Olimlar bunday kasalliklarni an'anaviy miya jarrohligisiz davolash usulini topishdi. Materialda aytilishicha, miya anevrizmasi jiddiy xavf tug'diradi, bu kasallik har yili 500 mingga yaqin odamning o'limiga sabab bo'ladi. Jarrohlikning muqobili sifatida mutaxassislar nanorobotlardan foydalanishni taklif qilishdi.
Ular ishlab chiqqan nanorobotlarning o'lchami bor-yo'g'i 295 nanometr yoki odam qizil qon hujayralarining yigirmadan bir qismiga teng. Taqqoslash uchun: virusning o'lchami 100 nanometr, aksariyat bakteriyalar 1000 nanometr. Robotlar magnit yadroga ega va ular anevrizmalarni davolash uchun ishlatiladigan trombin bilan qoplangan, deb xabar beradi lenta.ru.
Nanorobotlarning arteriya bo'ylab harakatlanishi magnit maydon yordamida boshqariladi. Muayyan haroratda ularning qobig'i yo'qoladi va preparat miyaga kiradi. Olimlarning ta'kidlashicha, quyonlarda o'tkazilgan testlarda terapevtik qon quyqalari miyadagi umumiy qon oqimiga to'sqinlik qilmadi.
“Nanorobotlar tibbiyotda yangi chegaralarni ochib beradi, bu bizga an'anaviy davolash usullaridan ko'ra kamroq xavf bilan operatsiyalarni bajarishga va dori-darmonlarni tananing yetib borishi qiyin bo'lgan qismlariga yuqori aniqlik bilan yetkazib berishga imkon beradi”, dedi doktor Si Chjou.