Oilalarni saqlab qolishga har birimiz mas'ulmiz

    Insoniyat tarixida oila har bir shaxs hayotida hal qiluvchi o'rinni egallagan. Uning mustahkamligi jamiyat mustahkamligining garovidir.

    Shu bois oilaviy ajrimlar bugungi kunda dolzarb muammoga aylanib ulgurdi. Oila insonning suyanchi sanaluvchi muqaddas dargoh boʻlsada, baʼzi yosh juftliklar oʻz oilaviy munosabatlarini saqlab qola olmaydi. Muammolar yechimi sifatida ajrashish tanlanadi.

    Dunyo boʻyicha oilalarning ajrashish darajasi Hindiston (1 foiz), Chili (3 foiz), Turkiya (22 ) kabi davlatlarda eng past hisoblanadi, Lyuksemburg ajrashishlar boʻyicha eng yuqori oʻrinni egallagan, har 100 ta oilaning 87 tasi ajrashib ketadi.

    Hindistonda ajrashish darajasining pastligi, nikoh faqat ikki yoshning oʻrtasida emas balki ikki oila oʻrtasida rishtalarni vujudga keltirishi kimdir ajrashishni xohlasa ham oilaviy or-nomus, ota-ona hurmati sababli bu yoʻldan qaytishi bilan izohlanadi.

    Oʻzbekistonda 2020-yil davomida 296 934 ta nikoh qayd qilingan boʻlsa, ajrimlar soni 28 254 tani tashkil qilgan. Bu yangi tuzilgan har 10 oiladan bittasida ajrim roʻy berdi, degani. 2010-yilda ajrashishlar soni 17 794 tani tashkil qilgan, bundan koʻrinib turibdiki, oʻsish dinamikasi anchagina yuqori.

    Ajrashishning asosiy sabablari nimada?

    Xalqaro tashkilotlar, xususan BMT tomonidan har yili ajralishlarning global koeffitsiyenti berib boriladi. Mazkur maʼlumotlarga koʻra, nikohdan ajrashish statistikasi bir qator taʼsirchan omillar tufayli keskin oʻzgarib bormoqda. Dunyo boʻyicha ajrashishga juftliklarning oʻzaro mos kelmasligi, xiyonat, giyohvandlik/alkogolga qaramlik, moddiy yetishmovchilik hamda jismoniy/ruhiy zoʻravonlik katta taʼsir oʻtkazadi.

    Shuningdek, oʻzbek oilalarning ajralishlariga uchinchi shaxslarning aralashuvi, qaynona-kelin munosabatlari, farzandsizlik, yosh oilalarning oʻz uy-joyiga, daromad manbaiga ega emasligi kabi omillar ham katta taʼsirga ega.

    Odatda ajralishlarning sabablari har xil, baʼzilari juda ahamiyatsiz, boshqalari esa yoʻq. Ajrashmoqchi boʻlgan er-xotin uchun muhim boʻlgan narsa boshqa juftlik uchun ahamiyatsiz boʻlishi mumkin. Qanday sabab boʻlmasin ajrashish yoqimli holat emas, oila uchun ham jamiyat uchun ham zararlari koʻp.

    Qanday salbiy oqibatlari mavjud?

    Ajrashish bolalar uchun ayanchli kechadi. Koʻpgina bolalar oʻz fikrlariga koʻra ota-onalarining ajrashishlarida oʻzlarini ayblashadi, aybdorlik qaygʻuga sabab boʻladi. Ajrashish bolalar taʼlimiga salbiy taʼsir oʻtkazib, oʻquv jarayoni sustlashishiga yoki taʼlim olish imkoniyatlari uchun moddiy taʼminot cheklanishiga olib keladi.

    2011-yilda Wisconsin-Madison universiteti tomonidan oʻtkazilgan tadqiqotdar shuni koʻrsatdiki, ajrashgan ota-onalar farzandlari aksariyat holatlarda matematika va ijtimoiy koʻnikmalar boʻyicha sinfdoshlaridan ancha orqada qoladi.

    Oila dinamikasi va moliyaviy ahvolining sezilarli darajada oʻzgargani sababli, ajralgan oilalardan chiqqan bolalar boshqa bolalarga qaraganda jinoyatchilikka moyil boʻladi. Baʼzan bolalar oʻzlariga nisbatan ishonchsizlini his qiladi.

    2009-yilda Mishcon de Reya yuridik firmasi 20 yil davomida ajrashgan oilalarda yashagan 2 ming kishi oʻrtasida tadqiqot oʻtkazdi. Natijalarga koʻra ularning 42 foizi hayoti davomida turli tajovuzlarga guvoh boʻlganini, 49 foizi tushkunlikka tushgan ota-onalarini yupatishga, 24 foizi yolgʻon gapirishga majbur boʻlganligini aytgan. Buning oqibatida har ularning har 10 tasidan bittasi jinoyatchiga aylangan va 8 foizi oʻz joniga qasd qilgan.

    Ruhiy tushkunlik. Ajrashish eng avvalo, juftliklarning oʻzlariga salbiy taʼsir oʻtkazadi, ular hayotida ogʻriqli iz qoldiradi. Stress, xotiralar fojeaga aylanishi mumkin. Yolgʻizlik, turmushdagi past-balandliklarni yolgʻiz boshdan oʻtkazish har qanday jismoniy ogʻriqdan ham azobliroq boʻladi.

    Shu bilan birga, ajrashish bir necha turdagi his-tuygʻularni oila uchun birinchi oʻringa olib chiqadi. Yoʻqotish, gʻazab, chalkashlik, ishonchsizlik, xavotir, aslida bularning oʻrni mehr-muhabbat, kelajakka ishonch kabi tuygʻular bilan toʻldirilishi kerak boʻlgan. Ajrashish bolalarni haddan tashqari his qilishga va hissiyotlarga sezgir boʻlishga olib kelishi mumkin. Oiladagi boʻshliqni toʻldirish uchun tashqaridan mehr izlash natijasida bolalar turli “yomon yoʻllar”ga kirib qolish ehtimoli ham juda katta.

    General Social Surveys tomonidan oʻtkazilgan oʻrganish natijalariga koʻra, ajrashgan oilalarda tarbiyalangan bolalarning 28 foizi kelajakda turmush qura olmagan.

    Iqtisodiy zarar. Ajrashish oilalarning moddiy turmush tarziga salbiy taʼsir oʻtkazadi. Ikki shaxs oʻrtasida taqsimlangan roʻzgʻor bir kishi zimmasiga tushadi. Xalqaro miqyosda statistik maʼlumotlarga koʻra, ajrashgan har beshinchi ayol qashshoqlikka tushmoqda, har uchinchi ayol uy-joysiz qoladi. Aksariyat erkaklarning turmush darajasi 10-40 foizga pasayib ketadi. Bu holat oʻz navbatida jamiyat taraqqiyotiga ham oʻz taʼsirini oʻtkazadi va kambagʻallik oʻsishi, ijtimoiy yordamga muhtojlar koʻpayishiga sabab boʻladi.

    Bir uyda yashagan oilaning ajrashishi oqibatida, yana bitta uysiz odam koʻpayadi. Uni uy-joy bilan taʼminlash, boshqa moddiy ehtiyojlarini qondirish uchun davlatga ijtimoiy yuk ortadi.

    Baʼzida umuman moddiy yohtiyojlar qondirilmaydi. Bolalar tarbiyasi, ularning moddiy ehtiyojini qondirish darajasi boshqalarnikidan pastligi sabab, ular oʻzlarini xoʻrlangandek his qilishadi.

    Ajrashish mehnat unumdorligiga ham salbiy taʼsir oʻtkazadi. Ajrashayotgan ishchilar ishdan qochish, prezenteizm, stress, xavotir va sogʻliq muammolarini yuqori darajada his qiladi.

    Global Corporate Challenge tomonidan oʻtkazilgan tadqiqotlarga koʻra, prezenteizm – ishda qatnashish, lekin ishlamaslik – ish beruvchilar uchun oʻsha joy vakant boʻlganidagidan koʻra 10 baravar koʻp ziyon koʻrishga olib keladi.

    Shaxsning gʻayriijtimoiylashuvi. Oila shaxsning ruhiy xotirjamligi, jismoniy halovati, stresslarni bartaraf etish maskani sifatida, qolaversa, insonlararo munosabatlarni toʻgʻri yoʻlga qoʻyishi, yaratuvchanlik qobiliyatini rivojlantirish uchun muhim qadriyat.

    Inson oilam, bolam-chaqam deb yashab, ishlar ekan, oʻzini turli jinoyatlardan tiyishi, qobiliyati va imkoniyatini koʻpaytirishga intilishi, mehr-muruvvatliroq boʻlishi tayin. Bu esa, uning jamiyatda oʻz oʻrnini topishiga, jamiyatning ham ezgu niyatli insonlar bilan boyishiga olib keladi. Ajrimlarning koʻpayishi esa shaxslarning jamiyatdan begonalashuviga, daxldorlik tuygʻusining yoʻqolishiga olib keladi.

    Ajrimlarni kamaytirish uchun nima qilish kerak? Jamiyatimizda oilalarni saqlab qolish, ajrimlar sonini qisqartirish har qachongidan muhim ahamiyat kasb etmoqda.

    Avvalo, yosh oilalarni ish, uy-joy, real daromad bilan taʼminlash darajasini oshirish lozim. Bolalarni oilaviy munosabatlarga tayyorlashda diniy bilimni kuchaytirish, oila muqaddasligi gʻoyasini singdirish shart.

    Shuningdek, amaldagi qonunchilikka nikohdan fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlari orqali ham ajrashish mumkin. Oilalarni saqlab qolishga koʻmaklashish uchun mazkur tartibni bekor qilgan holda, har qanday ajrashishni sud tartibida amalga oshirishni joriy etish lozim.

    Yarashtiruv komissiyalari faoliyatini takomillashtirish, nizoli oilalar bilan doimiy ravishda aloqada boʻlishning yangi mexanizmlarini joriy etish, fuqarolarga har bir oila davlat muhofazasida ekanligini amalda his qildirish kerak.

    Zero, oilani asrab-avaylash, uning mustahkamligini taʼminlash, ajrashish arafasidagi oilalarni yarashtirish eng ezgu amallardan hisoblanadi.

    Sarvarbek FOZILJONOV,

    Fargʻona viloyat yuridik texnikumi

    2-bosqich oʻquvchisi.