushbu xususiyatlarni bir-biridan farqlash va mohiyatiga yetish, taʼlimni rivojlantirishning strategik maqsadli yoʻnalishlarini shakllantirish imkonini beradi.
Shavkat Mirziyoyev yoshlar tarbiyasiga jiddiy eʼtibor qaratish zarurligiga qayta-qayta toʻxtalgan. “Xabaringiz bor, biz mamlakatimizdagi 10 mingdan ortiq maktabga taniqli adib va jurnalistlarni, maʼnaviyatchilarni ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchi sifatida biriktirdik. Ular maktabda maʼnaviy muhitni yaxshilash, oʻquvchilarning adabiyot, madaniyat va sanʼatga qiziqishini oshirish hamda ijodiy tafakkurini rivojlantirish orqali vatanparvarlik tuygʻularini tarbiyalash uchun masʼul boʻladi. Yana bir masala. Maktablarda 5-sinfdan boshlab yagona sinf rahbarini tayinlash amaliyotini yoʻlga qoʻyishimiz kerak. Bu oʻqituvchi 11-sinfga qadar bolalarning maʼnaviy tarbiyachisiga, ota-onasidek qadrdoniga aylanishi zarur”, deya urgʻu berdi Yurtboshimiz.
Aytish joiz, zamonaviy oʻzbek jamiyatida taʼlim-tarbiyani rivojlantirishning yangi davri boshlanmoqda. Milliy tarbiya tizimini shakllantirish, barcha sohalarda zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish va undan foydalanish, jahon axborot resurslaridan bahramand boʻlishni kengaytirishga mustahkam zamin yaratilgan. XXI asrda mamlakatning iqtisodiyoti, insonlar hayoti va jahon hamjamiyatidagi oʻrni axborot-texnologiyalarining rivojlanishi bilan bogʻliq boʻlib qolmoqda. Maʼlumki, fan va texnika jadal surʼatlar bilan rivojlanayotgan davrda ilmiy bilimlar, tushuncha va tasavvurlar hajmi keskin ortib borishi sezilarli darajada kundalik turmush tarziga aylanmoqda. Bu, bir tomondan, fan-texnika yangi soha va boʻlimlarining taraqqiy etishi tufayli uning differensiallashuvini taʼminlayotgan boʻlsa, ikkinchi tomondan, fanlar orasida integratsiya jarayonini vujudga keltirmoqda.
Har qanday jamiyatda axborot hamisha mamlakat taraqqiyotining koʻzgusi, kishilarning ongi, dunyoqarashi va siyosiy saviyasining shakllanishida asosiy vosita boʻlib xizmat qilib kelgan. Ushbu holat, ayniqsa, shiddatli kechayotgan hozirgi globallashuv zamonida har qachongidan koʻra keng quloch yoymoqda. Binobarin, kundalik hayotning birorta sohasini ommaviy axborot va kommunikatsiya vositalarisiz tasavvur qilib boʻlmaydi.
Yoshlarimiz ham kechagidek emas, fikrlashi va dunyoqarashi butunlay oʻzgacha. Shu maʼnoda, bugun oʻz oʻgʻil-qizlarimiz, talaba-yoshlarimizning ongu shuurini, tarbiyaviy ehtiyojlarini, dunyoqarashiga oid chanqogʻini faqat mobil telefon va internet tarmogʻidan qondirishining oldini olish, ular istagani kabi zamonaviy tarbiya kontentlari va maʼnaviy-maʼrifiy maydon yaratish ishlariga har bir ziyoli masʼuldir.
Zero, rivojlanayotgan mamlakatlarda axborot milliy resurs boʻlib, uni saqlash, rivojlantirish va undan oqilona foydalanish davlat ahamiyatiga molik vazifa ekanligi toʻla-toʻkis anglab yetilgan. Shunday qilib, hozirgi bosqichda jamiyatda axborot sohasini rivojlantirishga qaratilgan va nafaqat telekommunikatsiya vositalari, shu bilan birga axborot (ishchanlikka qaratilgan, tomoshabop va ilmiy-taʼlim yangiliklaridan xabardor boʻlish va h.k)ning turlarini yaratish, saqlash, ularning ustida ishlash va tarqatish bilan bogʻliq jarayonlar hamda munosabatlarning butun jamlamasini qamrab oladigan davlat siyosati shakllanib bormoqda.
Oʻzim bugungi kunda «Inson kapitali rivojlanish jarayonlarining etnosotsiologik tahlili» boʻyicha ilmiy tadqiqot olib boryapman. Tadqiqot davomida jamiyatimizda inson kapitalidan toʻgʻri foydalanish faqat bir tomonlama, yaʼni shaxsiy manfaat yoʻlida emas, balki jamiyat manfaatlari yoʻlida foydalanish zarurati, inson kapitalining tom maʼnodagi insoniy mohiyat kasb etishida maʼnaviyatning, yaʼni tarbiya omilining roli nechogʻli muhim ekanligini anglash kuchaydi.
Maʼlumki, jamiyat qanday boʻlsa, ijtimoiy munosabatlar majmui boʻlgan inson kapitali ham unga mos boʻladi. Inson kapitalining rivoji ham shaxsning ongi, odob-axloqi, maʼnaviyati, dunyoqarashi, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy munosabatlarga, ijtimoiy tuzum mohiyati va tabiatiga bevosita bogʻliqdir. Inson aql-idrok sohibi boʻlganligi bois real dunyodagi voqealarni tushunadi, ilmu tafakkuri, mehnati, salohiyati bilan dunyoni boshqaradi. Inson kapitalining yuksalishiga uni oʻrab turgan ijtimoiy muhitda roʻy berayotgan barcha voqealarning taʼsiri kuchlidir. Zamonaviy jamiyat rivojlanishining asosiy omili – taʼlim, sogʻliqni saqlash, professional ijodkorlik va axborot texnologiyalarning ilmiy hamda innovatsion taraqqiy etishi bilan yuzaga keladi.
Namangan davlat universitetida oʻquv va maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni yangi oʻquv yilidan boshlab xuddi shu tamoyil asosida faoliyat olib borish tashkil etilgan. Oliy oʻquv yurtimiz professor-oʻqituvchilari viloyat va respublika miqyosida oʻtkazilayotgan turli tadbirlar, tanlovlarda, konferensiyalarda munosib qatnashishmoqda. Shuningdek, Namangan tajribasi sifatida viloyatda kimyo va biologiya fanlari boʻyicha hamda viloyatning olis hududlaridagi umumiy oʻrta taʼlim maktablari otaliqqa olinib, universitetning kafedra filiallari samarali faoliyat yuritmoqda. Ayni saʼy-harakatlar zamirida yoshlar intellektual salohiyati, qobiliyat va isteʼdodlarini roʻyobga chiqarish hamda zamonaviy ilm-fan yutuqlarini oʻzlashtirib borishlari uchun xizmat qiladi.
Biz, yosh pedagog oʻqituvchilar ustozlar koʻmagida talaba-yoshlarimizni ilmiy tadqiqot faoliyatini olib borishga yoʻnaltirish, hayotiy pozitsiyasini belgilashda hamfikr boʻlish, nazariy dunyoqarashi rivojlanishi, fikrlash mustaqilligi, yuksak maʼnaviyatli mutaxassislar boʻlib yetishishlari uchun hissamizni qoʻshishga doimo izlanishdamiz.
Muhriddin SODIRJONOV,
Namangan davlat universiteti tayanch doktoranti.