Shundagina tilning, millatning nufuzi oshadi. Til tarixini, uning meʼyoriy nuqtayi nazardan shakllanish jarayonini, rivojlanishini xalq tarixidan ayri holda oʻrganib boʻlmaydi. Chunki unda millat oʻtmishi, asriy qadriyatlari, madaniyati ifodalanadi. Shu bois Mahmud Koshgʻariy “Devonu lugʻotit turk” asarida “Erdam boshi tildir”, yaʼni “Barcha fazilatlar, ezguliklar tildan boshlanadi”, deb taʼkidlaydi.

Buyuk alloma Alixontoʻra Sogʻuniy oʻzining “Turkiston qaygʻusi” kitobida shunday yozgan edi: “Odam oʻzligini unutmasligi uchun uch narsani qoʻldan boy bermasligi kerak: Vatanini, dinini va tilini...”

Bu soʻzlar zamirida ayni haqiqat zohir. Aynan shu bois 1989-yil 21-oktyabrda oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berildi. Bu mustaqillikka tashlangan ilk qadamlardan biri boʻldi. Istiqlolga erishgach, Bosh Qomusimizda davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlandi. Ushbu sana mamlakatimiz, yurtdoshlarimiz hayotidagi unutilmas, tarixiy voqeaga aylandi. Soʻnggi yillarida barcha sohalarda boʻlgani kabi tilimiz taraqqiyotida ham muhim oʻzgarishlar yuz bermoqda. Oʻzbek tilining xalqaro miqyosda obroʻyi oshib, faol muloqot vositasiga aylanib bormoqda.

Prezidentimiz “Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonunining 30 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarorida “Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzlik va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, mamlakatimizning siyosiy-ijtimoiy, maʼnaviy-maʼrifiy taraqqiyotida gʻoyat muhim oʻrin egallab kelayotgan buyuk qadriyat”, ekanini alohida taʼkidlab oʻtgandi. Darhaqiqat, ona tilimizni kelgusi avlodlarga maʼnaviy boylik sifatida sof holda yetkazish uchun esa yoshlarni ona tiliga hurmat ruhida tarbiyalashimiz lozim.

Zero, davlatimiz rahbarining “Dunyo hamjamiyatidan munosib oʻrin egallashni maqsad qilib qoʻygan har qaysi davlat avvalo, oʻz xalqining milliy tili va madaniyatini asrab-avaylashga, rivojlantirishga intiladi”, degan xitoblarida ayni shu ezgu maqsad mushtarakdir. Ayniqsa, Prezidentimizning BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida ilk marta oʻzbek tilida nutq soʻzlashlari ona tilimizning nufuzi va mavqeini yana-da oshirishga xizmat qildi desak yanglishmagan boʻlamiz.

Islohotlar izchil davom etib, 2019-yilning 4-oktyabrda “Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni qabul qilinganining oʻttiz yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi Qaror hamda 21-oktyabr sanasida “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmon qabul qilindi. Farmonga binoan 21-oktyabr sanasi yurtimizda “Oʻzbek tili bayrami kuni” deb eʼlon qilindi. Mazkur bayram – ona tilimizni sharaflash, uning qaddini va qadrini yana-da yuksaltirishga xizmat qilishi kerak. Chunki...

Mana shu yerda oʻzbek tili rivoji va sofligiga toʻsiq boʻlayotgan muammolardan biri yuzaga chiqadi. Taraqqiyot, globallashuv sabab respublikamizning deyarli har bir koʻchasida zamonaviy turarjoy, savdo komplekslari, xizmat koʻrsatish shaxobchalari qad koʻtardi. Rivojlanish oʻz yoʻliga, ammo aksariyatining nomlanishi ajnabiy tilda ekani achinarli hol. “Beauty Salon”, “Dark hall”, “Mы otkrыlis”, “Korzinka”, “Tal Pich”, “Turы v Dubay” kabi xorijiy nomlarni koʻrib, chet elda yurgandek his qilasiz. Bu kabi holat zamona zaylidir, biroq “Rayhon”, “Yalpiz”, “Novvot”, “Chopar” kabi restoranlar, “Samarqand darvoza”, “Navroʻz” kabi oʻzbekcha va qulogʻimizga tanish nomlar bilan atalgan koʻngilochar savdo majmualarining bozori “oʻlgani yoʻq-ku”!

Afsuski, muayyan omillar natijasida bugun yoshlarimizda ona tili va adabiyotimizni oʻrganishga mehr va ishtiyoq sustlashdi. Savodxonlik darajasi ham koʻngilni xira qiladi. Bu millat taraqqiyoti uchun ulkan fojia. Chunki qaysi yurtning farzandlari oʻz ona tillarida oʻqishni toʻxtatsa, oʻsha til yoʻqlik qaʼriga singadi. Uni yot taʼsirlardan saqlash yurt kelajagini belgilaydi. Shunday ekan, ona tilimizning xalqaro miqyosdagi obroʻ-eʼtiborini yuksaltirish, milliy va umumbashariy tushunchalar asosida taraqqiy etgan tillar safiga qoʻshishda har birimiz tilimizga chuqur hurmat bilan yondashishimiz kerak.

Shu oʻrinda maʼrifatparvar bobomiz, oʻz davrida oʻnga yaqin dunyoviy tillarni puxta oʻrgangan olim Isʼhoqxon Ibratning quyidagi fikrlari eʼtiborga molik: “Bizning yoshlar albatta boshqa tilni bilish uchun saʼy-harakat qilsinlar, lekin avval oʻz ona tilini koʻzlariga toʻtiyo qilib, ehtirom koʻrsatsinlar. Zero, oʻz tiliga sadoqat – bu vataniy ishdir”.

Ulugʻbek AMINOV,

Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish,

davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari

boʻyicha maslahatchisi