Oltiariq uzumlari mazasi va oʻziga xos xususiyatlari bilan dovruq qozongan

    Agrosektor 9 Iyul 2021 2980

    Joriy yil 7-iyulda Prezidentimiz raisligida oʻtkazilgan uzum yetishtirish, uni sanoat usulida qayta ishlashni rivojlantirish hamda hududlarda enoturizmni yoʻlga qoʻyish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilishida uzumchilik sohasini yana-da kengaytirish borasida bir qator islohotlar amalga oshirilishi aytib oʻtildi.

    – Uzumchilik bu – xalqimizning asrlar davomidagi milliy dehqonchilik madaniyati, qadriyati, gʻururi va daromad manbai hisoblanadi. Uzum xalqimizning turmush tarzi va urf-odatlari bilan bevosita bogʻlanib ketgan. Har bir koʻchada, xonadonda tok boʻlgan. Xusayni, toyfi, rizamat ota, kelinbarmoq va kishmish kabi uzumlarimizning dovrugʻi uzoq-uzoqlargacha tanilgan, – deya taʼkidladi Yurtboshimiz.

    Bugungi kunda yurtimizda fermer xoʻjaliklari tomonidan 90 ming gektar maydonda uzum yetishtirilmoqda. Bu tarmoqda 900 ming aholi doimiy va mavsumiy ish bilan band.

    Uzumchilikning iqtisodiy samaradorligi ham, ijtimoiy ahamiyati ham katta. Masalan, 1 gektar xoʻraki uzum yetishtirish uchun oʻrtacha 100 million soʻm xarajat qilib, 4 yildan keyin yiliga 250 million soʻm sof foyda olish mumkin. Shuningdek, uzum danagidan olinadigan yogʻ ham jahon bozorida yuqori baholanishi ham ushbu yigʻilishda alohida eʼtirof etildi.

    Misol uchun, oʻtgan yili Oltiariq tumanida gʻalla maydonlari qisqartirilib, 2 ming gektar yerda yirik uzumzorlar barpo etilgan edi. Ularda tumandagi 5 ming nafar aholi doimiy ish bilan taʼminlandi.

    Eng asosiysi, buning evaziga qoʻshimcha 60 ming tonna uzum yetishtirilib, uning eksporti keyingi yilda qariyb 100 million dollarga, toʻliq hosilga kirgandan keyin esa yiliga 200 million dollarga yetadi.

    OʻzLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qoʻmitasi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari Aktam Hayitov bugun Oltiariq tumanida boʻlib uzumchilik sohasida olib borilayotgan islohotlar bilan tanishdi, mirishkor dehqonlar bilan suhbatlashdi.

    Tumanning Chinortagi mahallasi 94-uyda istiqomat qiluvchi Numonjon hoji ota Nizomov 85 yoshda. Otaxon umri davomida qishloq xoʻjaligi sohasida hisobchi boʻlib faoliyat yuritdi. Shu bilan birga, dehqonchilik ilmini ham oʻrgandi. Hozirda 10 sotixdan ortiqroq tomorqasida sarxil uzumlar yetishtirilmoqda. Har yili dehqonchilikdan moʻmay daromad orttiradigan otaxon 7 nafar farzandini yurt koriga yaraydigan insonlar etib elga qoʻshdi.

    — Oltiariqliklar yerni eʼzozlashadi. Uzumchilik bizga ota kasb, shu bilan birga, serdaromad soha. Biz faqat uzumdan olinadigan daromadga qarab qolmaymiz. Uzum pishgunicha tagida bodring, pomidor, baqlajon va qalampir kabi mahsulotlarni yetishtiramiz, – deydi Numonjon hoji ota Nizomov.

    Ha, Oʻzbekiston Xalq shoiri Anvar Obidjon taʼkidlaganidek, oltiariqliklar ish bilgich xalqdir. Bunga shu koʻchada istiqomat qiluvchi, Oltiariqda mashhur uzumchilardan biri Husanboy Gʻofurov xonadonida ham guvoh boʻlish mumkin.

    H.Gʻofurovning tomorqasida bir qarich boʻsh joy topa olmaysiz. Tomorqa uzum bogʻ bilan koʻzni quvontirsa, uzumlar orasidan tanasi tepaga qarab intilib, soʻritok tepasida hosil berayotgan olmayu kivi va boshqa mevali daraxtlardan ham yaxshigina hosil olinmoqda. Ana bunisi esa haqiqiy innovatsion usuldir. Yaxshigina bogʻbon deya eʼtirof etiluchi Husanboy aka xonadonida yil 12 oy uzum saqlanadi. Hozirda “Chilgi”, “Charos”, «Rizamat ota» kabi uzumlar pishib yetilgan boʻlsada, oʻtgan yilgi hosildan saqlangan shu kabi uzumlar bir hafta oldin sotib tugatildi. Dehqonning taʼkidlashicha, uzumni saqlash yoʻllari borasida uzoq yillar izlanishlar olib borildi hamda buning uddasidan chiqildi. Uzumlar yil davomida tabiiy holatda saqlanmoqda.

    Aktam Hayitov mirishkorlar bilan suhbatlasharkan, bu tajribalarni mamlakatimiz boʻylab yoyish lozimligiga alohida urgʻu berdi. Shu kunlarda Oltiariq respublikamizning yuzlab dehqonlariga oʻz bagʻrini ochadi. Boisi tumanning uzumchilik sohasini yurtimiz boʻylab ommalashtirish, yangi navlarni yaratish va innovatsion usullarni hayotga tatbiq etish borasida kuni-kecha Yurtboshimiz tomonidan oʻtkazilgan yigʻilishda topshiriq berilgan edi. Ha, Oltiariq bugun tillorang va mazasi tilni yoradigan uzumlari bilan butun dunyoga maʼlumu mashhur boʻlmoqda. Bunda Davlatimiz rahbari tomonidan tomorqachilarga yaratilayotgan qulay sharoitlar bosh omil boʻlib xizmat qilmoqda. Endilikda ushbu tuman tajribasi yurtimiz boʻylab ommalashadi va ushbu soha yana taraqqiy etadi.

    Shohsulton Toʻxtamatov,

    jurnalist.