Onado‘lidagi gladiatorlarning izlari haqida nimalar ma’lum?

    Turizm 28 Noyabr 2024 141

    Bugungi kunda Turkiya Onado‘lidagi gladiatorlarning izlari mavjud qadimiy shaharlar bilan o‘ralgan bo‘lib, ushbu shaharlarda turli xil gladiatorlar jangi o‘tkazilgan stadionlar, teatrlar va jangchilar tasvirlangan asarlarni uchratish mumkin.

    2024 yil “Turk arxeologiyasining oltin davri” deb e‘lon qilinishi munosabati bilan davom etayotgan qazishmalar gladiatorlar haqida ko‘proq ma’lumot bermoqda.

    Efes: Barchasi shu yerdan boshlanadi

    Efes - Gladiatorlar jangiga mezbonlik qilgan Onado‘lidagi ilk shaharlardan biridir. Efesda gladiatorlar jangi oldidan surnaylar chalinar va bayramona muhit hukmronlik qilardi. Gladiatorlarning izlarini bugungi kunda YUNESKO merosi ro‘yxatiga kiritilgan Efesdagi teatr va stadion xarobalarida ko‘rish mumkin. Ushbu inshootlarning devorlarini gladiatorlar graffiti (o‘yib ishlangan surat) bezatib turadi va Izmirdagi Efes muzeyida moy chiroqlari va gladiator tasvirlari tushirilgan qabr toshlari kabi buyumlar saqlanadi. Efes Tajriba Muzeyi Efesning kundalik hayotini bevosita boshdan kechirishni istagan sarguzashtsevarlar uchun hamisha ochiq. Qolaversa, Turkiyaning “Tungi muzeylar” loyihasi tufayli yoz oylarida odamlar Efesni sehrli chiroqlari ostida yarim tungacha ziyorat qilishlari mumkin.

    Hierapolis: Qoidalar o‘rnatilgan joy

    Denizlidagi Pamukkale travertinlari bilan YuNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Hierapolis bugungi kunda yaxshi saqlanib qolgan xarobalari bilan e’tiborga molikdir. Hierapolis tarix davomida o‘zining shifobaxsh termal suvlari bilan tanilgan, shuningdek, Hierapolis muzeyida gladiatorlar janglarining tasviri va ular haqidagi yozuvlar namoyish etiladi. Ikkita yozuvda shahardagi o‘yinlar qoida bo‘yicha va hakamlar nazorati ostida o‘tkaziganligi bayon qilingan va bu o‘sha yerda doimiy gladiatorlar tashkiloti mavjudligidan dalolat beradi.

    Stratonikeia: Gladiatorlar o‘qitilgan joy

    Mug‘laning qadimiy shahri bo‘lgan Stratonikeia uchun sport har doim shunchalik muhim ediki, ular hatto antik davrning eng katta gimnaziyasini ham qurdilar. Bu gladiatorlar o‘qitilgan, o‘yinlar tashkil etilgan va nafaqaga chiqqandan keyin hayotlarini o‘tkazadigan markaz edi. Shu bois, Stratonikeia butun asrlar davomida “gladiatorlar shahri” sifatida tanilgan. Dunyoning eng yirik marmar shaharlaridan biri hisoblangan ushbu shaharda arxeologlar tomonidan topilgan gladiatorlarning qabrlari va qabr toshlari namoyish etiladi.

    Afrodisias: Olomon gladiatorlarni olqishlagan joy

    Aydindagi Afrodisias shahri Turkiyadagi YUNESKO merosi ro‘yxatiga kiritilgan obyektlardan biri bo‘lib, marmar karerlari, tajribali haykaltaroshlari va nafis marmar haykallari bilan mashhur. Shuningdek, shahar stadioni ham qadimiy muhandislik mo‘jizasi bo‘lib, dunyodagi eng yaxshi saqlanib qolgan Rim stadionlaridan biri hisoblanadi. 30 000 tomoshabinni sig‘dira oladigan bu ulkan inshoot gladiatorlarning hayajonli musobaqalari o‘tkaziladigan joy edi. U yerda olomonning quvnoq aks sadolari ostida qator-qator tosh o‘rindiqlari bo‘ylab yurib, qadimgi o‘yinlarning zavqini his qilish o‘zgachadir. Bu yerda gladiatorlarning arenaga kirib-chiqadigan tunnellari ham saqlanib qolgan.

    Kibira: Bir paytlar gladiatorlar kezgan joy

    Kibira (Kibyra) Rim tsivilizatsiyasining eng muhim shaharlaridan biri va bu gladiator janglari kabi Rim hayotiga mos o‘yin-kulgi, sayr-tomoshalarning markazi edi. Shaharga kiraverishda stadion joylashgan bo‘lib, u gladiatorlarning epik musobaqalariga mezbonlik qilgan deb taxmin qilinadi. Shuning uchun, Kibira shahri ham Stratonikeia singari “gladiatorlar shahri” sifatida tanilgan. Qadim zamonlardan beri eng keng qamrovli gladiator frizlari (devor peshtoqidagi naqshli tasvirlar) kolleksiyasi ham Kibirada topilgan.