O'rta Chirchiqda tadbirkor oilalar ko'paymoqda

    Buyurtmalar viloyatdagi ichki bozorlardan tortib, respublika bo'ylab yetkazib beriladi.

    Yurtimizda hududlarni ma'lum sohaga ixtisoslashtirish ishlari boshlanganidan so'ng ko'plab mahallalarda oilaviy tadbirkorlar soni ortib boryapti. Qaysidir tuman dehqonchilikda, yana biri pillachilik, boshqasi kasanachilikda ilg'or hududga aylanib, aholi "bir mahalla — bir mahsulot" tamoyili asosida daromad topa boshladi.

    Serdaromad yo'nalishlar avval xonadonlar, keyin mahalla, tuman kesimida ixtisoslashib, yangi tizim — hududlar drayveriga aylanib boryapti. Biz yo'l olgan O'rta Chirchiq tumanida ham qator mahallalar aynan bir yo'nalishdagi faoliyati bilan tanilib ulgurgan.

    Toshkent viloyatining poytaxtimizdan uncha uzoq bo'lmagan bu tumanida ko'pchilik oilaviy tadbirkorlik bilan shug'ullanadi. Viloyat statistika boshqarmasi ma'lumotlariga ko'ra, 2022-yilning 1-mart holatiga tuman-shaharlarda jami 5 ming 5 ta oilaviy korxonalar ro'yxatdan o'tgan bo'lsa, hududlar kesimida eng yuqori ko'rsatkich O'rta Chirchiq tumani hissasiga to'g'ri kelyapti. Unda oilaviy korxonalar soni 554 tani tashkil etmoqda.

    Tuman hokimligi iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish bo'imi boshlig'i o'rinbosari Mahmudxo'ja Po'latov bizni birinchi bo'lib savatchilar mahallasiga boshladi. Mahalla haqida avval ham ko'p eshitganmiz. Aytishlaricha, deyarli har bir xonadonda 7 yoshdan 70 yoshgacha — bari savat to'qiydi. Bu yerda 367 ta xonadon bo'lsa, yuzdan oshig'i savatchilikni oilaviy tadbirkorlikka aylantirgan ekan. Aytgandek, savatchilar mahallasi, degan nom tildan-tilga o'tib, xalq orasida ommalashgan. Mahallaning haqiqiy nomi esa “Burgalik”. Ochig'i, mahalla nomini eshitib, biroz taajublanganimiz bois, savatchilar xonadoniga kirishdan oldin, bu so'zning ma'nosini bilishga qiziqdik.

    — Asli, tarixda mahallaning nomi “Birgalik” bo'lgan. Bu yerlar 3 ta buloq birlashgan joy bo'lgani bois, shunday atalgan, — deydi “Burgalik” MFY rais o'rinbosari Sanobar Xaydarova. — Ammo Sovet tuzumi davrida “i” harfi “u” ga o'zgarib, shu tariqa “Burgalik” bo'lib ketgan.

    Asosiy xomashyo — tol novdasi

    Mahallaning nomini avvalgi holiga o'zgartirish kerak ekan, degan o'y bilan Hamida Karimberdieva xonadonlariga kirib bordik. Bizni ochiq yuz bilan kutib olgan onaxon mahalladagi eng qo'li gul savatchilardan. Salkam 15 yildan beri turmush o'rtog'i, 2 nafar o'g'li bilan savat to'qiydi. Oxirgi yillarda ularning yoniga kelinlari, nabiralari ham qo'shilgan. Hammasi turli sohalarda ishlaydi. Hamida ayaning o'zlari ham 31 yildan buyon tug'ruqxonada doyalik qiladilar. Oilaning daromadi yomon emas. Ammo savatchilikni ham tashlab qo'yishmaydi. Oila vakillari bo'sh qoldi, deguncha savat to'qiydi. Necha yillik hunarning zavqi, hatto, biroz og'ir mehnati onaxon bilan birga, uning farzandlarini ham o'ziga tortaveradi. Qolaversa, shu mehnat ortidan oilaga qo'shimcha daromad kirib turibdi.

    — Mahalla, qo'ni-qo'shni qilayotgan ishni ko'rib, odamda havas, qiziqish uyg'onar ekanda, — deydi onaxon. — O'g'illarim kichikligida mahalladoshlarimizdan shu hunarni o'rganib, birinchi o'zlari quruq mevalar uchun kichkina tarelkachalar to'qishgan. Savatlarni birgalashib bozorga olib chiqib, sotganmiz. Xaridorlar yana buyurtmalar bergach, katta-katta savatlarni ham to'qiy boshladik. Keyin bu oilaviy tadbirkorlikka aylanib ketdi. Allohga shukur, daromadimiz yomon emas. Har bir ishda bo'lgani kabi savatchilikda ham o'ziga yarasha qiyinchiliklari bor, ammo halol mehnatimiz ortidan birovdan kam bo'lmay yashayapmiz.

    Xonadonda turli xil hajmdagi savatlarga ko'zimiz tushdi. Non, meva-cheva, parfyumeriya va boshqa mahsulotlar solishga mo'ljallangan bu savatlarning narxi ham turlicha — 25 mingdan 80—100 ming so'mgacha boradi. Bunday savatlar, ayniqsa, to'y-tantana, katta bayramlar oldidan juda xaridorgir bo'ladi.

    Savatlar asosan izgrid o'simligi, Amerika toli va o'zimizning oddiy toldan to'qilar ekan. Bitta kichkina savat uchun 40—50 ta tol novdasi kerak bo'ladi. Avval, tol novdalari qaynatilib, nam holida savatning taglik qismi to'qiladi. So'ng usti ko'tarilib, savatga bo'yoq bilan rang beriladi. Hamida ayaning aytishlaricha, 2-3 kunda 20—30 ta savat tayyor bo'ladi. Mahsulotlar ichki bozorlardan tashqari, Qozog'iston, Tojikistonga eksport qilinyapti.

    — Savatlar asosan Amerika tolidan to'qilishining sababi bor, — deydi Hamida aya. — U boshqa tol novdalariga qaraganda mustahkam, mayin, egiluvchan bo'lgani bois, to'qilishi juda oson. Bunday savatlar uncha-bunchaga sinmaydi, sifati yaxshi chiqadi. Yana bir tomoni, tolning rangi tabiiy jigarrang bo'lgani uchun, bo'yashga ham hojat bo'lmaydi. Shunga yarasha, bu xomashyo boshqa tollarga qaraganda qimmatroq. Donasini 300—400 so'mdan sotib olamiz. Hovlida o'stirish esa ancha arzonga tushadi. Bahorda ekilgan tol ko'chatini bir yilda bir yoki ikki martta o'rib olish mumkin. Ammo bizda bu tol ko'chati ko'p tayyorlanmaydi. Novdalarni Yangiyo'ldagi plantatsiyalardan olib kelamiz — transportga ham qo'shimcha mablag' sarflanadi.

    Shuning uchun savatchilar mahalla hududidan Amerika toli yetishtirish uchun yer ajratilishini so'rab, hokimiyatga murojaat qilishgan. Hozir O'rmon xo'jaligi erlari hisobidan 3 gektar yer ajratilib, fuqarolar o'rtasida shartnomalar imzolanmoqda. Talabgorlarga 20 sotixdan bo'lib berilyapti. Kelgusida ushbu yer maydonini 10 gektarga yetkazish ko'zda tutilgan. Plantatsiyalar tashkil etilsa, yanada yaxshi, shunda savatchilar xomashyo uchun uzoqlarga borib yurmaydi.

    Hamida aya esa faoliyatini kengaytirish maqsadida kredit olish harakatida. Ayol istasa hunarmand, istasa oilaviy tadbirkorlik uchun kredit olishi mumkin. Axir, Prezidentimizning 2021-yil 21-dekabrdagi “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va aholining daromad manbaini kengaytirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori bilan aholiga qo'shimcha imtiyozlar berilmoqda. Xususan, tadbirkorlik tashabbusiga ega jismoniy shaxslarga har bir mahallaga biriktirilgan hokim yordamchisining tavsiyalari asosida 33 million so'mgacha bo'lgan miqdorda 14 foiz stavkada 3 yilgacha muddatgacha kredit ajratiladi.

    Yana bir ahamiyatli jihati, joriy yil 1-martdan boshlab kreditlarni to'liq raqamlashgan holda Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlarining yagona elektron platformasi orqali ajratishni yo'lga qo'yish belgilangan. Bunda kredit olish uchun arizalar barcha bosqichda onlayn tarzda ko'rib chiqiladi va har bir bosqichda qabul qilingan qaror to'g'risida Yagona elektron platforma orqali ma'lumot berib boriladi. Bu tizimda shaffoflikni ta'minlab, aholining onlayn jarayonlardan xabardor bo'lib turishini ta'minlaydi.

    Mahsulot o'zimizniki!

    Ustoz-shogird an'analari asosida rivojlanayotgan savatchilar mahallasidan chiqib, keyingi manzilga yo'l oldik. Aytishlaricha, tumanda hunarmandlar ko'p bo'lgani bois, aksar mahallalarda oilalar shu yo'nalishda tadbirkorlikni yo'lga qo'ygan.

    — O'rta Chirchiq tumanida 57 ta mahalla bor, — deydi tuman hokimligi iqtisod bo'limi boshlig'i Mahmudxo'ja Po'latov. — Ulardagi 28 221 xonadonda 133 ming fuqaro yashab kelyapti. Aholi orasida tadbirkorlikka qiziqish yuqori. 2017-2018-yillarda 851 ta kichik biznes subyektlari ro'yxatdan o'tgan bo'lsa, bugungi kunda ularning soni 2 775 tani tashkil etyapti. Ya'ni, ko'rsatkich oxirgi besh yilda 3 barobarga oshgan. Albatta, ularning faoliyatini qo'llab-quvvatlab, kreditlar olishlarida ko'maklashib kelyapmiz. Birgina “Har bir oila — tadbirkor” davlat dasturi doirasida o'tgan yili 1 927 ta fuqaroga 44 563 million so'm bank kreditlari ajratildi.

    Tumanning “Bunyodkor” mahallasida ham qo'li gul hunarmandlar yashaydi. Ko'p xonadonlarda hajmli va shaklli qoliplarda quyilgan buyumlar yasalar ekan. Uy bezaklarida ishlatiladigan suvinerlardan tortib, gul vaza, turli buyumlarning xilma-xilini shu erdan topish mumkin.

    Xonadonlardan birining eshigini taqillatdik. eshik ochilib, ust-boshi oppoq ohakka belangan Nilufar opa Payziyeva chiqib keldi. Xonadon sohibasi bizni ko'rib, hijolat tortdida, ichkariga kiyimlarini almashtirish uchun kirib ketdi. Biz esa ularning turmush o'rtoqlari chorlagan tomon yo'l oldik. Ichkarida ish qizg'in. Tashqari sovuq bo'lishiga qaramay, xonadon egalari har doimgi ishlari — kimdir gips tayyorlab, qolipga solish, kimdir buyumlarni kleylash, kimdir pechda quritish, kimdir kraskada bo'yab, bezak berish yoki tayyor mahsulotni qadoqlash bilan ovora. Xullas, kichkinagina xonadonda hammaning o'z burchagi bor.

    Nilufar opa bundan 4-5 yil oldin uy bekasi edi. Turmush o'rtog'i va katta o'g'li oilaga daromad bo'lsin, deya bir necha yil xorijda ishlab qaytdi. Ammo o'zga yurtda ishlashning o'zi bo'lmaydi. Yaqinlar sog'inchi, musofirchilik odamni qiynab yuboradi. Shu bois, ayolning 18 yoshga to'lgan o'g'li mahalladagi ustalarga shogird tushib, mazkur hunarni o'rgandi. Qo'shnilarga havas qilib, o'zlari ham oilaviy ish boshlashdi. Asta-sekin ish joylarini ham kengaytirib borishyapti.

    — Daromadimiz yaxshi, bankrotlik, degan narsalar bo'lmadi, — deydi Nilufar opa. — Buning sababi tinimsiz mehnatda. Bir ishning boshini tutgan odam uni oxirigacha olib borsa, shu yo'nalishda yangilik yaratsa, hecham kam bo'lmaydi. Oilamiz bilan mehnat qilamiz, kelinim ham yordamlashadi. Hatto, mahalladagi 10 dan ortiq xotin-qizlar, yoshlarni ishga jalb qilganmiz. Har biri kuniga kamida 60-70 ming so'm pul ishlab ketadi.

    Xonadon sexidagi mahsulotlarni ko'rib, ko'zingiz qamashadi. Gipsdan yasalgan buyumlar bo'yash ishlaridan keyin yanada jilolanadi. Qizig'i, bozorlarda ko'rib, Xitoydan olib kelinadi, deb o'ylaydiganim bu buyumlar o'zimizda, O'rta Chirchiq tumanidagi hunarmandlar mahallasida ham tayyorlanar ekan.

    Chindan, mahsulotlarning ko'rinishi, sifati xorijnikidan sira qolishmaydi. Shuning uchunmi, xaridorlar ham talaygina. Buyurtmalar viloyatdagi ichki bozorlardan tortib, respublika bo'ylab yetkazib beriladi. O'tgan yili oilaning so'roviga asosan gazel` mashinasi uchun 5 yil muddatga imtiyozli avtokredit ajratilgan.

    Xonadon egalari bir xil turdagi mahsulotlar bilan cheklanib qolmaydi. Nilufar opaning kichik o'g'li chet davlatdan turli buyumlarni olib keladi. So'ng ularning qoliplari tayyorlanib, shu asosida mahsulotlar ishlab chiqariladi. Albatta, ishning o'ziga yarasha mashaqqati ham bor. Hajmli va shaklli qoliplarda quyilgan buyumlarni quritish, bo'yash ozmuncha vaqt talab qilmaydi. Bitta mahsulot salkam bir haftada tayyor bo'ladi.

    Ammo Nilufar opaga qarab ishning qiyinchiliklarini tasavvur qilish qiyin. Samimiy, xushchaqchaq ayol ishni zavq-shavq bilan bajaradi. Har bir bosqichda o'zi bosh-qosh bo'lib, yosh shogirdlarga o'rgatib turadi. Ulardan eng avvalo, sifatni talab qiladi. “Sifat yaxshi bo'lsa, mahsulot hech qachon erda qolmaydi”, deydi u.

    Hunarmandlikni oilaviy tadbirkorlikka aylantirish ikki karra daromad, degani. Hunarmandlar uyushmasi O'rta Chirchiq tumani va Nurafshon shahar bo'limlari rahbari Sayyora Norboevaning aytishicha, onlayn platforma orqali bitta hunarmandning yillik daromadi hisoblanganda, 300 million so'mdan oshgan. Oilaviy tadbirkorlikda bir vaqtning o'zida bir necha kishi shu ish bilan shug'ullanishini hisobga olsak, daromad yanada yuqori chiqishi tabiiy. Eng asosiysi, oilaviy tadbirkorlik ortidan odamlarning bandligi ta'minlanib, hududlarning iqtisodiy salohiyati o'sib boryapti. Ishbilarmonlikning yangi yo'nalishlari rivojlanib, qator sohalarda ishlab chiqarish, eksport ko'rsatkichlari oshmoqda.

    Qorasuv markazi — yangi drayverlardan

    O'rta Chirchiq tumanidagi Qorasuv mahallasini ko'pchilik mebel` markazi sifatida yaxshi biladi. Asosiy ko'chaning ikki tomonida qatorlashib turgan mebel do'konlarining barida o'zimizning mahsulotlar sotiladi. Mahalliy tadbirkorlarimiz ishlab chiqarayotgan mebellar ham sifat, ham dizayn borasida xorijniki bilan teng raqobatlashmoqda. Asosiysi, hamyonbop narxlardan xaridorlar mamnun.

    Ammo 2015-yilda hozirgi gavjum markazdan asar ham yo'q edi. Ishsiz qolib, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida faoliyatini boshlagan Rahmon Otaqulov o'sha kezlari bu erda ilk mebel` do'konini ochdi. Mahalliy ishlab chiqaruvchilardan mebel olib, do'konda sota boshladi. U vaqtda o'zimizning mebellarga xaridor topish ham oson emasdi. Asta-sekin bozorni o'rgangan Rahmon aka o'zi oladigan mahsulotlar sifatidan ko'ngli to'lmadi. Axir, mebelchilik yurtimiz sharoitida so'nggi yillardagina rivojlanayotgan yo'nalishlardan sanaladi. Yaqin vaqtgacha bu boradagi yutuqlarimiz bilan maqtana olmasdik.

    Shundan so'ng tadbirkor garov ta'minoti evaziga 250 million so'm bank krediti olib, mebel` ishlab chiqarish tsexi ochdi. “Qorasuv mebel savdo” oilaviy korxonasiga asos solgach, ishiga yanda baraka kirdi. Farzandlari bilan shu ishning boshini mahkam tutgan qahramonimiz bugungi kunda bir nechta mebel` do'koniga rahbarlik qilmoqda.

    Do'konda xaridorlar ko'p. Mijoz bu yerdan istalgan tur va rangdagi mebelni topishi mumkin. Yotoqxona komplektlari xonadon ko'rinishida jihozlangan alohida xonalarga joylashtirilgan. Bu xaridorda mebelning qaysi rangi va dizayni uyiga mos kelishini tasavvur qilish imkonini beradi. Do'konnig pastki qavatlarida esa oshxona, alohida yotoq mebellari, stol-stullar joylashtirilgan. Maqtagan bo'lmaylikku, lekin o'zimizda shunday sifatli mebellar ishlab chiqarilayotganidan ochig'i, g'ururlandik.

    — Mana shu mebellarning bari ishlab chiqarish sexida tayyorlanadi, — deydi Rahmon aka. — Jami 120 xildagi mebellar chiqarilib, xaridorlarga etkazilmoqda. Zavodda 50 nafardan ortiq kishining doimiy bandligi ta'minlangan bo'lsa, mebellarni tashish, yig'ish, o'rnatib berish ishlariga yana 10 nafardan ortiq yoshlar jalb qilinadi. Ish haqi kunlik, jarayonning og'ir-yengilligiga qarab to'lanadi.

    Mebelbop yog'och materiallari asosan Rossiyadan olib kelinadi. Boisi, bizda mustahkam yog'och manbai bo'lgan pavlovniya va boshqa daraxtlar plantatsiyalari endi ko'paymoqda. Ulardan yog'och materiallari olinguncha bir qancha vaqt zarur. Ammo yaqin yillarda bu boradagi talabni qoplash imkoniyatimiz vujudga keladi.

    Sexda xomashyo kelib tushganidan tayyor mebelga aylanguniga qadar qirqish, bo'yash, quritish, laklash, bezatish jarayonlaridan o'tib, so'ng qadoqlanadi. Tadbirkor mebel` xilini ko'paytirishdan ko'ra, mavjudlarining sifati, dizaynini takomillashtirib borishni afzal ko'radi. Ularning dizayni ustida asosan o'zi ishlaydi. Jarayonda, avvalo, bozorni o'rganadi, urf bo'layotgan dizayn va rang asosida o'zimizning yurtimiz sharoiti, aholi talabiga mos mahsulotni ishlab chiqaradi.

    Zavodda mahsulotlar talab asosida ishlab chiqariladi. Mavsum vaqtida oyiga 500—600 ta mebel komplekti tayyorlanadi. Yaqinda bu hajm bir necha barobarga oshishi kutilyapti. Boisi, Rahmon aka oilaviy tadbirkorlikni kengaytirib, investitsiya qiymati 2 million dollarlik loyihani ishga tushirish arafasida. Buning uchun bankdan oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida 14 foiz stavkada 2 milliard so'm kredit olgan.

    — Bugunga qadar 3 marotaba imtiyozli kredit oldim va har biri ishimni kengaytirishimda katta yordam bo'ldi, — deydi tadbirkor. — Aprel oylarida yangi mebel zavodini ishga tushirishni rejalashtiryapmiz. 2019-yilda auksion orqali 2 gektar yer sotib olgan edik. Hozir qurilish jarayoni tugallanib, Xitoydan olib kelingan eng zamonaviy mebel ishlab chiqarish uskunalarini o'rnatish ishlari ketyapti. Yangi texnologiyaning o'zi quritadigan, gul soladigan qo'shimcha funksiyalari bor. Bu ish hajmini oshirib, yangi quvvatlarni yaratadi. Mahsulotlarimizni nafaqat ichki bozor, balki Qozog'iston, Tojikistonga eksport qilish imkonini beradi. Asosiysi, zavod ishga tushgach, yana 150 kishining bandligi ta'minlanadi.

    Yangi zavodning alohida qismida mahsulotlar ko'rgazmasi ham tashkil etilgan. Hamkorlar bilan muzokaralar uchun katta ofis, mehmonlar uchun yotoqxonalar ajratilgan. Ular jahon standartlari asosida qurilib, eng zamonaviy mebellar bilan jihozlangan. Xullas, zavodda xizmat ko'rsatish sifati ham a'lo darajada.

    Iroda TOSHMATOVA,

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri