Ombudsmanga Prezident va Vazirlar Mahkamasiga “maxsus maʼruza” taqdim etish huquqi berilmoqda

    Shuningdek, Ombudsman lavozimiga nomzodga qoʻyiladigan talablar soddalashtirilib, ayrim (oliy maʼlumot, tajribaga ega boʻlish) talablar bekor qilinmoqda.

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqildi.

    Taʼkidlanganidek, mazkur qonun loyihasi bilan Ombudsman faoliyatining institutsional asoslarini takomillashtirib, uning inson huquq va erkinliklariga rioya etilishini taʼminlash borasidagi vakolatlarini kengaytirishga qaratilgan mutlaqo yangi huquq, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga, shuningdek Vazirlar Mahkamasiga “maxsus maʼruza” taqdim etish huquqi belgilab qoʻyilmoqda.

    Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlarini bajarilishi yuzasidan “muqobil maʼruza” tayyorlashi hamda tegishli halqaro tashkilotlarga taqdim etish mumkinligi belgilanmoqda.

    Shu bilan birga, Ombudsman lavozimiga nomzodga qoʻyiladigan talablar soddalashtirilib, ayrim talablar (yuksak axloqiy sifatlarga, oliy maʼlumotga, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida zarur tajribaga ega boʻlgan) bekor qilinmoqda. Qolaversa, Ombudsman taʼsir choralarining turlariga aniqlik kiritilgan holda, (ogohlantirish, taqdimnoma, iltimosnoma va talabnoma) alohida bobda, har bir taʼsir chorasi alohida-alohida moddada aks ettirilyapti.

    Majlisda mazkur qonun loyihasini ikkinchi oʻqishga tayorlash jarayonida masʼul qoʻmita tomonidan ishchi guruh aʼzolari, huquqshunoslar, deputatlar ishtirokida bir qator yigʻilishlar, seminarlar oʻtkazilgani qayd etildi. Ularda berilgan takliflar chuqur tahlil qilingani, ularning salmoqli qismi loyiha matnida aks ettirilgani va qonun loyihasi har tomonlama pishiq-puxta holatga keltirilgani taʼkidlandi.

    Qonun loyihasi bilan Inson huquqlari boʻyicha vakil (ombudsman) institutining inson huquqlari boʻyicha milliy institut sifatidagi ahamiyati oshirilib, sohaga oid huquqlari yanada kengaytirilmoqda. Xususan, Ombudsman faoliyatida inson huquqlari boʻyicha milliy institutlar, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani), Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan hamkorligi aniqlashtirilmoqda.

    Deputatlarning taʼkidlashicha, qonun loyihasining qabul qilinishi Inson huquqlari boʻyicha vakil (ombudsman) institutining inson huquqlari boʻyicha milliy institut sifatidagi ahamiyatining oshishiga, uning huquqlari kengaytirilishiga va majburiyatlari aniqlashtirilishiga xizmat qiladi.

    Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.