Olima ayol — millat tarbiyachisi

    BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2015-yil 22-dekabrda qabul qilingan “Taraqqiyot maqsadlaridagi fan, texnika va innovasiyalar” to‘g‘risida rezolyusiyada 11-fevral – Xalqaro ilm-fan sohasidagi xotin-qizlar kuni deb e’lon qilingan.

    Bugungi o‘zgarish va yangiliklarga boy kechayotgan davr barchamizning oldimizga yangi-yangi talablarni qo‘ymoqda. Eng muhimi ilm yo‘lini tanlagan xotin-qizlarimiz uchun o‘z imkoniyatlarini namoyon qilish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilmoqda. Ularni qo‘llab-quvvatlash davlatimizning taraqqiyot dasturlariga kiritilgan.

    Aytish lozim, har bir jamiyatning intellektual manzarasi haqida fikr yuritilganda, ilm-fanga munosabat, ilmiy g‘oyalar va tadqiqotlar, erishilgan ilmiy natijalar ko‘lami muhim ko‘rsatkich bo‘lib xizmat qiladi. Zotan, mamlakatimiz iqtisodiyotining yuksalishi ilm-fan rivojiga bog‘liq. Bu o‘z navbatida ilm-fan sohasida izlanishlar olib borayotgan xotin-qizlar zimmasiga ham alohida mas’uliyat yuklaydi. Olima ayollar tomonidan bajarilayotgan ilmiy tadqiqotlar, sanoat, qishloq xo‘jaligi, ijtimoiy-ma’rifiy va madaniy sohalarning rivojiga munosib hissa bo‘lib qo‘shilmoqda.

    BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2015-yil 22-dekabrda qabul qilingan “Taraqqiyot maqsadlaridagi fan, texnika va innovasiyalar” to‘g‘risida rezolyusiyada 11-fevral – Xalqaro ilm-fan sohasidagi xotin-qizlar kuni deb e’lon qilingan. Ushbu qaror ayollar va qizlarning ilm-fan bilan to‘laqonli foydalanishlariga teng sharoitlar yaratilishi, shuningdek xotin-qizlarning huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish maqsadiga qaratildi. Bunda belgilangan bosh g‘oyalar — Innovasiyalarni joriy etish; Namoyish qilish; Yuqoriga intilish; Rag‘batlantirish; Qo‘llab- quvvatlashga qaratilgan. 2016-yildan e’tiboran bu kun jahonda keng nishonlanib kelinmoqda.

    Bugungi kun jahonda xotin-qizlarning ilmiy tadqiqotlar olib borishdagi ishtiroki dunyo davlatlarida turli raqamlar bilan qayd etilmoqda. Masalan, YUNESKO Statistika instituti ma’lumotlarining 2020-yil holatiga ko‘ra, dunyoda fan bilan shug‘ullanayotgan olimalar ulushi 30 foizni (xususan, Boliviyada bu ko‘rsatkich 63%, Fransiyada 26%, Efiopiyada 8%ni) tashkil etadi. O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich 39%ga yaqinlashganligi quvonarli holat, albatta.

    Ushbu ko‘rsatkichlarning bo‘lishida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasida xizmat ko‘rsatayotgan olimalarning hissasi alohida ekanligini ta’kidlash zarur. Fanlar akademiyasining asosiy vazifasi fan va texnika sohasidagi davlat siyosatining amalga oshirilishini ta’minlash, davlat va jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi istiqbolli yo‘nalishlar bo‘yicha fundamental ilmiy tekshirish va ilg‘or texnologiyalarni rivojlantirish strategiyasini belgilash, tabiiy, texnikaviy, tibbiy, ijtimoiy-gumanitar fanlar sohasida jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va ma’naviy-ma’rifiy rivojiga ko‘maklashuvchi fundamental tadqiqotlar olib borishdan iborat.

    1943-yil 4-noyabrda tashkil etilgan O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tashkil topgan davrdan beri uning ilmiy tekshirish muassasalari xodimlarining soni, ilmiy tekshirish ishlarining ko‘lami va salmog‘i jihatidan katta tarixiy rivojlanish yo‘lini bosib o‘tdi.

    Akademiya tashkil topgan 1943-yili uning tarkibida 11 haqiqiy a’zosi, 18 muxbir a’zosi hamda 3 faxriy a’zosi bo‘lib, 10 ilmiy tekshirish institutini birlashtirgan, 210 ilmiy xodim, jumladan, 28 fan doktori va 80ga yaqin fan nomzodi ishlagan. Aytish lozim, xodimlar orasida ayollar juda ozchilikni tashkil etgan edi. O‘tgan tarixiy davr mobaynida Fanlar akademiyasi tarkibidagi ilmiy tadqiqot muassasalarida ilm-fan bilan shug‘ullanuvchi xotin-qizlar soni ortib bordi.

    Fanlar akademiyasi tizimida ilm bilan shug‘ullanayotgan xotin-qizlar faolligi oshib borayotganligini ko‘rsatmoqda. 2023-yil holati bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tizimida jami xodimlar soni 5337 nafar, shundan 2081 nafar ayol (38,9%), ilmiy xodimlar soni 2833 nafar, shundan 927 nafari ayollar(32,7%), jami fan doktorlari 490 nafar, shundan 109 nafari ayollar (22,2%), fan nomzodlari va PhD 831 nafar, shundan 265 nafari ayollar (31,8%) tashkil etdi.

    Shu bilan birga Fanlar akademiyasi tayanch doktoranturasi hamda doktoranturada tahsil olayotganlar orasida xotin-qizlarning soni ortayotganligi e’tiborga loyiq. Hozirda tayanch doktoranturada tahsil olayotganlarning umumiy soni 686 nafar — shundan 250 nafari ayollar (36,4%), doktoranturada (DSc) 88 nafar — shundan 25 nafarini ayollar (28,4%) tashkil etadi. Quvonarlisi shundaki, aniq va tabiiy fanlar yo‘nalishida izlanuvchi qizlarning ulushi oshib bormoqda.

    Fanlar akademiyasi boshqaruv apparatida 39% ayollar xizmat ko‘rsatadi. Tizimdagi mavjud 35ta ilmiy tashkilotning 4tasida ayol direktorlar (2ta akademik, 1ta fan doktori, professor, 1ta fan nomzodi) o‘z sohalari rivojida sidqidildan xizmat qilmoqda.

    2023-yil yanvar holatiga ko‘ra Fanlar akademiyasi akademiklari soni 65 nafar, shundan 5ta ayol akademik mamlakatimiz ilm-fani rivojiga samarali hissa qo‘shib kelmoqda. Qayd etish kerak, 2017-yil bo‘lib o‘tgan Fanlar akademiyasi akademik saylovlarida saylangan 32ta akademikning 3tasi (9,3%) ayollar bo‘ldi.

    Tarixga nazar solinsa, 1943-yildan 2017-yilga qadar saylangan 310 nafar Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zolari — akademiklarning faqat 20tasini xotin-qizlar tashkil etgan. Ularning 9 nafari tabiiy, 8 nafari ijtimoiy-gumanitar, 3 nafari aniq fanlar yo‘nalishidadir. Ammo, akademik ayollar soni yuqorida qayd etilgan umumiy ko‘rsatkichga nisbatan 6,45%ni tashkil etadi.

    Akademik ayollarimizning hayot yo‘li ilm-fan bilan shug‘ullanayotgan xotin-qizlar uchun haqiqiy ibrat maktabidir. Bu esa o‘z navbatida Fanlar akademiyasi haqiqiy a’zoligiga bo‘ladigan saylovlarda ilm-fanda o‘z ilmiy maktabini yaratgan, yuqori natijalarga erishayotgan xotin-qizlar ishtirokini ko‘paytirishni taqozo etayotganligini ko‘rsatmoqda.

    So‘nggi besh yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi olimalarining 29ta turli darajadagi davlat mukofotlari bilan taqdirlanganliklari e’tiborga molik. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tizimida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash masalalari bo‘yicha bir qator tizimli ishlar amalga oshirilib kelinayotganligini alohida ta’kidlash zarur.

    XX asr boshlarida millat ma’rifatparvari Abdulla Avloniy: “Qizlar bilim olishga hammadan ko‘proq intilishlari lozim, zero, bu bilimlar bilan ular kelajak avlodni tarbiyalaydilar”, — deb yozgan edi. Darhaqiqat, bu masalani hal etmasdan taraqqiyotni tasavvur etish qiyin. Bugungi kunda o‘zbek olimalari ayollik maqomini tadqiqotchilik, yetakchilik, ustozlik faoliyati bilan uyg‘unlashtira olgan zamonamizning haqiqiy qahramonlaridir.

    Nodira Mustafayeva,

    tarix fanlari doktori, professor,

    O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi

    Ijtimoiy-gumanitar fanlar bo‘limi rahbari