Qaror bilan Respublika oliy taʼlim muassasalarining professor-oʻqituvchilari va boshqa toifadagi xodimlarini byudjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan moddiy ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Unga koʻra, oliy taʼlim muassasalarining professor-oʻqituvchilari va boshqa toifadagi xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish pul mukofotlari koʻrinishida, shuningdek, mehnat faoliyatida yuqori ijodiy va ishlab chiqarishdagi erishgan yutuqlari uchun oliy taʼlim muassasasi rahbariyati tomonidan asosiy ish haqiga ustama va qoʻshimcha haqlar belgilash orqali byudjetdan tashqari mablagʻlar hisobiga amalga oshiriladi.
Pul mukofotlari, ustamalar va qoʻshimcha haqlar miqdori har bir xodimning oliy taʼlim muassasasi faoliyati samaradorligi va natijadorligini oshirishga qoʻshgan shaxsiy hissasiga qarab belgilanadi.
Toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlarning 30 foizdan koʻp boʻlmagan qismi taʼlim muassasasining professor-oʻqituvchilar tarkibi va boshqa toifadagi xodimlarini moddiy ragʻbatlantirishga sarflanishi mumkin. Bunda moddiy ragʻbatlantirish bilan bogʻliq xarajatlar oliy taʼlim muassasasining moliyaviy imkoniyatlaridan kelib chiqib, birlamchi xarajatlarni qoplaganidan soʻng amalga oshiriladi.
Shuningdek, qaror bilan kunduzgi taʼlim shakli boʻyicha bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklariga qarab bir oʻqituvchiga toʻgʻri keladigan talabalar soni nisbatining cheklangan normativlari
2009/2010 oʻquv yilidan boshlab – 1:10,5;
2019/2020 oʻquv yilidan boshlab – 1:12,0;
2020/2021 oʻquv yilidan boshlab – 1:14,0;
2021/2022 oʻquv yilidan boshlab – 1:16,0 nisbatda belgilanib, oliy taʼlim muassasasi kengashlariga zarur hollarda, mazkur nisbatlarni 50 foizgacha oʻzgartirish vakolati berildi.