O‘zbekiston va Xitoy turizm sektori vakillari ishtirokida biznes-forum bo‘lib o‘tdi

    Turizm 1 Avgust 2024 157

    Joriy yil 31-iyulda Toshkent shahrida joylashgan «International Hotel Tashkent» mehmonxonasida Xitoy Xalq Respublikasining turizm sektori vakillari ishtirokida biznes-forum bo‘lib o‘tdi.

    Mazkur forum O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini Xitoyda targ‘ib etish va O‘zbekiston-Xitoy turizm sanoati vakillari o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlashga bag‘ishlandi.

    Biznes-forum O‘zbekistonning «Travel Together» kompaniyasi va Xitoyning «Fei Jing Tourism» kompaniyalari tashabbusi bilan Turizm qo‘mitasi hamkorligida tashkil etildi. Unda O‘zbekiston va Xitoyning davlat va xususiy sektor vakillari, jumladan, hukumat vakillari, biznes rahbarlari va investorlar, shuningdek, ikki davlatning yetakchi mehmonxona brendlari va turizm kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.

    «O‘tgan yili Xitoy Xalq Respublikasidan O‘zbekistonga 45 mingga yaqin turistlar kirib kelgan, joriy yilda esa bu ko‘rsatkich bir necha karra ortishi kutilmoqda. Bunda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida turizm sohasida yo‘lga qo‘yilayotgan ikki tomonlama munosabatlarimiz ham alohida o‘rin tutadi. Xitoy davlatida yurtingizning tarixiy maskanlari, boy madaniy merosi va go‘zal tabiati bilan yaqindan tanishish maqsadida bo‘lganlar soni ortib borayotganligini qayd etishim lozim. Bu esa ikki tomonlama sayyohlar almashinuvida manfaatlidir», deb aytib o‘tdi «Fei Jing Tourism» kompaniyasi rahbari Vei Jey xonim.

    «Xitoydan O‘zbekistonga kirib keluvchi sayyohlar sonini keskin ko‘paytirish maqsadida yangi loyihalar ustida ish olib borayapmiz. O‘tgan yili «Travel Together» tomonidan 10 ming nafarga yaqin xitoyliklarning O‘zbekistonga sayohatlari tashkil etilgan edi. Shu qatorida mamlakatimiz aholisi uchun hamyonbop tur-paketlar ishlab chiqish va ularning sifatli sayohatlarini tashkil etish ustida ham ishlayapmiz. Yana bir bor ta’kidlayman: amalga oshirilayotgan ishlar mamlakatlar aholisining sifatli hordiq chiqarishlari uchun muhimdir. Bizning kompaniya bu borada yetarli tajribalar asosida faoliyat ko‘rsatadi. Sababi biz joriy yilning o‘zida «Long Air» aviakompaniyasi bilan hamkorlikda Xitoydan Toshkent va Samarqand shaharlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareyslarni yo‘lga qo‘ydik», deb ta'kidladi «Travel Together» kompaniyasi asoschisi Bobur Mirzaahmedov.

    Forum davomida O‘zbekiston va Xitoy tomonlari vakillari o‘rtasida B2B formatidagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi, unda ishtirokchilar turizm sohasining bugungi holatini muhokama qildilar, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlikning yangi imkoniyatlarini o‘rgandilar. Forum O‘zbekiston va Xitoy sayyohlik kompaniyalari o‘rtasida bir qator shartnoma va anglashuv memorandumlarini imzolash marosimi bilan yakunlandi.

    Ma’lumot uchun, Turizm qo‘mitasi delegatsiyasi joriy yil 19 – 25 yanvar kunlari Xitoyning Urumchi, Shanxay va Shenchjen shaharlarida tashkil etilgan ko‘rgazma va yarmarkalarda ishtirok etdi. Shuningdek, yil davomida o‘zida 500 milliondan ortiq obunachini jamlagan «Ctrip.com» onlayn sayohat-platformasida mamlakatimiz turizm imidji ilgari surib kelinyapti. Natijada joriy yilning shu davriga qadar mamlakatimizga Xitoydan kirib kelgan sayyohlar soni 30 ming nafardan oshdi, deb xabar beradi Turizm qo‘mitasi matbuot xizmati.