Dengizning qurigan qismida 5,5 million gektar maydonni egallagan yaxlit tuz sahrolari paydo boʻldi. Ulardan qum boʻronlari orqali tonnalab chang va zaharli tuzlar atmosferaga tarqalmoqda. Mintaqadagi nafaqat ov baliqlarining nodir turlari, balki oq qarqara, oqqush, gepard, yoʻlbars kabi qushlar va yovvoyi hayvonlar ham yoʻq boʻlib ketdi.
Bunday ekologik halokat millionlab insonlarning hayoti va salomatligiga zararli taʼsir koʻrsatmoqda. Bu dengiz atrofidagi aholi orasida nafas olish, koʻz kasalliklari, sil kasalligi, saraton kasalliklarining ortganida ham yaqqol namoyon boʻldi. Qoraqalpogʻiston Respublikasida bolalar oʻlimi Oʻzbekiston boʻyicha oʻrtacha koʻrsatgichdan ancha yuqoriligi Orol fojiasining ogʻir oqibatlaridan yana biridir.
Prezidentimiz BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqida bu borada oʻtkir va dolzarb xalqaro tashabbuslarni ilgari surgan edi. Davlatimiz rahbarining “Biz Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi, deb eʼlon qilish haqida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilishni taklif etamiz. Ushbu muhim hujjat tasdiqlangan sanani esa Xalqaro ekologik tizimlarni himoya qilish va tiklash kuni sifatida nishonlash maqsadga muvofiq boʻlardi”, deya ilgari surgan takliflari BMT va xalqaro jamoatchilik tomonidan qizgʻin kutib olingandi.
Joriy yil 18-may kuni boʻlib oʻtgan BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasining navbatdagi yalpi majlisida Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirish toʻgʻrisidagi hujjat BMTga aʼzo barcha davlatlar tomonidan bir ovozdan maʼqullangani Oʻzbekiston Orol muammosi oqibatlarini bartaraf qilish va mavjud xavf-xatarlarning oldini olish borasida muhim tadbirlarni amalga oshirayotgani va bu borada toʻgʻri yoʻldan borayotganini anglatadi.
Binobarin, mazkur rezolyutsiya asosida Orol dengizining qurigan tubida oʻrmon melioratsiyasi usullarini barqaror qoʻllash yoʻli bilan choʻllanishning oldini olish, bu boradagi hamkorlikni yana-da kuchaytirish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni ragʻbatlantirish hamda iqlim oʻzgarishiga moslashish, ekoturizmni rivojlantirish va boshqa tadbirlar amalga oshiriladi. Hududda yashayotgan aholida tushkunlik kayfiyati yuzaga kelishiga yoʻl qoʻymaslik, ularga munosib hayot kechirishi, oʻz biznesini rivojlantirishi, yangi ish oʻrinlari hamda daromad manbalari bilan taʼminlanishi uchun barcha imkoniyatlar yaratib berilmoqda.
Orolboʻyi aholisi uchun zarur hayot darajasini taʼminlab berish haqiqatan, muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, ekologik vaziyatni barqarorlashtirish boʻyicha barcha chora-tadbirlarni qabul qilish, Orolboʻyi hududidagi vaziyatning yana-da yomonlashuviga imkon qadar yoʻl qoʻymaslik harakatida davlatimiz tomonidan katta ishlar amalga oshirilyapti. Oʻzbekiston bu oʻzgarishlarga qarshi turish uchun tinimsiz ishlamoqda. 2 million gektar maydonda yangi landshaft, oʻrmonzorlar va tuproq qatlamini shakllantirish ishlari shular jumlasidandir.
Orolboʻyi hududida milliy dasturlar amalga oshirilib, unga koʻra “yashil” va smart texnologiyalarni joriy qilish, iqtisodiy rivojlanishni taʼminlash, yangi ish oʻrinlari yaratish, Orolboʻyi aholisi muhtoj boʻlgan yoʻnalishlarda sogʻliqni saqlash tizimini yaxshilash boʻyicha 1,5 milliard AQSH dollariga teng koʻplab loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda.
Joʻqorgʻi Kengesning 2020-yil oktyabr oyida boʻlib oʻtgan sessiyasida Prezidentimiz Orol dengizi muammolarining salbiy taʼsirini yumshatishga yoʻnaltirilgan Qoraqalpogʻiston Respublikasini rivojlantirishning 10 ta ustuvor yoʻnalishlarini belgilab berdi. Ular orasida parlament nazoratini kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratilgan. Shu sababli Oliy Majlis Senatida Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari qoʻmitasi faoliyat yurita boshladi.
Bugun hududda amalga oshirilayotgan ishlarni sanab oxiriga yetish qiyin. Oʻtgan vaqt ichida bu darajada katta ishlar qilinadi, deb hech kim oʻylamagandi. Buning natijasini odamlar ishli boʻlayotgani, roʻzgʻoriga baraka kirayotgani, aholining hayotga munosabati oʻzgarib borayotgani misolida koʻrib turibmiz. Zero, Orol inqirozining atrof-muhit va bu yerda yashayotgan millionlab aholi hayotiga halokatli taʼsirini kamaytirish bugungi kunning eng muhim vazifasidir.
Mubolagʻasiz aytish mumkinki, BMT tomonidan yuqoridagi rezolyutsiyaning qabul qilinishi davlatimiz rahbarining Orolboʻyi mintaqasidagi oʻtkir muammolarni hal qilishga doir izchil ishlarining mantiqiy natijasi boʻldi. Unda Bosh Assambleyasining Orolboʻyi mintaqasidagi ekologik, ijtimoiy, iqtisodiy va demografik vaziyatni yaxshilashga qaratilgan mintaqaviy tadbirlar va tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlashi maʼlum qilinadi.
Rezolyutsiyaning yana bir oʻziga xos jihati — Orolboʻyi Bosh Assambleya ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi maqomini bergan birinchi mintaqa boʻlganidir. Undan oʻrin olgan dolzarb vazifalar ijrosi esa Orolboʻyi hududlaridagi ekologik vaziyatni yumshatishi muqarrar.
Inchinun, ushbu tashabbus yuqori texnologik innovatsiyalarni, ekologik toza, energiya va suv tejamkor texnologiyalarni hududning xalq xoʻjaligiga tatbiq etishga investitsiyalarni jalb qilish uchun qulay shart-sharoit yaratishga xizmat qiladi. Eng muhimi, yashil iqtisodiyotga bosqichma-bosqich oʻtish, tuproq degradatsiyasi va choʻllanishning oldini olish, ekoturizmni rivojlantirish bilan bogʻliq masalalarni hal etish uchun “Yoʻl xaritasi” vazifasini bajaradi.
Xulosa shuki, mazkur rezolyutsiya Orolboʻyi hududida ekologik toza texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy qilish uchun xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, “yashil” iqtisodiyot tamoyillari, energiya va suvni tejaydigan texnologiyalarni kompleks joriy etish va boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirishda umumiy saʼy-harakatlarni birlashtirishda tegishli asos boʻlib xizmat qiladi. Shu jihatdan Oʻzbekistonning ushbu hududda barqaror rivojlanishni taʼminlashga qaratilgan barcha tashabbuslari BMT tomonidan toʻla qoʻllab-quvvatlanmoqda, deb baralla ayta olamiz.
Aktam HAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik
palatasi Spikeri oʻrinbosari