Onalar va bolalar oʻrtasida kasalliklar keskin kamayadi

    Salomatlik 16 May 2022 2413

    Shu paytgacha tuman (shahar)larda bolalar poliklinikasi mavjud emasligi sababli bemor bolalar ambulator tizimni chetlab, toʻgʻridan-toʻgʻri viloyat hamda respublika shifoxonalariga murojaat qilishga majbur edi.

    Jumladan, Samarqand viloyati bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markaziga 2020-yilda 187 mingga yaqin murojaat boʻlgan boʻlsa, 2021-yilda bu koʻrsatkich 276 mingdan oshgan. Namangan viloyati bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazida ham murojaatlar soni 2020-yildagi 68,5 mingtadan 2021-yilda 87,4 mingtaga yetgan. Bunday holatlarni Toshkent va Buxoro viloyatlari misolida ham koʻrishimiz mumkin.

    Shuningdek, mavjud bolalar shifoxonalari respirator va boshqa yuqumli kasalliklar avj olgan davrlarda 100 foizgacha qoʻshimcha bosim bilan ishlayotgani ham sir emas.

    Ayniqsa, mavsumiy nafas yoʻllari kasalliklari koʻpaygan vaqtlarda tegishli koyka-¬oʻrinlar yetishmasligi oqibatida bemor bolalar sanitariya talablariga zid ravishda yordamchi xonalarga joylashtirilar edi.

    — Yaqinda Prezidentimiz tomonidan imzolangan “2022-2026-yillarda onalik va bolalikni muhofaza qilishni kuchaytirish toʻgʻrisida”gi qarorga muvofiq, endi shu yil 1-maydan tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalari va Toshkent shahar oilaviy poliklinikalarida bolalar boʻlimi tashkil etilib, uning tarkibida pediatriya yoʻnalishidagi barcha mutaxassislar faoliyat yuritadi,— deydi Sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari Elmira Basitxanova.

    Vazir oʻrinbosarining taʼkidlashicha, hujjatga binoan, tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarida bolalar anesteziologiya-reanimatsiya boʻlimlari hamda tunu kun shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatuvchi pediatriya postlari tashkil etilishi ham bolalar salomatligi hamda hayotini asrash borasida muhim qadam boʻldi.

    — Bolalar kasalliklarini tashxislashda hududlardagi laborator tekshiruvlarning haqqoniyligi va aniqligi ustidan tashqi sifat nazorati oʻrnatilmagan, shuningdek, tekshiruvlar xalqaro standartlarga mos kelmasdi, — deydi E.Basitxanova. — Boz ustiga, oʻgʻil-qizlar oʻrtasida nogironlikka olib keluvchi kasalliklarni erta aniqlashda maxsus genetik tekshiruvlarni oʻtkazish uchun yetarli sharoit boʻlmagan.

    Endi bu muammo ham barham topadi. Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida jajji bemorlarda irsiy-genetik, shu jumladan, orfan kasalliklarni erta tashxislash boʻyicha Referens laboratoriya va hududlarda uning 17 ta mintaqaviy laboratoriyasi tashkil etiladi.

    Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar beradi.

    Maʼlumot uchun: Shu paytgacha yurtimizdagi 227 ta tugʻruq muassasasi zamonaviy tibbiy uskunalar bilan yetarli darajada taʼminlanmagani, mavjudlari maʼnan eskirgani sababli oxirgi 10 yilda onalar va goʻdaklar oʻlimining intensiv koʻrsatkichi deyarli oʻzgarishsiz qolayotgan edi.